Farg‘ona viloyat, Rishton tuman bosh imom-xatibi Muhammadnabi Oripov Ramazongacha tumandagi masjidlar ta’miri uchun aholidan ehson va sadaqa pullarini yig‘ish talabi bilan imomlarga bosim o‘tkazar ekan, fahsh so‘zlarni ishlatdi, pul yig‘ish jarayonini jimoga o‘xshatdi.
Bunday iddao Ozodlikka Telegram orqali bog‘langan Rishtondagi masjidlardan birining xodimi tomonidan yangradi.
Muhammadnabi Oripov Ozodlik savollariga javob berarkan, majlisda imomlar ishini tanqid qilganini tan oldi, biroq "so‘kinmagan bo‘lishim kerak", dedi.
"Birov "g‘iring" desa, enasinikiga tiqaman"
Ismi sir qolish sharti bilan Ozodlikka Telegram orqali bog‘langan masjid xodimi o‘z so‘zining isboti sifatida Muhammadnabi Oripov raisligida bo‘lib o‘tgan "majlisda yozib olingan audioni" yo‘lladi.
Audioda majlisga raislik qilayotgani tushuniladigan shaxsning to‘planganlarga qo‘pol muomalada bo‘layotgani va haqoratli so‘zlarni ishlatayotganini anglash mumkin.
Rishtonlik faollardan ikki nafari audiodagi ovoz Rishton imom-xatibi Muhammadnabi Oripovning ovoziga o‘xshash ekanini aytdi.
Ozodlik muxbiri bilan Telegram orqali yozishgan Rishtondagi masjidlardan biri xodimining ma’lum qilishicha, Muhamadnabi Oripov raislik qilgan majlis 12 aprelda Rishtonning Oq yer qishlog‘idagi "Qalandarxona" masjidida tumandagi masjidlar imomlari, noiblari va mutavallilari ishtirokida bo‘lib o‘tgan.
Audioda ovozi Muhammadnabi Oripovniki ekani ishonilgan shaxs majlis ishtirokchilaridan Ramazon boshlangunga qadar ehson va sadaqa pullarini yig‘ib olishni talab qiladi:
- Ramazonga harakatlaringni qilinglar. Qaerdan pul topsalaring, topinglar, meni qiziqtirmaydi. B...d o‘zingizcha u yo‘q, bu yo‘q qilmasdan, nima qilavering. Yuz foiz vakolat berayapman. Mana bular mening qo‘limni ham qo‘yaveradi, - deydi ovoz egasi.
U majlis ishtirokchilarini masjidlar ta’miri uchun ehson va sadaqa yig‘ish ishlari qanday olib borilayotgani bo‘yicha birma-bir tergaydi va topshiriqqa rioya qilmaganlarni jazolash bilan tahdid qiladi:
- Menga qara, hammangga taalluqli! Onasini emsin, yig‘ hammasini. Shuni qilib qo‘yinglar, oyliklaringni olaveringlar. Birov “g‘iring” desa, enasinikiga tiqaman. Poshyol. Men erkakcha gapiraveraman, - deydi audioyozuvdagi ovoz egasi.
"Qalandarxona" masjidi ichkarisida bo‘lib o‘tgan yig‘inda ovoz egasi-majlis raisi ochiqcha fahsh so‘zlarni ishlatadi:
- E menga birov isbotlab berolmaydi. (Ozodik izohi: Shu o‘rinda imom xayriya to‘plashni jinsiy aloqa qilish bilan qiyoslaydi) Hey chertsalaring chiqadi xaltadan, chertmasangiz hozir birov bermayapti-da. Boy ham bermayapti-da endi, - deydi u.
Ozodlik bilan yozishgan masjid xodimi Rishton tuman imom xatibi to‘g‘risida mana bu fikrni bildirdi:
"Muhammadnabi Oripov axloqiy jihatdan ham yetuk emas. Buni biz har doim tumandagi masjidlar imomlari, noib imomlari va mutavallilari bilan har haftada bir bo‘lib turadigan dindorlar mashvaratida so‘kinib gapirishida kuzatamiz," - deb yozdi u.
"Tanqid qilganman, lekin so‘kinmagan bo‘lsam kerak, bilmadim"
Ozodlik muxbiri audioyozuv yuzasidan izoh so‘rab O‘zbekiston musulmonlari diniy idorasining Masjidlar bilan ishlash bo‘limiga bog‘landi.
Ayni bo‘lim xodimi Muzaffar Kamolov "voqeani o‘rganamiz, yarim soatdan keyin bog‘laning," - deya surishtiruv olib borishga va’da berdi.
Aytilgan muddatda Ozodlik muxbiri ko‘plab urinishlardan so‘ng diniy idoraga takror bog‘lanishga muvaffaq bo‘ldi.
O‘zini Baxtiyor deb tanishtirgan idora xodimi surishtiruv xulosasini quyidagicha ma’lum qildi:
"Uni o‘rgandik. Unaqa narsa bo‘lmagan. Aniq bo‘lmagan bu narsa, bu narsa kuzatilmagan. O‘zlari (Muahammadnabi Oripov - tahr.) bilan gaplashdik bu masala bo‘yicha," - deya go‘shakni qo‘ydi O‘zbekiston musulmonlari diniy idorasi xodimi.
Ozodlik muxbiri Muhammadnabi Oripovning o‘ziga ham bog‘lanishga muvaffaq bo‘ldi.
- Bilmadim. Tanqid qilganman, lekin so‘kinmagan bo‘lsam kerak. Men so‘kmaganman, tanqid qilganman. Masjidlarni ta’mirlash va ozoda saqlash haqidayam gapirganman, - dedi Rishton tumanining imom-xatibi.
Shu yil fevral oyida "Muqaddas qadamjolar, ziyoratgohlar, masjidlar va qabristonlarni obodonlashtirish ishlarini samarali tashkil etish" to‘g‘risidagi Vazirlar Mahkamasi qarori qabul qilingan.
Unga asosan, rekonstruksiya qilish va ta’mirlash talab etiladigan eski masjidlar ro‘yxati shakllantirilishi hamda ular O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi Muqaddas qadamjolarni saqlash va obod etish xayriya jamoat fondi hamda homiylar hisobidan 2018-2019 yillar davomida rekonstruksiya qilinishi va ta’mirlanishi lozim.