Линклар

Шошилинч хабар
21 июл 2018, Тошкент вақти: 03:19

Buxoro viloyat, Jondor tuman hokimi Kamol Kamolov aholi tomorqasidagi pishib qolay degan bug‘doy, arpa va bedani xom o‘rdirtirib, o‘rniga chigit ektirdi.

Ozodlik suhbatlashgan jondorliklarning aytishicha, qamish va o‘t bosib ketgan bu yerlar, paxta yaxshi hosil bermay qo‘yganidan so‘ng, aholiga bundan ikki yil oldin 10 sotixdan bo‘lib berilgan edi. Hammasi bo‘lib 200 dan ortiq xo‘jalikning tomorqasi buzilgani aytildi.

Aholi o‘z hisobidan bu yerlarni o‘zlashtirib, hosildor qilganidan so‘ng yilning boshida tayinlangan tuman hokimi aholiga hosilini yig‘ishtirib olishiga imkon bermadi.

Jondor tumanining Xumin qishlog‘ida yashaydigan dehqon Suhrob Hakimovning aytishicha, 8 aprel kuni tuman hokimi qishloqda majlis o‘tkazib, ortiqcha yerlarni qaytarib olishi haqida gapirgan:

“Hokim Jondor tumani necha yildan buyon paxta plani to‘lmayotgani va shuning uchun aholiga tomorqa sifatida berilgan 10 so‘tixlik yerlarni olib qo‘yishga qaror qilganini aytdi. Odamlar, mayli, hech bo‘lmasa hosilimizni yig‘ib olaylik, bug‘doylar boshoq tortib qoldi, xalq shunga ko‘zini tikib turibdi, desa ham hokim rozi bo‘lmadi”, deydi Suhrob Hakimov.

Жондорда аҳолининг пишмаган буғдой даласи ҳайдаб ташланди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:00:42 0:00

Uning aytishicha, ikki kundan keyin prokuror bilan ichki ishlar xodimlari kelib, aholidan tomorqadagi ekinlarni o‘rib olishni, aks holda shunday ag‘darib tashlashini aytgan:

“Odamlar norozilik bildirsa, bu prezidentning qarori, kim prezidentga qarshi chiqadi, deb do‘q urdi. Aholining endi bosh tortayotgan bug‘doyu arpasi uvol bo‘ldi. Odamlar hech bo‘lmasa xashak bo‘lar deb, ko‘zlarida yosh bilan o‘rib oldi. Keyin plug solib hammasini haydab tashlashdi”, deydi Suhrob Hakimov.

Xumin qishlog‘ida yashaydigan, olti farzandning onasi 66 yashar Ro‘zigul Sharopovaning aytishicha, u hosil pishguncha yana bir oy vaqt berishni iltimos qilib, hokimning qabuliga borgan, lekin hokim uni qabul qilmagan:

“Hokimga borsam, xotin-qizlar raisiga to‘g‘rilab qo‘ydilar. U ham hamma o‘rgan bo‘lsa, siz ham o‘ringda, dedi. Men olgan tomorqaning o‘rnida ilgari paxta ekilgan. Lekin erni qamish, begona o‘t bosib ketgan, suv yaxshi chiqmaydi, baland-past bo‘lib yotgan edi. Yerim yo‘q, bolalar, kelinlar bilan chippa yopishdim yerga. Traktor kirgizdik, qamishdan tozaladik, tekisladik. Xullas, yaxshi yer qildik. Bu yil ham bug‘doyim shunday yaxshi bo‘lgan ediki, yig‘lab-yig‘lab o‘rdim. Uvol bo‘ldi, bug‘doy pishmay uvol bo‘ldi”, deydi Ro‘zigul Sharopova.

Ozodlik suhbatlashgan jondorlik boshqa bir dehqonning aytishicha, tuman hokimligi “prezident qarori” degan bahona bilan xalqni xonavayron qildi:

“Prezidentimiz xalqqa qayishinglar, xalqqa yengil qilinglar, deb aytyaptilar. Bular esa, prezident qarori deb, prezidentga qarshi ish qilyaptilar. Agar shunday qiladigan bo‘lsang, o‘sha tomorqani berma edi, odamlarni umidvor qilma edi, ekinlarni uvol qilma edi. Odamlar molini sotib, ayollar taqinchoqlarini sotib shu yerga sarfladi. Lekin oxiri nima bo‘ldi? Yer sifatini xalq yaxshilab bergandan so‘ng, yana paxta ekaman deb, tortib oldi”, deydi dehqon.

Dehqonlarning aytishlaricha, tuman hokimi buyrug‘i bilan Xumin va Xumin - 1 qishloqlarida yashaydigan 200 dan ortiq xo‘jalikning 20 gektardagi tomorqasi buzilgan.

Jondor tumani hokimining qishloq xo‘jaligi ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Rahmon Saidov Ozodlik bilan suhbatda bu ishlardan umuman xabari yo‘qligini aytdi:

“Men ishga chiqqanimga 3 kun bo‘ldi, bu ishlardan umuman xabarim yo‘q. Fermerlar kengashi raisi bilan bog‘laning, bu uning vazifasidagi ish”, dedi Rahmon Saidov.

Ozodlikning “yerni qaytarib olish fermerlar kengashining emas, balki tuman hokimining vakolatiga kiradiku”, degan savoliga Rahmon Saidov, “men bilmayman”, deb javob berdi.

2017 yilning 10 noyabrida O‘zbekiston Prezidenti imzolagan “Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari faoliyatini yanada rivojlantirish bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga yozilgan sharhda aholining tomorqa yerlarini olib qo‘yish emas, balki ularni rivojlantirish haqida gap boradi:

“Har yili 1 fevralgacha fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari raislari ichki ishlar organlarining profilaktika inspektorlari bilan birgalikda uyma-uy yurib, hududdagi dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarining ekin maydonlarini xatlovdan o‘tkazadi, ularda yil davomida ekiladigan ekin turlari va yetishtiriladigan mahsulot hajmlarini oila ehtiyoji va sotish uchun mo‘ljallangan qismlarga ajratgan holda aniqlaydi, mahsulot yetkazib berish bo‘yicha shartnomalar tuzilishi, ekinlarning to‘liq va sifatli ekilishi, agrotexnik tadbirlarning o‘z vaqtida amalga oshirilishi yuzasidan jamoatchilik nazoratini tashkil etadi”, deyilgan qarorga sharhda.

XS
SM
MD
LG