Линклар

Шошилинч хабар
20 май 2018, Тошкент вақти: 20:54

O‘zbekistondagi poyafzal fabrikalari sinish arafasida turibdi


“O‘zbekcharmpoyafzali” uyushmasi ma’lumotiga ko‘ra, hozirgi kunda mamlakatda yuzdan ziyod poyafzal ishlab chiqarish va shu kabi korxona faoliyat yuritadi.

O‘zbekiston prezident 9 yil muqaddam imzolagan 1050- sonli qarori bilan mahalliy ishlab chiqaruvchilarga berilgan imtiyoz va preferensiyalar 2018 yil 1 yanvaridan o‘z kuchini yo‘qotishi ortidan mamlakatdagi charm mahsulotlari ishlab chiqaruvchi o‘nlab korxonalar sinish yoqasiga kelib qolgan.

Ozodlik suhbatlashgan korxona egalarining aytishicha, bojxona imtiyozlari hamda preferensiyalari bekor bo‘lgach, chetdan teri va tagcharm olib kelish qimmatga tushmoqda, oqibatda mahalliy ishlab chiqaruvchilar mahsulotlari tannarxi ko‘tarilib, bozorda import mahsulotlar bilan raqobatga dosh berolmay qoldi.

Farg‘ona viloyat, Qo‘qon shahridagi “Kokand Future shoes, OOO” korxonasi ayollar va erkaklar uchun turli xil charm mahsulotlari ishlab chiqaradi.

2011 yilda faoliyatini boshlagan korxona O‘zbekiston prezidentining 1050- sonli qarorida berilgan imtiyozlardan foydalanib keldi.

Korxona rahbari Sodiqjon Soliev Ozodlik bilan suhbatda, shu yil boshida prezident qaroridagi imtiyozlar o‘z kuchini yo‘qotgach, korxona bankrotlik yoqasiga kelib qolganini aytdi.

- Ilgari 190 ta odam ishlagan korxonada bugun 40 ta ishchi qolgan. Oldin kuniga 5 mingta poyafzal chiqargan bo‘lsak, hozir ko‘pi bilan 300 ta chiqaryapmiz. Ko‘ryapsizmi ahvolni, - deb so‘zida davom etadi qo‘qonlik tadbirkor.

илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:02:44 0:00
Бевосита линк

- O‘n yillik imtiyoz olib tashlangani bizga katta zarba bo‘ldi. Chetdan olib keladiganimiz xom ashyoni har biriga bojxona to‘lovi 10 barobar oshdi. Oldin 10 ming dollarlik yuk uchun 200 dollar raztamojka to‘lagan bo‘lsak, hozir 2 ming dollar to‘lashga majbur bo‘lyapmiz. Bundan tashqari ishlab chiqaruvchilarga 5 foizlik soliq qo‘shildi. Tashqaridan kirib kelgan xomashyoga bojxona tariflari ortishi sabab maxsulotimiz tan narxi ham oshib ketdi. O‘zimizda xomashyo bazasi yo‘q. Chetdan olishga majburmiz. Boshqa tomondan chegaralar ochilib, konteyner-konteyner tayyor mahsulotlar kirib kela boshladi. Biz ular bilan konkurensiya qilolmaydigan darajada qoldik. Ishchi o‘rinlar kamaydi, ishlab chiqarish kamaydi, bankrot yoqasiga kelib qoldik. Bankdan olgan kreditlarimizni to‘lolmayapmiz. Debet yo‘q. 2 milliard so‘m qarzimiz bor. To‘rt oydan buyon kirim yo‘q, - deydi “Kokand Future shoes, OOO” korxonasi rahbari Sodiqjon Soliev.

Buxorodagi bolalar uchun ortopedik poyafzal ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “Erkatoy-Bolajon, OOO” shirkati ham imtiyozlar muddati tugagach, kasodga yuz tutgan.

Oldin yiliga 10 mingta poyafzal chiqargan bu shirkatning ishlab chiqarish quvvati to‘rt oy ichida ikki baravar kamaydi.

Shirkat rahbari Fotima Saydullaeva Ozodlik bilan suhbatda xomashyolar tugab borayotgani va korxona faoliyati vaqtincha to‘xtatilishi mumkinligidan xavotir bildirdi.

- Biz bolalar uchun sog‘lom, ortopedik tuflilar ishlab chiqaramiz. Shuning uchun sifatli teri ishlatamiz. Turkiya, Xitoy, Hindistondan olib kelamiz. Ilgari bojxona tariflari yengilligi sababli terining 1 detsimetri, ya’ni 10 santimetrga 10 sanimetr terining narxi 920 so‘mga tushgan bo‘lsa hozir 1 yarim ming so‘mdan ko‘p bo‘lyapti. Shuning uchun mahsulotimiz tan narxi oshib, hamma Xitoydan olib kelingan sifatsiz tuflini olishga o‘tdi, bizniki o‘tmay qolyapti. Axir bizniki ortopedik, Xitoydan kelgan tuflilar bizni bolalarimizni mayib qiladi. Shuning uchun hukumatimiz chetdan tayyor mahsulotlarga bojxona soliqlarini oshirib, mahalliy ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlash uchun chetdan xomashyoga soliqlarni kamaytirsa yaxshi bo‘lar edi, - dedi Fotima Saydullaeva.

илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:04:08 0:00
Бевосита линк

“O‘zbekcharmpoyafzali” uyushmasi ma’lumotiga ko‘ra, hozirgi kunda mamlakatda yuzdan ziyod poyafzal ishlab chiqarish va shu kabi korxona faoliyat yuritadi.

Bu korxonalar O‘zbekiston prezidenti 2009 yilning 28 yanvarida imzolagan “Mahalliy nooziq-ovqat iste’mol tovarlari ishlab chiqarish kengaytirilishini rag‘batlantirish borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida korxonalar foyda solig‘i va mulk solig‘i, yagona soliq to‘lovlari, nooziq-ovqat iste’mol tovarlari ishlab chiqarishda foydalaniladigan asbob-uskunalar, butlovchi buyumlar, respublikada ishlab chiqarilmaydigan xom ashyo hamda materiallarni bojxona to‘lovlaridan 2018 yilning 28 yanvarigacha ozod etilgan edi.

Ozodlik bilan suhbatlashgan korxona rahbarlari boj imtiyozlari bekor bo‘lgani ularning kelgusidagi rejalariga qattiq zarba bo‘layotgani, ishchi o‘rinlarni ko‘paytirish o‘rniga qisqartirishga majbur bo‘lishayotganini aytishdi.

- Prezidentimiz mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlamasa hammamiz kasod bo‘lamiz. Minglab odam ishsiz qoladi, - deydi buxorolik tadbirkor Fotima Saydullaeva.

Ozodlik “O‘zbekcharmpoyafzali” uyushmasi bilan bog‘landi.

Ismi sir qolishi sharti bilan Ozodlikka gapirgan uyushma mulozimining aytishicha, tadbirkorlar ko‘tarayotgan muammodan O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasidagi mutasaddilarning xabari bor.

- Tadbirkorlarga imtiyoz va imkoniyatlar berilishi tez kunda hal bo‘ladi, bu bo‘yicha tegishli hujjatlar imzolanishi kutilyapti, - dedi “O‘zbekcharmpoyafzali” uyushmasi mulozimi.

Biroq masala qachon hal bo‘ladi, hukumat qanday imtiyoz va imkoniyatlarni berish niyatida?

Bu savolga Ozodlik “O‘zbekcharmpoyafzali” uyushmasidan aniq javob ololmadi.

- O‘ylaymizki, minglab ishchilarni ishsiz qoldirishi mumkin bo‘lgan bu muammoni prezidentimiz e’tiborsiz qoldirmaydi, muammo tez hal bo‘ladi, - dedi “Kokand Future shoes, OOO” korxonasi rahbari Sodiqjon Soliev.

XS
SM
MD
LG