Farg‘ona viloyatining O‘zbekiston tumanida yashovchi fermerlardan biri ikki yil avval ijaraga berilgan o‘n gektar yerida bu yil bir necha million so‘m sarflab sabzi, piyoz, osh lavlagi ekkani, lekin hokimlik yerni boshqa fermerga berib, o‘sib turgan ekinlarni ustidan haydattirib, o‘rniga paxta urug‘i ektirayotganini aytdi.
Ismi sir qolishi sharti bilan Ozodlikka gapirgan fermerning arz qilishicha, uning xo‘jaligiga 30 yilga ijaraga berilgan yer boshqa fermerga berilishi va u yerda paxta ekilishi haqida hokimlik oldindan ogohlantirmagan.
- 2016 yil boshlarida qonuniy tashkil qilingan sabzavotchilik yo‘nalishidagi fermer xo‘jaligimizni tuman kadastr bo‘limi xodimi orqali bizga qo‘shni bo‘lgan fermerga paxta ekish uchun unga bizni yerimizni kursatipdi. O‘sha fermer bizni ekinlarimizni tekislab paxta ekishga tayorlab quyipdi. Biz yerni xaydab, ekin ekib ko‘kartirib qo‘ygan edik, o‘n milion so‘mga yaqin pul sariflab bo‘lgandik. Mol-xolimizni sotib shu dehqonchilikka charflagandik. Hokim oldindan ogohlantirmasdan yerni boshqaga in’om qilivordi, shuncha pulimiz zoe ketdi, - deydi farg‘onalik fermer.
Ozodlik fermer xo‘jaligida ziroat ekinlari vayron qilingani yuzasidan O‘zbekiston tumani hokimligidan izoh so‘radi.
Tumanda qishloq xo‘jalik masalalariga mas’ul bo‘lgan hokimlik mulozimi rejani bajarmagan fermerlardan yerlar olinib, rejani bajargan fermer xo‘jaliklariga qo‘shib berilayotganini aytdi.
- Rejani oldin bajarmagan bo‘lsa yeri olinadi-da. Yer fermerniki emas, davlatniki. U yerdan unumli foydalanishni biz tashkillashtiramiz. Planni bajarmagan fermer xo‘jaliklarini yer olinib, planni bajargan xo‘jalikka qo‘shib beriladi, - dedi hokimlik mulozimi.
O‘zbekistonning boshqa viloyatlarida ham ziroat ekinlari yakson qilinib, o‘rniga hoimlik paxta ektirmoqda.
Buxoroning Jondor tumanida shu oy pishmagan bug‘doy ustiga traktor solindi.
Shu hafta boshida Toshkent viloyatining Yangiyo‘l tumanida fermer xo‘jalik yerlari paxta maydonlariga aylantirilishi va’ji bilan ziroat ekinlari vayron qilingani haqida Ozodlik xabar bergan edi.
Yangiyo‘l tumani hokimining o‘rinbosari fermerni no‘xatni noqonuniy ekkanlikda ayblab chiqqandi.
O‘zbekistonda inson huquqlari faollari paxta yetishtirish byudjet tashkiloti xodimlarining majburiy mehnati evaziga amalga oshishi va undan hatto fermerlar ham foyda ko‘rmayotganliklarini aytib kelishadi.
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev ham paxta yetishtirishdan hatto fermerlar ham foyda ko‘rmayotganini o‘z chiqishlarida ko‘p marta aytgan.