Линклар

Шошилинч хабар
20 май 2018, Тошкент вақти: 20:38

Jizzaxning Ko‘k bozorida yoymachilar soliqchilarga qo‘l ko‘tardi


Voqea joyiga shahar hokimi yetib keldi va yoymachilardan bozorni  zudlikda tark etishni so‘radi.

Jizzax shahridagi Ko‘k bozorda savdo qiluvchi yoymachilar va soliq inspeksiyasi xodimlari o‘rtasida 23 aprel kuni to‘qnashuv yuz berdi.

Savdogarlardan birining Ozodlikka aytishicha, soliq inspeksiyasi xodimlari ko‘kat va sut-qatiq sotib o‘tirgan yoymachi (bozor rastalarida maxsus joyi yo‘q savdogar) ayollarni haqoratlab, molini tepkilab bozordan haydashga uringani oqibatida janjal kelib chiqqan.

Keyin boshqa yoymachilar kelib, soliqchilarga tashlangan. Voqea joyiga shahar hokimi yetib kelgan va yoymachilardan bozorni zudlikda tark etishni so‘ragan.

Savdogarlar hokimning chaqirig‘iga ko‘nmagach, to‘qmoqlar bilan qurollangan militsiya otryadi kelib ularni bozordan haydab chiqargan. ​

Jizzax shahar hokimligi mulozimi​ voqeani sharhlar ekan, bundan buyon bozorlarda yoymachilarning savdo qilishiga ruxsat berilmasligini bildirdi.

Jizzaxning Ko‘k bozorida besh yildan beri ko‘kat sotib tirikchilik qilib kelgan ayol bozordan haydalgach, o‘zi va yana o‘nlab yoymachi shahar hokimligiga arz qilib borganini Ozodlikka aytdi.

- Agar yoymachilik endi mumkin bo‘lmasa, hokim bizga ish topib bersin, deb hokim qabulxonasiga borsak, u ham gapimizga quloq osmay, bizni quvib soldi, endi prezident idorasiga bormoqchimiz, - dedi savdogar ayol.

илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:06:16 0:00
Бевосита линк

Jizzax shahar hokimligi mulozimi Ozodlik bilan suhbatda yoymachilar bozordan haydalganini tasdiqladi.

Yoymachilikka endi yo‘l qo‘yilmaydi!

Ismi sir qolishini istagan hokimlik mulozimi "soliq to‘lamasdan savdo-sotiq faoliyati bilan shug‘ullanadigan yoymachilikka endi bozorlarda yo‘l qo‘yilmaydi", deb aytdi.

- Xohlagan joyiga borishsin, yoymachilik mumkin emas. Bozorda chiroyli do‘konlarni qurib berganmiz. Rastalar bor. Shu yerga borib, oyda to‘lanadiganini to‘lab, savdo qilishsa bo‘ladiku?! O‘rta asrlarda yashayotganimiz yo‘q. Ularga hech kim savdo qilma, deyayotgani yo‘q. Lekin, qonun bor, tartib bor, shunga amal qilishlari kerak, - deydi hokimlik mulozimi.

Lekin, Ozodlik suhbatlashgan yoymachi savdogarlar bozorlardagi joylarning ijara narxlari va tadbirkorlikka qo‘yilgan soliqlar yuqori bo‘lgani sabab, o‘zlariga ijaraga joy olib, savdo qilish imkoniga ega bo‘lmayotganiliklarini aytishdi.

Ko‘pchilik yoymachilarning so‘zlariga qaraganda, ular bozorni tashlab, ishlab chiqarish korxonalarida ishlashni xohlaydi.

"Zavod-fabrikalar ishlamagani uchun buning iloji yo‘q", deyishdi ular.

Jizzaxdagi Ko‘k bozorini militsiya qo‘riqlamoqda.
Jizzaxdagi Ko‘k bozorini militsiya qo‘riqlamoqda.

Ish yo‘q, nima qilaylik?

43 yoshli Habiba Abdieva o‘n yil Jizzaxdagi tikuvchilik fabrikasida ishlagan, fabrika kasodga uchrab, yopilgach, ishsiz qolgani sababli yoymachilik qilib, uch farzandini boqayotganini aytadi.

- Bizning do‘kon olishga 2 million so‘mimiz yo‘q. Bozorda 68 santimetr rasta bir oyiga 1 million so‘m. Bizlar katta savdogar emasmiz. Men kuniga ellik bog‘ ko‘kat sotaman. Oyiga topadiganimiz nari borsa 300 ming so‘m bo‘lyapti. Shuning ortidan ro‘zg‘orimizni arang tebratib kelyapmiz. Tirikchigimizni bizdan tortib olmasin. Agar yoymaga ruxsat bermasa, uch bolam och qoladi. Yolg‘iz onaman va menga o‘xshaganlar o‘nlab. Besh yildan beri ishsizman. Ko‘kat sotaman. Ishsizlik sabab hozir ko‘pchilik ana shunday kichik savdogarlik bilan shug‘ullanishga majbur bo‘lyapti, - dedi jizzaxlik yoymachi savdogar.

Yoymachi keltirgan narxlar yuzasidan Ko‘k bozor ma’muriyatidan izoh olishning imkoni bo‘lmadi.

Bundan 4 yil avval viloyat markazi bozorlari rastasidagi joyning bir kunlik narxi 1800 so‘m qilib belgilangani haqda Ozodlik xabar bergan edi. Ochiq manbalardan yangiroq ma’lumot topib bo‘lmadi.

Jizzax shahrida yashovchi 56 yoshli Farog‘at aya ham bir necha yillardan beri Ko‘k bozor oldidagi ko‘cha yoqasida mayda-chuyda sotish bilan kun kechiradi.

Uning aytishicha, yoymachilik bilan shug‘ullanayotganlarning aksariyati ko‘p bolali ayollardir.

- Meni katta o‘g‘lim Rossiyada. Ish yo‘qligidan o‘sha yoqda. Qizim ham Qozog‘istonga ketaman, degandi. "Ketma, shu yerda menga yordam berasan", deb olib qoldim. Endi bu ishimizga ham yo‘l berishmayapti, - deydi Farog‘at aya.

Bozorni yoymachilardan militsiya otryadi qo‘riqlamoqda

Ko‘k bozorda savdo qiluvchi savdogarlarning aytishicha, yoymachilar haydab chiqarilgach, militsiya otryadi bozorni muntazam qo'riqlashga kirishgan.

Shunga qaramay bozor atroflaridagi ayrim joylarda yoymachilarning militsiya nazoratidan panada savdo qilayotganini uchratish mumkin.

- Soliqchi yoki militsiya xodimi kelishi bilan ular yoymasini yig‘ishtiradi. Man ularni oqlamoqchimasman. Lekin, nima bo‘lgandayam, ular ona, bola-chaqam, deb tirikchilik qilishyapti. Bugun haydagan bilan ertaga yana keladi", - deydi jizzaxlik savdogar.

O‘zbekistonning boshqa bozorlaridan ham yoymachilarni militsiya haydagani haqida Ozodlik ilgari xabar bergan.

Lekin, bir-ikki oy o‘tib yoymachilar bozor atrofini qaytadan ishg‘ol etgan edi.

XS
SM
MD
LG