Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 01:46

Yeri tortib olingani haqda Ozodlikka gapirgan fermer hokimiyat tomonidan tuhmatchiga chiqarildi


Sariosiyolik Farrux Sohibov.
Sariosiyolik Farrux Sohibov.

Surxondaryo viloyatining Sariosiyo tumanida yeri noqonuniy olib qo‘yilgani haqida ijtimoiy tarmoqlar orqali gapirgan fermerni viloyat telekanali firibgarga chiqardi.

25 aprel kuni Surxondaryo viloyati telekanalida namoyish etilgan “Firibgarning yuzi shuvut bo‘ldi” nomli ko‘rsatuvda sariosiyolik Farrux Sohibov sal kam 100 yoshlik urush faxriysi bo‘lgan bobosidan qo‘g‘irchoq sifatida foydalanib, yeri noqonuniy tortib olingani haqida uning og‘zidan bo‘hton ma’lumot tarqatganlikda ayblanadi.

Surxondaryo viloyatining Sariosiyo tumanida yashovchi 40 yashar fermer Farrux Sohibov 25 aprel kuni Ozodlik bilan suhbatda xorijiy axborot vositalariga yeri tortib olinganini aytgani uchun viloyat hokimligi o‘zi va oilasiga qarshi maxsus ko‘rsatuv uyushtirganini bildirdi:

- Kecha, 24 aprel kuni jurnalistlar bobongizdan xabar olgani keldik, deb turib¸ uni o‘zlari xohlaganday gapirtirishdi. Meni esa Bi-Bi-Si, Ozodlikka gapirgansan, deb vatan xoiniga chiqarishdi. Aslida urush veterani bo‘lgan bobom gapirgan edi, - deydi Farrux Sohibov.

O‘tgan yil oktabr oyida tadbirkor o‘z bobosi Jo‘raqul bobo Sohibovning videomurojaatini ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilgan edi.

Bu murojaatda urush faxriysi 2002 yildan egalik qilib kelgan 1 gektardan ziyodroq yerini tuman hokimiyati 2014 yilda tortib olgani haqda arz qilgan va prezident Shavkat Mirziyoevdan yerini qaytarib berishda yordam kutayotganini ta’kidlagan edi.

Sariosiyolik tadbirkor Farrux Sohibov bobosining bu videomurojaati Ozodlik va Bi-Bi-Si radiosida e’lon qilingach, oilasiga nisbatan bosim kuchaygani, o‘zi militsiyaga tergovga chaqirilganini aytdi.

Tadibirkorning aytishicha, bungacha Sariosiyo tumani hokimiyatidagi ayrim rasmiylar yer mojarosini tezda hal qilib berishni va’da qilib, chet el jurnalistlariga bu haqda og‘iz ochmaslikni iltimos qilgan.

- Hammasi bu ma’lumot Bi-Bi-Si va Ozodlikka chiqib ketganidan so‘ng boshlandi. Hokimga bu yoqmagan. Endi hokimiyat qo‘li ostidagi telekanal jurnalistlari orqali meni tuhmatchiga chiqarayapti. Hozir ham hokimiyatdan telefon qilib, nega Ozodlikka gapirdingiz¸ deyishayapti. Gapirmay turing, hal qilib beramiz, deyishadi. Lekin, o‘zlari jurnalistlarni yuborib, meni tuhmatchiga chiqarishayapti, - deydi sariosiyolik tadbirkor.

25 aprel kuni Ozodlik Surxondaryo viloyati telekanalida efirga berilgan “Firibgarning yuzi shuvut bo‘ldi” nomli ko‘rsatuv mualliflaridan biri bilan ham suhbatlashdi.

"Veteran bobosini qo‘g‘irchoq qilib olgan..."

Ismi sir qolishini istagan jurnalist viloyat hokimining iltimosiga ko‘ra urush faxriysi uyiga borgani va ko‘rsatuv tayyorlaganini bildirdi:

- Viloyat hokimi shaxsan¸ xolis axborot olib kelinglar menga, deb aytdi. Bordik. Bu bola 97 yoshli urush faxriysi bo‘lgan bobosini qalqon qilib, bemaza ishlarni qilib yuribdi. Aslida bobosiga ham¸ unga ham yer kerak emas. Hokim buva ishlasa¸ bu bolaga yer ham beramiz, deyapti. Boboni tinch qo‘ysin, boboni asrasin, 100 ga kirsa tekin mashina beramiz, deyapti. Bu bola esa bobosini hokimiyatma-hokimiyat yetaklab yuribdi. O‘tgan yili bobosiga “Captiva” berilgan ekan¸ sotivoribdi mashinani. Bobosini qo‘g‘irchoq qilib olgan, - deydi Surxondaryo viloyati telekanali jurnalisti Ozodlik bilan suhbatda.

Sariosiyolik tadbirkor yeri ustida kelib chiqqan mojaro bir necha yildan buyon davom etmoqda.

Farrux Sohibovning Ozodlikka aytishicha, viloyat Adliya boshqarmasi va Kadastr idorasi rasmiy hujjatlarida yer ularniki bo‘lgani qayd etilgan.

Tadbirkor iddaosicha¸ yer o‘ziga berilgani haqidagi asl hujjatlar qolib¸ hokimiyat idoralari bu yerni boshqa boy fermerga soxta shaklda xatlab bergan.

Bu iddao yuzasidan izoh olish maqsadida Ozodlik muxbiri Sariosiyo tumani Kadastri boshlig‘i Abdurahmon Bo‘ronov bilan bog‘langanida¸ mulozim telefonni qo‘yib qo‘ydi.

Ozodlik tadbirkorning yeri masalasidagi mojaroga aniqlik kiritish uchun Sariosiyo tumani hokimi Asqarali Jo‘raev¸ qolaversa uning muovinlari bilan telefon orqali bir necha marta bog‘landi.

Go‘shakni ko‘targanlar o‘zlarining majlisda ekani, telefon orqali suhbatlashish imkoni yo‘qligini aytish bilan savollarga javob berishdan bosh tortdi.

Tuman hokimi muovini Sherzod Xidirov esa besh daqiqadan so‘ng o‘zi qo‘ng‘iroq qilishini aytib, telefonni qo‘yib qo‘ydi va kun davomida u bilan qayta bog‘lanishning iloji bo‘lmadi.

XS
SM
MD
LG