Линклар

Шошилинч хабар
22 декабр 2025, Тошкент вақти: 16:00

BMT: Tojikiston aholisining 30 foizi to‘yib ovqatlanmaydi


Tojikistonlik bolalar g‘isht quymoqda.
Tojikistonlik bolalar g‘isht quymoqda.

BMT Jahon oziq-ovqat dasturi 2017 yil oxirida e’lon qilgan hisobotga ko‘ra, Tojikiston aholisining 30 foizdan ortig‘i to‘yib ovqatlanmaslikdan aziyat chekmoqda.

Hisobotda, ayniqsa, Tojikistonning qishloq joylarida vitaminli va kaloriyali ovqatga to‘ymagani sababli 5 yoshga to‘lmagan ko‘p bolalar jismoniy rivojlanishdan qolgan.

Muhayyo Yoqubova Dushanbe yaqinidagi Varzob tumanida yashaydi. Eri nogiron. U to‘rt farzandni tarbiya qiladi. Erining nogironlik nafaqasi 10 AQSh dollarni tashkil etadi.

O‘zi mashinalar to‘xtash joyida qorovullik qiladi. Muhayyoning so‘zlariga ko‘ra, uning turmush sharoiti juda og‘ir. Oila guvaladan qurilgan mo‘’jazgina uyda yashaydi.

“Bizning ovqatimiz asosan kartoshka, piyoz va nondan iborat. Bolalarga yangi libos olish uchun kuchimiz etmaydi. Farzandlarimiz tez-tez kasal bo‘lishadi. Hatto yoz paytida ham shamollab, doim yo‘talishadi,”- deydi Muhayyo Yoqubova.

Uning farzandlari oriq va jismoniy rivojlanishdan qolgan. Masalan, katta qizi 10 yoshga to‘lgan esa-da, 7 yoshli qizchalardek ko‘rinadi.

Ro‘dakiy tumanidagi Chortut qishlog‘ida yashovchi Abdulmajid Mahmadrajabov ham kambag‘allik bois oilasi to‘yib ovqatlanmasligini aytadi.

“Oxirgi marta go‘shtni bir yil oldin, otamning janozasida yegandim. Go‘sht sotib olishga moliyaviy imkoniyatim yo‘q. To‘g‘ri kelgan ishni qilib kun kechiryapmiz,”- deydi Mahmadrajabov.

BMT Jahon oziq-ovqat dasturi hisobotida aytilishicha, Tojikistonning 30 foizdan ko‘proq aholisi yoki 2,5 million odam oziq-ovqat taqchilligiga duch kelgan. Bu raqam Qirg‘izistonda 6,5, O‘zbekistonda 6,3 foizni tashkil etadi.

Hisobotda ta’kidlashicha, to‘yimli va kaloriyali ovqat yemasligi bois yoshi 5ga yetmagan tojikistonlik har to‘rt boladan biri jismoniy rivojlanishdan orqada qolgan.

Dushanbedagi tashxis va davolash markazi raisi Mariya Shexovaning aytishicha, bunday vaziyat asosan qishloq sharoitida kuzatilib, shaharlik bolalarga nisbatan qishloq bolalarining bo‘yi pastroq va vazni yengilroqdir.

Hozircha Tojikiston rasmiylari BMTning ushbu hisobotiga munosabat bildirgani yo‘q.

Tojikiston prezidenti huzuridagi Statistik ma’lumotlar agentligi rasmiylariga ko‘ra, bugun mamlakat aholisining 30 foizdan ortiqrog‘i qashshoqlik domida kun kechirmoqda.

Tojikiston rasmiylari mamlakatda qashshoqlik darajasi pasaygani, turli sohalarda ijobiy o‘zgarishlar kuzatilayotganini qayd etadilar.

Ammo, mahalliy kuzatuvchilarga ko‘ra, bu ma’lumotlar Tojikistondagi real voqelikni aks ettirmaydi.

XS
SM
MD
LG