Линклар

Шошилинч хабар
10 май 2024, Тошкент вақти: 08:54

Uzun ko‘ylak kiymagan turkman qizlari jazoga tortilmoqda


Turkmanistonlik ayollar bekatda avtobus kutmoqda.
Turkmanistonlik ayollar bekatda avtobus kutmoqda.

Turkmanistonda mamlakat xotin-qizlarining tashqi ko‘rinishiga oid yangi talablarni bajarmagan xotin-qizlar mahalliy rasmiylar tomonidan so‘roqqa tutilmoqda va jazoga tortilmoqda.

Aprel oyi oxiridan boshlab Turkmaniston davlat muassasalari xodimalaridan soch bo‘yamaslik, makiyaj va yorqin manikyur qilmasliklari talab qilinmoqda. Shuningdek, yerga tegib turadigan va badanni ko‘rsatmaydigan uzun ko‘ylak kiyish tavsiya qilingan.

Ashxobodda istiqomat qiluvchi Shemshat ismli ayol poytaxtdagi “Altin Asr” bozori yaqinida politsiya xodimlari tomonidan so‘roqqa tutildi. “Ozodlik” muxbiri bilan suhbatlashgan ayolning so‘zlariga qaraganda, politsiya xodimi undan sochi, qoshi va tirnoqlari nima uchun bo‘yalganini so‘ragan va mahalliy politsiya idorasiga olib borgan.

Uning aytishicha, bo‘linmada politsiya xodimlari ko‘ylagi badanini ko‘rsatib turgani va yengi juda ham qisqa bo‘lgani bois jarimaga tortilishini aytishgan. Ayol bu haqdagi taqiqlardan bexabar ekanligini tushuntirmoqchi bo‘ldi va bundan keyin shu kabi liboslarni kiymaslikka va’da berdi.

"Biroq politsiya xodimlari jarima to‘lmaganimga qadar qo‘yib yubormasliklarini aytishganidan so‘ng men stolga 150 manat (40 dollarga yaqin) qo‘ydim. Jarima to‘laganim to‘g‘risida kvitansiya berishmadi. Men ozod qilishlari evaziga jarima to‘laganimdan xursandman. Ular menga jamoat tartibini buzganim uchun protokol tuzib, ish joyimga xabar berishlarini aytishdi", - deydi Shemshat. U so‘ziga qo‘shimcha qilar ekan, politsiya xodimlarining talabiga binoan uyga bozor qilmasdan quruq qaytganini ham ta’kidlab o‘tdi.

Bundan avval Turkmanistondagi mustaqil manbalar va “Ozodlik” radiosi manbalari yangi dress-kodga birinchi navbatda davlat muassasalarining xodimlari va oliy o‘quv yurtlarining talabalari rioya etishlari majbur ekanini ma’lum qilishgan edi.

O‘z nomini oshkor qilmaslik sharti bilan “Ozodlik” bilan suhbatlashgan poytaxtdagi davlat idorasi xodimlaridan birining aytishicha, ayrim rahbarlar ayollarni ishdan bo‘shatish maqsadida dress-koddan foydalana boshladi. Uning so‘zlariga qaraganda, Ashxoboddagi banklardan birida tashqi ko‘rinish talabga javob bermagani bois bir nechta ayol ishdan bo‘shatilgan.

XS
SM
MD
LG