Линклар

Шошилинч хабар
22 декабр 2025, Тошкент вақти: 14:39

Yuridik universitetdan haydalgan talaba o‘z uyida osilgan holda topildi


O‘zbekistonda yoshlar orasida o‘z joniga qasd qilish holatlari uchrab turadi.
O‘zbekistonda yoshlar orasida o‘z joniga qasd qilish holatlari uchrab turadi.

Toshkent Davlat yuridik universitetida davlat imtihonidan o‘tolmay, o‘qishdan haydalgan talaba yigit 8 may kuni o‘z uyida osilgan holda topildi. U o‘z joniga qasd qilgani gumon qilinmoqda. Marhumning sobiq kursdoshlariga ko‘ra, talaba o‘qishdan haydalganini bir yil davomida ota-onasidan yashirib yurgan. Ularning gumon qilishicha, yashirib yurgan siri oshkor bo‘lgach, talaba o‘z joniga qasd qilgan bo‘lishi mumkin.

Toshkent Davlat yuridik universitetiga 2016 yilda o‘qishga kirib, 1-kurs oxirida imtihondan o‘tolmay o‘qishdan haydalgan sobiq talaba yigit poytaxtning Mirobod tumanidagi o‘z uyida osilgan holda topilgani to‘g‘risida Ozodlikka marhumning sobiq kursdoshlaridan biri xabar qildi.

Marhumni (20 yoshli J.Yu. - uning to‘liq ismi Ozodlikka ma’lum, lekin axloq qoidalari yuzasidan tahririyat uning ismini ochiqlamaydi) yaxshi taniydigan sobiq kursdoshlaridan biri Ozodlik bilan suhbatda talaba o‘qishdan haydalgani uchun o‘z joniga qasd qilgan bo‘lishi mumkinligini aytdi.

- Ingliz tili fanidan imtihonlardan o‘tolmay yurdi. Oxiri o‘qishdan haydaldi. Ingliz tilidan yakuniy nazorat imtihonlari bizda pullik. Katta pul. Talaba bu pulni topib berolmagan. Xorijiy til kurslarga borolmagan. 2- kurs talabalaridan 6,5 IELTS talab qilinadi, - dedi Toshkent Davlat yuridik universitetining ismi sir qolishini istagan talabalaridan biri.

O‘zini osgani gumonlanayotgan talabaning yana bir kursdoshi Ozodlik bilan suhbatda marhum do‘sti o‘qishdan haydalganini bir yil davomida ota-onasidan yashirib yurgan, oshkor bo‘lgach, o‘zini osgan bo‘lishini taxmin qiladi.

- Ota-onasidan yashirib yurgan ekan, keyin bilib qolishgan. Tiklana olmagan,- deydi TDYuUning Ozodlik suhbatlashgan yana bir talabasi.

Ozodlik muxbiri Toshkentda yuz bergan fojea tafsilotlarini aniqlash uchun Toshkent Davlat yuridik universiteti rektorining ma’naviyat va ma’rifat masalalariga mas’ul yordamchilaridan biri bilan bog‘landi.

Rektor yordamchisi universitetning o‘z joniga qasd qilgan sobiq talabasi haqida ma’lumotga ega emasligini aytdi.

- Bugun dam olish, universitetda hech kim yo‘q. Shaxsan men bunaqa voqea sodir bo‘lganidan bexabarman, - dedi TDYuU rektorining yordamchisi.

Shuningdek, rektor yordamchisi Ozodlikka gapirgan talabalarning "universitetda imtihonlardan o‘tish pullik", degan iddaocini keskin rad etdi.

Toshkentning Mirobod tuman Ichki ishlar bo‘limi mulozimi Ozodlikka J.Yu.ning o‘limi yuzasidan tergov olib borilayotgani va tergov siri vajidan bu haqda ma’lumot berolmasligini bildirdi.

Marhum talabaning oilasi a’zolari bilan bog‘lanishning iloji bo‘lmadi.

O‘zbekistonda yoshlar orasida o‘z joniga qasd qilish holatlari uchrab turadi.

O‘tgan hafta Ozodlik Toshkentning Yashnobod tumanidagi 69-son maktabning 9 sinf o‘quvchisi 3 may kuni o‘z uyida osilgan xolda topilgani haqda xabar bergan edi.

O‘tgan oy Yangiyo‘l tumani, Navoiy mahallasi, Nihol ko‘chasida Yangiyo‘l iqtisodiyot kasb-hunar kollejining 3-kurs o‘quvchisi, 1999 yilda tug‘ilgan qiz oshxona to‘siniga o‘zini osgan va qiz vafot etgan edi.

XS
SM
MD
LG