Facebookda O‘zbekiston Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Azim Axmedxadjaevniki ekaniga ishonilayotgan akkauntda e’lon qilingan sharh muallifi bir guruh ziyolilarning Georgiy lentasining O‘zbekistonda keng urfga aylanayotganiga qarshi bildirgan fikrlarini “ahmoqona” deb atadi.
O‘z sharhida ziyolilarni “milliy nizo qo‘zg‘ash”da ayblab¸ ularni javobgarlikka tortish bilan po‘pisa qilgan “davlat xizmatchisi”¸ Georgiy lentasini "Ikkinchi jahon urushidagi g‘alaba ramzi", deya taqdim etdi.
Bu sharh va po‘pisalarga javob qaytarayotgan o‘zbekistonlik faollar esa¸ Azim Axmedxadjaev degan yuzerni chindan ham vazir ekanini aytib¸ uning o‘zini O‘zbekiston qonunchiligini buzganlikda ayblamoqda va iste’fosini talab qilmoqda.
***
Azim Axmedxadjaev: Bobolarimiz jasorati uchun olgan medallar Georgiy lentasi bilan qoplangan!
O‘zbekiston Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Azim Axmedxadjaev Israilovichniki (rasmiy yozilishi olindi – tahr.) ekani ishonilayotgan Facebook akkauntidan 10 may kuni Toshkent vaqti bilan 9:40 da chop etilgan sharh tarixchi va bloggerlarning keskin e’tiroziga sabab bo‘ldi.
Vazirniki ekani aytilayotgan rus tilida yozilgan bu fikrlar¸ tarixchi olim Anvar Nazirning Kun.uz nashrida chop etilgan “9 may. Haqiqat va uydirmalar” deb nomlangan maqolasi atrofida boshlangan diskussiyaga yozilgan munosabatdir.
“Tushunmovchilik va janjal tug‘dirishi mumkin bu axmoqona mavzuni muhokama qilishda ma’ni ko‘rmayapman. Respublikamizning istalgan mintaqasidagi istalgan urush veteranidan so‘rang¸ u sizga bu lentaning (Georgiy lentasi haqida gap ketayapti – tahr.) Ikkinchi jahon urushi va g‘alaba bilan bog‘liq ekanini aytadi. Bobolarimiz¸ jasorati va bugun hammangiz tinch yashashingiz uchun qozongan medallar ham Georgiy lentasi bilan qoplangan! Xo‘sh¸ bugun siz ularga qon evaziga qozonilgan bu medallarni qayta qoplash yo ulardan butunlay voz kechishni taklif qilasizmi? O‘zingizni sharmanda qilmang va foydaliroq ishlar bilan shug‘ullaning¸ o‘z tarixi¸ an’analari va bizga bu hayot va erkinlikni bergan keksalarni hurmat qiladigan respublika imijini yaratish ustida ishlang. Hech kimga kerak bo‘lmagan¸ aniq haqiqati yo‘q¸ nima bo‘lishidan qat’iy nazar¸ G‘alaba bilan bog‘langan lenta tarixini muhokama qilmasdan.” (Matn ruschadan tarjima qilindi)
Bu yozuvlar vazir Axmedjanovga oidmi?
Ozodlik bu savolga aniq javob olish maqsadida Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi va vazir qabulxonasi bilan 11 may kuni bir necha bor bog‘landi.
Ayni paytda¸ vazirlikning o‘zini tanishtirmagan rasmiysi¸ Facebookda 4000 ga yaqin foydalanuvchisi bor “O‘zbekiston. Dunyo siyosati. Antipropaganda” deb nomlangan jamoatchilik guruhi ma’muri Nailya Rahman sharhiga javob yozilgan Azim Akhmedkhadjaev akkaunti vazirning shaxsiy sayti ekanini tasdiqladi. Akkauntga surati qo‘yilgan shaxs¸ bu mulozimga ko‘ra¸ vazirning ota tomonidan bobosidir.
Ozodlik bu mavzuda suhbatlashgan o‘zbekistonlik faollar ta’kidicha¸ izohlar shaxsan vazirning o‘zi tomonidan yozilganini ularning davomi ham bilvosita tasdiqlangan.
11 mayga kelib Azim Akhmedkhadjaev sahifasidan o‘chirilgan bu sharhlarda:
“Men davlat xizmatchisi sifatida rasman aytaman¸ siz nizo tarqatish¸ xususan¸ milliy nizo tarqatish bilan shug‘ullanayapsiz. Bu qonunchilikning buzilishi va jinoiy javobgarlik bilan jazolanadi. Ayniqsa¸ sizning Sobir Rahimov haqidagi postingiz. Men sizni buning uchun javob berishga chaqiraman¸ bu tortishuvni bas qiling!” deyiladi.
Axborot texnologiyalari vazirligi rasmiylari, agar e’tiroz bildirilayotgan sharhlar muallifi vazir Azim Ahmedxadjaev bo‘lmasa, bu haqda Ozodlikka bildirishlarini va’da qildi. Biroq kun davomida Ozodlikka hech qanday raddiya kelmadi.
Vazirniki deb tushunilayotgan sharh nega tarixchi va bloggerlarni junbushga soldi?
Tarixchi olim Anvar Nazir¸ o‘z sharhi bilan O‘zbekiston davlati va hukumatini tamsil qilayotgan vazir nafaqat tarixni bilmasligini¸ balki O‘zbekiston qonunchiligini ham buzganligini aytadi.
- Birinchidan¸ Georgiy lentasi haqida yuzlab marta aytildi. Mavzu – Ikkinchi jahon urushi emas. Ikkinchi jahon urushiga imperialistik¸ shovinistik va urushga umuman aloqasi bo‘lmagan mavzularni yopishtirib¸ tarixiy mavzuga siyosiy¸ geopolitik tus berib¸nizo keltirib chiqaradigan¸ jamiyatni parchalaydigan mavzuga olib kelayapti bu kabi chiqishlar. Bu lenta Ikkinchi jahon urushidagi jasorati uchun taqdirlangan ota-bobolarimizga emas¸ chor Rossiyasi paytida ota-bobolarimizni qilichdan o‘tkazgan rus askarlariga berilgan. Georgiy lentasi SSSR paytida taqiqlangan va u Ikkinchi jahon urushi davrida mutlaq ishlatilmagan.
Ikkinchidan¸ nega bayramlarda O‘zbekiston bayrog‘i kamsitiladi? Biz shuni ko‘rayapmiz. Qonun bo‘yicha¸ Ma’muriy kodeks bo‘yicha, milliy bayramlarda faqat O‘zbekiston milliy bayrog‘i ishlatilishi kerak (Bu yilgi 9 may tadbirlarida O‘zbekiston bayrog‘i qatori SSSR bayroqlari ham ko‘tarildi – tahr.). Georgiy lentasini 2005 yili chet el prezidenti – Vladimir Putin qabul qilgan. Nimaga mustaqil O‘zbekiston unga bo‘ysunishi kerak – bunga qonuniy asos bormi? -dedi tarixchi 11 may kuni Ozodlik bilan suhbatda.
O‘zbekistonda Putinning propagandasini yoysa bo‘laveradimi?
O‘zbekistonlik vazirniki deb tushunilayotgan yuqorida iqtibos keltirilgan sharhi¸ unga e’tiroz bildirayotgan ziyolilar fikricha¸ Putinning postsovet hududida kuchayib borayotgan imperiyachilik propagandasiga xizmat qilishdir.
O‘zbekistonlik blogger Jonuzoq Xalil Georgiy lentasini eski va yangiimperiyachilik ramzi ekanini yana bir bor eslatadi.
- Georgiy lentasi siyosat bilan qorishib¸ imperiyaning bir detali bo‘lib qoldi. Afsuski¸ biz 26 yil davomida milliy mafkura yarata olmadik. Ana shu bo‘shliqqa bugun Georgiy lentasi kabi ramzlar kirib kelmoqda. Vazir bu gaplarni tarixni bilmagani uchun yozgan deb o‘ylayman. Bilsa¸ buni yozmasdi¸ dedi toshkentlik bu blogger.
Azim Axmedxadjaevga oid ekaniga ishonilayotgan nizoli sharh ijtimoiy tarmoqlarda tarqashi ortidan¸ "O‘zbekiston davlatini tamsil qiluvchi vazirni Rossiya propagandasini targ‘ib qilish va O‘zbekiston qonunchiligiga zid harakat qilganlikda" ayblayotgan bir guruh faollar uning iste’fosini talab qilishga kirishdi.
Xususan¸ Facebookda “Poklonnika Georgievskoy lenti ministra - v otstavku! Jo‘rjiy lenta muxlisi hukumat vaziri - iste’foga!” degan tashabbuslar boshlanganini ko‘rish mumkin.
O‘zbekistonning Turkiyadagi elchisi rasmiy tadbirda Georgiy lentasi taqdi
Ijtimoiy tarmoqda tarqalib¸ e’tirozlarga sabab bo‘layotgan ayni mazmundagi yana bir voqea Anqarada qayd etildi.
Facebookda yoyinlangan surat va sharhda aytilishcha¸ O‘zbekiston Respublikasining Turkiyadagi Favqulodda va muxtor elchisi Alisher A’zamxo‘jaev¸ 9 may kuni o‘tkazilgan rasmiy tadbirda ko‘ksiga Georgiy lentasi taqqan holda ishtirok etgan.
"9 May kuni Ankarada MDH davlatlari elchilari ishtirokida bo'lib o'tgan "G'alaba kuni" tadbirida har bir mehmonga eshikdan kirishda Georgiy lentasi tarqatildi, elchilarga ham. Qozog'iston va Turkmaniston elchilari Georgiy lentasini taqishmadi, qolganlar esa ko'kragiga taqib olishdi"¸ deb yozdi Facebook foydalanuvchilaridan biri.
Rossiya ziëlilari Georgiy lentasini "putinizm svastikasi", deb atamoqda
Rossiya imperiyasining eng yorqin ramzi - Georgiy lentasining postsovet hududlariga g‘alaba ramzi degan yangi niqob bilan kirib borayotgani rossiyalik mustaqil tarixchi va jamiyatshunoslar tomonidan “neoimperializm” urinishi deya baholanmoqda.
Xususan¸ taniqli jurnalist Aleksandr Nevzorov va jamiyatshunos Igor Eydman kabi tahlilchilar¸ Georgiy lentasining 1945 yilgi g‘alabaga mutlaq aloqasi yo‘qligini ta’kidlab kelmoqda.
"Georgiy lentasi deb atalayotgan narsa – putinizm svastikasidir. Ulug‘ vatan urushiga uning hech qanday aloqasi yo‘q.Bu lenta davlat byudjetini o‘marayotgan Putin piarchilarining navbatdagi ixtirosidir.Bugunga kelib esa¸ bu lenta Rossiyaning Ukrainaga qarshi agressiyasi¸ Qrim anneksiyasi ¸ Suriyadagi intervensiya va agressiv nafrat¸ xudbinlarcha man-manlik va ochiqcha surbetlikni targ‘ib etayotgan militaristik propaganda simvoliga aylandi¸ deb yozdi taniqli siësatshunos va jamiyatshunos Igor Eydman.
Georgiy lentasi tarixi (yana bir bor)
Georgiy lentasi tarixi avvaliga nasroniylarning Salib yurishi¸ 1769 yildan boshlab esa¸ Rossiya imperiyasining o‘zga yurtlarda qilgan bosqinchilik urushlarida katta xizmat ko‘rsatgan rus askarlariga berib kelingan eng oliy harbiy ordenlar to‘g‘nog‘ichiga o‘ralgan lentadir.
O‘zbek tarixchilari¸ bugungi O‘zbekiston hududining chor Rossiyasi tomonidan istilo qilinishida mahalliy xalq va uning o‘z vatani uchun kurashgan askarlarini qirg‘in qilganlarning imperator tomonidan aynan Georgiy lentasi bilan taqdirlanganini aytadilar.
Bu lenta 1917 yildan to SSSR qulaganiga qadar bolshevik va kommunistlar tomonidan taqiqlangan va Ikkinchi jahon urushi davrida hech kimga Georgiy lentasi berilmagan.
2005 yilga kelib¸ RIA Novosti agentligi tashabbusi bilan boshlangan aksiyalardan so‘ng¸ 2008 yili Rossiya hukumati unga “Ulug‘ vatan urushida qozonilgan g‘alaba” ramzi degan yangi ma’no yuklab¸ postsovet hududida uni keng targ‘ib qilishga kirishdi.
Shundan beri Sobiq SSSR¸ xususan¸ O‘zbekiston hududida jamoatchilikka Georgiy lentasi tarqatish bilan Rossiyaning O‘zbekistondagi elchixonasining tarkibiy qismi bo‘lgan Rossotrudnichestvo markazi shug‘ullanadi¸ bu aksiyalar uchun Rossiya byudjetidan mablag‘ ajratiladi.