Линклар

Шошилинч хабар
22 декабр 2025, Тошкент вақти: 13:15

Eron AQSh qayta sanksiya joriy qilgandan so‘ng British Group bilan neft shartnomasi imzoladi


Eron neft vaziri Bijan Namadar Zanganeh shartnoma imzolanganidan so‘ng jurnalistlarga intervyu bermoqda.
Eron neft vaziri Bijan Namadar Zanganeh shartnoma imzolanganidan so‘ng jurnalistlarga intervyu bermoqda.

Eron Britaniya konsorsiumi bilan neft qazib olish bo‘yicha shartnoma imzoladi. Bu Vashington Eronga qarshi sanksiyalarni tiklash uchun yadro bitimidan chiqishini e’lon qilgandan so‘ng G‘arb kompaniyasi bilan imzolangan birinchi hujjatdir.

Eronning Milliy janubiy neft kompaniyasi qarorgohi Londonda joylashgan Pergas konsorsiumi bilan shartnomaga qo‘l qo‘ydi. Unga ko‘ra, Eron janubi-sharqida joylashgan Keranj neft konidan 10 yilda 655 millon barrel neft qazib olinadi. Bu haqda Eron neft vazirligi 17 may kuni xabar tarqatdi.

Pergas bilan shartnomaga qo‘l qo‘yilishidan bir necha soat oldin Fransiyaning Total energetika kompaniyasi Erondagi ulkan tabiiy gaz loyihasidan chiqishini ma’lum qilgan edi. Bunday qaror qabul qilishiga unga nisbatan AQShning sanksiya qo‘llash tahdidi sabab bo‘ldi. Agar Total Eron bilan shartnomani bekor qilmasa, unga nisbatan joriy yilning noyabr oyidan boshlab sanksiya qo‘llanishi belgilangan edi.

Pergas bilan shartnoma Tehronda 16 may kuni Britaniya elchisi ishtirokida imzolandi. Lekin bu masalada konsorsium rasmiy Londondan ruxsat olgan-olmagani ma’lum emas.

− Buyuk Britaniya hukumati... shartnomani ma’qullaydi, deb umid qilyapmiz, − dedi Eron neft vaziri Bijan Namadar Zanganeh.

Pergas amalga oshiradigan 1 milliard dollarlik loyiha zamonaviy texnologiyalarni qo‘llash, eski Karanj neft konidan keyingi o‘n yilda har kuni 200 ming barrel neft qazib olishni nazarda tutadi. Ayni paytda o‘sha kondan kuniga 120 ming barrel neft qazib olinmoqda.

AQShning tiklangan sanksiyalari Qo‘shma Shtatlar va chet el kompaniyalarining Eron bilan hamkorlik qilishini, yana hamkorlik uchun AQShning moliya muassasalari faoliyatidan foydalanishni taqiqlaydi.

Zangenah rasmiy Tehron ayni paytda kuniga 4 million barrellik neft qazib olish va eksport sur’atlarini saqlab qolish uchun qo‘lidan kelgan barcha ishni qilishini aytdi. Uning fikricha, Eron AQShning yadro bitimidan chiqishi oqibatlariga barham berishning uddasidan chiqa oladi.

− Hozirgi qiyinchiliklar o‘tib ketadi va Eron undan g‘alaba bilan chiqadi,− dedi u.

XS
SM
MD
LG