Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 05:50

Mirziyoev TVda gapirtirmoqchi bo‘lgan sobiq bosh prokuror "Sangorod"da davolanmoqda


Rashitjon Qodirov 15 yil davomida O‘zbekiston Bosh prokuraturasiga rahbarlik qildi
Rashitjon Qodirov 15 yil davomida O‘zbekiston Bosh prokuraturasiga rahbarlik qildi

O‘zbekiston sobiq bosh prokurori Rashitjon Qodirov Toshkentdagi 64/18 koloniyada (mahbuslar davolanadigan "Sangorod") davolanmoqda. Ozodlik muxbiriga Ichki ishlar vazirligi zobiti 21 may kuni ma’lum qilgan bu xabarni Rashitjon Qodirovning oilasi yaqinlaridan biri tasdiqladi.

22 fevralda hibsga olingan 66 yashar sobiq bosh prokuror "tovlamachilik", "mansab vakolatlarini suiiste’mol qilish" va "pora olish"da ayblanmoqda.

19 may kuni Andijon viloyat, Ulug‘nor tumanida viloyat faollari bilan bo‘lgan uchrashuvda ma’ruza qilgan prezident Shavkat Mirziyoev sobiq prokurorni "ikki-uch oy ichida televidenie orqali gapirtirishini" aytgandi.

Qon bosimi

Ichki ishlar vazirligi zobitining Ozodlik muxbiriga aytishicha, qon bosimidan shikoyat qilgan Rashitjon Qodirov "taxminan ikki hafta oldin" mahbuslar davolanadigan "Sangorod"ga yotqizilgan.

"Qodirov taxminan ikki hafta oldin "Sangorod"ga yotqizildi. O‘shangacha qon bosimi ko‘tarilib-tushib turgandi. Ko‘rsatilayotgan tibbiy yordam yetarli emas, deb shikoyat qilayotgandi," dedi ismi sir qolishini so‘ragan militsiya zobiti.

Uning bu ma’lumotini Qodirovning yaqinlaridan biri ham tasdiqladi. Adliya sohasida ishlovchi bu manbaga ko‘ra, sobiq prokurorning shifoxonaga yotqizilgani haqida yaqinlarini uning advokati xabardor qilgan.

"Qodirovning advokati oilasi a’zolariga uning kasalxonaga yotqizilganini aytgan. Lekin, advokat uni qaerda davolashayotganini bilmas ekan," dedi Qodirovning oilasi yaqinlaridan biri.

"Iqror"

19 may kuni Andijon viloyat, Ulug‘nor tumanida viloyat faollari bilan bo‘lgan uchrashuvda ma’ruza qilgan prezident Shavkat Mirziyoev sobiq prokurorni "ikki-uch oy ichida" televidenie orqali gapirtirishini aytdi.

- Sobiq bosh prokuror butun jamoasi bilan qamoqda. Million-million dollar topshirib yotibdi. Ikki-uch oy ichida televidenie orqali o‘zini gapirtiraman. Negaki, korrupsiyalashtirib yuborgandi, har bir tuman prokuroridan 30-40 ming dollar olgan. Hammasini qaytarib beryapti. Qodirov kim o‘zi? Qip qizil o‘g‘ri odam bo‘lgan. Shuning uchun, prokuraturada 70 foiz odam almashdi, halol odamlarni qo‘ydim. Kim xiyonat qilsa, shunday yo‘ldan boradi, - degan Shavkat Mirziyoev.

Ayni paytda Ichki ishlar vazirligi zobitining aytishicha, Rashitjon Qodirov mamlakat televideniesi orqali chiqib, barcha ayblovlarga iqror bo‘lishga hamda prezident va o‘zbek xalqidan kechirim so‘rashga rozilik bildirgan.

"Rashitjon Qodirov televizordan chiqib hamma ayblarni bo‘yniga olishga, prezidentdan va xalqdan kechirim so‘rashga rozi bo‘lgan. Aybiga iqror bo‘lish bilan u jazo muddatining ozayishiga umid qilayapti," dedi Ichki ishlar vazirligi zobiti.

15 yillik bosh prokuror

22 fevralda hibsga olingan Qodirov, Bosh prokuratura rasmiy xabariga ko‘ra, O‘zbekiston Jinoyat kodeksining "Tovlamachilik" (165-moddasi), "Hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish" (205-modda) va "Pora olish" (210-modda) moddalari bo‘yicha ayblanmoqda.

66 yashar Rashitjon Qodirov 2000 yildan boshlab 15 yil davomida O‘zbekiston bosh prokurori vazifasida ishladi.

Bosh prokuratura rasmiy sayti xabari
Bosh prokuratura rasmiy sayti xabari

​Uning o‘g‘li Alisherbek Qodirov Ichki ishlar vazirligi tarafidan 2018 yilning 5 mart kuni xalqaro qidiruvga berilgan.

39 yashar Alisherbek Qodirov “Tovlamachilik” (JK 165-moddasi) va “Firibgarlik”da (JK 168-moddasi) gumonlanmoqda.

Ota va o‘g‘ilga qarshi olib borilayotgan tergov amaliyoti davomida hozirga qadar ulardan jabr ko‘rganlardan umumiy qiymati yarim milliard AQSh dollariga teng da’vo arizalari olingan.

XS
SM
MD
LG