Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 23:04

Diana o‘limi ortidan bo‘shatilgan amaldor yangi ishini yana o‘qituvchiga ko‘cha supurtirishdan boshladi


Samarqand shahridagi 62-sonli imkoniyati cheklangan bolalar maktab internati o‘qituvchi va tarbiyachilari shanba va yakshanba kunlari obodonlashtirish ishiga jalb etilgan.
Samarqand shahridagi 62-sonli imkoniyati cheklangan bolalar maktab internati o‘qituvchi va tarbiyachilari shanba va yakshanba kunlari obodonlashtirish ishiga jalb etilgan.

Prezident Mirziyoevning Samarqand safari arafasida ko‘cha tozalashga majburlangan 23 yashar kattaqo‘rg‘onlik o‘qituvchining 14 mart kungi fojiali o‘limi ortidan Azamat Umarov viloyat Xalq ta’limi boshqarmasi rahbari lavozimidan bo‘shatilgan edi.

Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha¸ Umarov 18 may kuni Samarqand shahridagi 62-sonli maktab-internatga direktor etib tayinlangan va darhol o‘qituvchilarni yana obodonlashtirishga haydagan.

Samarqand shahridagi 62-sonli aqliy imkoniyati cheklangan bolalar maktab- internatining ismi sir qolishi sharti bilan Ozodlikka gapirgan o‘qituvchilaridan biri yangi tayinlangan direktor Azamat Umarov ishga chiqishi bilan hammani ko‘cha tozalashga majburlaganini aytadi:

- Yangi direktor o‘sha kunning o‘zida (18 may kuni) yig‘ilish o‘tkazib, shanba, yakshanba kunlari hamma o‘qituvchi, tarbiyachi, ishchi xodimlarni obodonlashtirish, ko‘cha tozalash ishlariga kelishga majbur qildi. Ko‘pchilik yosh bolali xodimlar, bolasini yetaklab ertalabdan maktab internatiga kelishga majbur bo‘ldi”, - deydi 62-son maktab-internati o‘qituvchisi.

Samarqand shahridagi 62-sonli imkoniyati cheklangan bolalar maktab internatida o‘qituvchilar dam olish kuni obodonlashtirish ishida.
Samarqand shahridagi 62-sonli imkoniyati cheklangan bolalar maktab internatida o‘qituvchilar dam olish kuni obodonlashtirish ishida.

Shu yilning mart oyida prezident Shavkat Mirziyoevning Samarqandga tashrifi arafasida ko‘cha tozalashga olib chiqilgan kattaqo‘rg‘onlik yosh pedagog Diana Yenikeeva Kamaz ostida qolib nobud bo‘lgan edi.

Ushbu fojia ortidan Samarqanddagi bir qancha mansabdor, jumladan Samarqand viloyati Xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Azamat Umarov ham vazifasidan chetlatilgan edi.

- 18 may kuni to‘satdan direktorimizni nafaqaga chiqarib, 60 yoshli Umarovni bizga direktor etib qo‘yishdi. Oldingi direktorimiz bizga ko‘cha tozalatmas edi, bolalarni o‘qitishga ko‘proq e’tibor qaratar edi. Chunki, o‘qituvchilar shanba, yakshanba ham dam olmasdan ishlasa¸ bu bilim berish sifatiga ta’sir qiladi-da, - deydi 62-son imkoniyati cheklangan bolalar maktab internatining boshqa bir o‘qituvchisi.

Samarqand shahridagi 62-sonli imkoniyati cheklangan bolalar maktab internati.
Samarqand shahridagi 62-sonli imkoniyati cheklangan bolalar maktab internati.

Diana Yenikeevaning o‘limi O‘zbekistonda keng tarqalgan byudjet tashkiloti xodimlarini vazifasiga kirmaydigan majburiy mehnatga jalb qilish muammosiga jamoatchilik e’tiborini qaratgan edi.

O‘zbekiston prezidenti matbuot kotibi Komil Allamjonov aprel oyida Samarqanddagi fojia haqida gapirib, bundan keyin fuqarolarni jamoatchilik ishlariga majburlash hollari takrorlansa¸ “jazo qattiq” bo‘lishini aytgan edi.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev ham aprel oyida Jizzaxga safari davomida samarqandlik o‘qituvchi Diana Yenikeevaning o‘limida o‘zini ham aybdor his qilishini, bundan buyon o‘qituvchini majburiy mehnatga jalb qilgan hokimlar, katta xizmatlari bo‘lishidan qat’iy nazar, ishdan ketishini ta’kidlagandi.

O‘qituvchini ko‘cha supirtirish menga ham, siyosatga ham xiyonat!”, - degan edi o‘tgan oy prezident.

Prezidentning bunday bayonotlariga teskari ravishda O‘zbekistonda o‘qituvchilarni farroshlikka majburlash amaliyoti deyarli o‘zgarishsiz davom etmoqda.

- Majburiy mehnatga barham berilganligi haqidagi gap faqat qog‘ozda ekan-da, - deydi Samarqanddagi 62-son imkoniyati cheklangan bolalar maktab-internatining Ozodlik gaplashgan o‘qituvchisi.

Samarqand shahridagi 62-sonli imkoniyati cheklangan bolalar maktab internatida o‘qituvchilar dam olish kuni obodonlashtirish ishida.
Samarqand shahridagi 62-sonli imkoniyati cheklangan bolalar maktab internatida o‘qituvchilar dam olish kuni obodonlashtirish ishida.

Ozodlik muxbiri o‘qituvchilar shikoyatini o‘rganish asnosida maktab-internatiga telefon qildi.

Maktab mas’ullaridan biri o‘qituvchilar shanba va yakshanba kunlari ko‘cha tozalashga chiqarilganini tasdiqladi:

- Yangi direktor kelib, shunday bo‘layapti. Bizga juma kuni direktor bo‘lib keldi, shanba va yakshanba hammani obodonlashtirishga chiqarayapti. Oldingi direktorimiz payti bunaqasi bo‘lmagan edi, - deydi ismi sir qolishi sharti bilan Ozodlikka gapirgan 62-son imkoniyati cheklangan bolalar maktab-internati mas’ul xodimi.

Maktab direktorining xo‘jalik ishlariga mas’ul muovini Gullola Mamatqulova Ozodlik bilan suhbatda o‘qituvchilarning o‘z xohishi bilan obodonlashtirishga chiqarilganini iddao qildi:

- Maktabda har bir yer maydonchasi o‘qituvchi-tarbiyachilarga bo‘lib berilgan. Shu yerni ular tozalashi kerak. Ko‘chaga chiqib ishlayotganimiz yo‘qku! Obodonlashtirishga qaranglar¸ dedi direktorimiz, shanba va yakshanba qilishdi o‘qituvchilar, - dedi Gullola Mamatqulova.

Ozodlik muxbirining "O‘qituvchilar dam olish kunlari oilasi bilan dam olishi kerak emasmi? O‘qituvchilarni dam olish kunlari ham ishlatish bilim sifatiga ta’siri qilmaydimi?" - degan savollarini Mamatqulova javobsiz qoldirdi:

- Bu savolni direktorni o‘zlariga bering, - dedi 62-sonli maktab direktorining xo‘jalik ishlariga mas’ul muovini Gullola Mamatqulova Mamatqulova.

Ozodlik 62-sonli imkoniyati cheklangan bolalar maktab internatiga yangi direktor etib tayinlangan Azamat Umarovaga kun davomida telefon qilib, unga bog‘lana olmadi - direktor mobil telefoniga qilingan qo‘ng‘iroqlarni javobsiz qoldirdi.

XS
SM
MD
LG