Линклар

Шошилинч хабар
23 октябр 2018, Тошкент вақти: 16:46

Surxondaryoda fermer prokurorni kaltaklaganlikda ayblanmoqda (VIDEO)


Surxondaryolik Qahramon Temirov prokuratura xodimlari uni do‘pposlab, qovurg‘asini sindirgani haqda da’vo qilib, O‘zbekiston bosh prokuraturasi va O‘zbekiston prezidenti virtual qabulxonasiga shikoyat qilgan.

Surxondaryolik fermer prokuratura xodimlari uni do‘pposlab, qovurg‘asini sindirgani haqda da’vo qilib, O‘zbekiston bosh prokuraturasi va O‘zbekiston prezidenti virtual qabulxonasiga shikoyat qilganidan 45 kun o‘tib mahalliy prokuratura fermerning o‘zini organ xodimiga qo‘l ko‘targanlikda ayblab, uning ustidan jinoyat ishi ochilganini ma’lum qildi.

Сурхондарёда фермер прокурорни калтаклаганликда айбланмоқда
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:00:37 0:00

Voqea Surxondaryoning Qumqo‘rg‘on tumanida 10 mart kuni ro‘y bergani Ozodlikka bugun ma’lum bo‘ldi. Shu tumanda yashovchi 35 yoshli fermer Qahramon Temirovning Ozodlikka aytishicha, o‘sha kuni uning uyiga Surxondaryo viloyat prokuraturasidan 8 xodim militsiya polkovnigi bo‘lgan amakisini qidirib kelgan.

- Amakim militsiyada tergovchi. Prokuratura xodimlari uni pora olganlikda gumonlab qidirib kelishgandi. Departament xodimlari meni mashinaga bosib, so‘roqqa olib ketishdi. Meni Jarqo‘rg‘on tuman prokuraturasida tinimsiz kaltaklashdi, qovurg‘amni sindirishdi, qulog‘imga shikast yetkazishdi. Ko‘zlarim qiynoqlar natijasida shishib ketganligidan va kaltaklar natijasida ko‘nglim aynib boshlaganidan postovoy xodimlar meni prokuratura xovlisiga toza havoga olib chiqishganda to‘satdan mening xolatimni ko‘rib qolgan qarindoshlarim videoga olishgan, - deydi Temirov.

Surxondaryolik fermerning aytishicha, u advokat yollab kaltaklagan prokurorlar ustidan Surxondaryo viloyat prokuraturasiga shikoyat qilgan.

- Meni kaltaklaganlar ustidan shikoyat qildim. Ekspertiza o‘tkazishdi. Doktorlar ataylabdan, ishni yopti-yopti qilish uchun qovurg‘asi avvaldan singan bo‘lgan, kaltaklanish belgilari yo‘q, deb noto‘g‘ri xulosa chiqarib berishdi, qulog‘imga yetkazgan shikastlarni ekspertiza xulosasida shamollash asorati deb ko‘rsatishdi, - deydi Qahramon Temirov.

Ekspertiza kaltaklanish belgilari yo‘q, deb xulosa chiqargan.
Ekspertiza kaltaklanish belgilari yo‘q, deb xulosa chiqargan.

Shundan so‘ng fermer Surxondare viloyat hokimligi qoshidagi Xalq kabulxonasida Viloyat prokurori qabuliga yozilganini aytadi.

- Belgilangan vaqtda bordik. Viloyat prokurori kelmadi, o‘rinbosarlari ham kelmadi. Viloyat prokuraturasi kanselyariya xodimi kelib dardimizni ohirgacha eshitmay haydab yubordi, - deydi Qahramon Temirov.

Qahramon Temirov prokurorlar kaltaklagani yuzasidan prezidentga arz qilgan.
Qahramon Temirov prokurorlar kaltaklagani yuzasidan prezidentga arz qilgan.

Viloat darajasidagi idoralardan natija chiqmagach, fermer advokat yollab, O‘zbekiston Respublikasi bosh prokuraturasiga arz qilgan.

Advokati Usmon Ibragimovning Ozodlikka aytishicha, bosh prokuraturaga arz qilingandan so‘ng, Jarqo‘rg‘on tuman prokuratrasi fermerning o‘ziga nisbatan “xavfsizlik xodimlariga qarshilik qilish” moddasi bo‘yicha jinoyat ishi ochishgan.

- Biz viloyat prokuraturasidan tortib, O‘zbekiston bosh prokuraturasigacha tinimsiz shikoyat qilganmiz. Endi Temirov Qahramonning o‘zini ayblab o‘tiribdi bular. Qashilik ko‘rsatib xodimni urgan, deb jinoyat ishi ochishibdi. Qanday qilib fermer bir qancha prokuratura xodimiga qo‘l ko‘targan bo‘lishi mumkin? - deydi fermerning advokati Usmon Ibragimov.

​Kim kimga qo‘l ko‘targan?

Surxondaryo viloyat prokuraturasi mulozimi Ozodlikka fermer prokuratura xodimiga qarshilik qilgani va qo‘l ko‘targani, buni tasdiqlovchi guvohlar borligini aytdi.

- Prokuratura xodimlari uning amakisini surishtirib borishganida u xodimlarga bo‘ysunmagan, ularga qo‘l ko‘targan. Hozir uning o‘ziga 341-modda, organ xodimiga nisbatan kuch qo‘llash va 234-modda, bezorilik asosida ish ochilgan. Uning o‘zi hozir qochib yuribdi, - dedi Surxondaryo prokuraturasi mulozimi.

Lekin mulozim Qahramon Temirov ustidan jinoyat ishi qachon ochilganini aytmadi.

Temirovning ukasi Dilmurodning aytishicha, ular prokuraturadan 26 aprelda chaqiruv olganliklari va Qahramonning ustidan jinoyat ishi ochilganini bilgan. Ya’ni Temirovlar bu yangilikni 10 mart kungi voqeadan 45 kun o‘tib bilgan.

Fermer Qahramon Temirov tinimsiz shikoyatlaridan so‘ng prokuratura shunday “cho‘pchak o‘ylab topgan”ini aytadi.

- Prokuratura xodimlari meni jinoyatchiga chiqarib, meni qiynoqqa solishganini imi-jimida yopib yuborishmoqchi shekilli. Agar prokuratura xodimlari bu ishni qonuniy ohiriga yetkazishmoqchi bo‘lganda o‘sha kungi voqealar tasvirlangan Jarqo‘rg‘on prokuraturasi binosi va Qumqo‘rg‘on tumani IIB binosidagi video tasmalarni ko‘rsa bas edi. Bu uzog‘i bilan bir kunda hamma narsaga oydinlik kiritardi,- deydi surxondaryolik fermer.

Qahramon Temirov yordam so‘rab mamlakat prezidentiga ham xat yozgan. Fermerning xatida, jumladan, bunday deyilgan:

"Hurmatli Shavkat Miromonovich men oddiy chopon kiygan, dehqon, butun umr dalada ishlab halol pul topib yashab kelgan fuqarongizga Surxondaryo viloyat prokuraturasining ba’zi xodimlari tomonidan qilgan jinoyatlarini aniqlashni shaxsan o‘zingiz nazoratga olib xolisona baho bersangiz", - deyiladi fermerning prezidentga 25 mart kuni yozgan ochiq maktubida.

Xalqaro inson huquqlari tashkilotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda huquq-tartibot tuzilmalari tomonidan qo‘lga olinganlarga nisbatan qiynoqlar qo‘llanilishi va noinsoniy munosabatda bo‘linishi keng tarqalgan, qiynoqqa solganlar jazolanmay qolmoqda.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev ham o‘tgan yili Konstitutsiya qabul qilinganining 25 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi ma’ruzasida sud-tergov davomida qiynoq qo‘llash holatlarini tanqid qilgandi.

​Ammo huquq faollariga ko‘ra, amalda vaziyat o‘zgarishsiz qolgan.

Tergov hibsxonalarida qiynoqlar qo‘llanayotgani haqidagi xabarlar hozir ham Ozodlikka kelishda davom etmoqda.

XS
SM
MD
LG