Линклар

Шошилинч хабар
16 апрел 2024, Тошкент вақти: 10:36

O‘qituvchilarga “Obod qishloq” dasturini moliyalash uchun o‘lpon solindi


Namanganda o‘qituvchilardan bir kunlik oyligini "Obod qishloq" dasturiga o‘tkazish so‘ralgan.
Namanganda o‘qituvchilardan bir kunlik oyligini "Obod qishloq" dasturiga o‘tkazish so‘ralgan.

Namangan viloyati To‘raqo‘rg‘on tumanidagi maktab o‘qituvchilari oyligining bir qismini “Obod qishloq” dasturi uchun o‘tkazishga majburlanmoqda. Bu haqda tumandagi bir qancha maktab o‘qituvchisi Ozodlikka ma’lum qildi. Tuman xalq ta’limi bo‘limi rahbari muovini Abdurasul Boymatov Ozodlik bilan suhbatda “Obod qishloq” dasturi uchun pul tuman hokimining farmoyishiga ko‘ra, nafaqat maktab o‘qituvchilari, balki boshqa byudjet tashkilotlari xodimlaridan yig‘ilayotganinini tasdiqladi.

O‘zbekistondagi qishloq aholi punktlarining me’moriy qiyofasini yangilash, yo‘l-transport, muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasi hamda ijtimoiy soha ob’ektlarini barpo etishni ko‘zda tutuvchi "Obod qishloq" dasturini moliyalash uchun Namanganning To‘raqo‘rg‘on tumanidagi maktab o‘qituvchilari va boshqa byudjet tashkilotlari xodimlariga o‘lpon solingan.

Tumandagi 3-sonli maktabning ismi sir qolishini istagan o‘qituvchisining Ozodlikka aytishicha, ulardan bir kunlik oyligini "Obod qishloq" dasturiga o‘tkazish so‘ralgan.

– “Obod qishloq” dasturi uchun bir kunlik ish haqimizni o‘tkazishga rozimiz, degan tilxat yozdirib olishdi. Oyligimizdan shu dastur uchun ushlab qolishar ekan. Bu buyruk viloyat hokimining buyrug‘i emish, - deydi To‘raqo‘rg‘on tumanidagi 3-sonli maktab o‘qituvchi.

Oyligining bir qismini o‘tkazishga qarshi chiqqanlar dars soatlari qisqartirilishi yoki ishdan bo‘shatilishi haqida ogohlantirilgan.

- 800ming so‘m oylik olamiz. Obuna deb urib qoladi, maktab remonti, deydi. Endi “Obod qishloq” uchun so‘rashyapti. Bermasangiz dars soatingni qisqartirasmiz, deydi, ishdan haydaymiz, deydi, hullas majbur qiladi, to‘lamasdan boshqa iloj yo‘q,- deydi To‘raqo‘rg‘on tumanidagi 8-sonli maktab o‘qituvchisi.

Ozodlik suhbatlashgan ayrim boshqa o‘qituvchilar esa o‘z ixtiyori bilan pulni o‘tkazishga rozilik berganliklarini aytishadi.

- O‘z ixtiyorimiz bilan o‘tkazyapmiz. Chunki o‘zimizni qishloq obod bo‘lsa o‘zimizga yaxshiku, - deydi To‘raqo‘rg‘on tumanidagi 12-sonli maktab o‘qituvchisi.

Tuman xalq ta’limi bo‘limi rahbari muovini Abdurasul Boymatov Ozodlik bilan suhbatda “Obod qishloq” dasturi uchun pul tuman hokimining farmoyishiga ko‘ra, nafaqat maktab o‘qituvchilari, balki boshqa byudjet tashkilotlari xodimlaridan yig‘ilayotganini tasdiqladi, ammo buning ixtiyoriy yig‘im ekanini iddao qildi.

- Hokimni buyrug‘i bor, hamma byudjet tashkilotlariga taaluqli bu, - dedi Boymatov.

Ozodlik To‘raqo‘rg‘on tumani hokimligidan “Obod qishloq” dasturi uchun o‘qituvchilar pul o‘tkazishga majburlanayotgani haqida izoh olishga urindi.

Lekin, tuman hokimi yordamchisi bu haqdagi savolni eshitgach telefonni qo‘yib qo‘ydi.

O‘zbekiston prezidenti shu yil 29 mart kuni “Obod qishloq to‘g‘risida” farmon chiqargan edi.

Farmon qishloq aholi punktlarining me’moriy qiyofasini tubdan yangilash, yo‘l-transport, muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasi hamda ijtimoiy soha ob’ektlarini barpo etishni ko‘zda tutadi.

Farmonda “Obod qishloq” dasturi respublika byudjeti va maqsadli jamg‘armalar mablag‘lari, mahalliy byudjet va uning qo‘shimcha mablag‘lari, tarmoq korxonalarining mablag‘lari, xalqaro moliya institutlari va xorijiy davlatlarning grant mablag‘lari, “Mahalla” jamg‘armasining va boshqa tashkilotlarning homiylik xayriyalari, tashabbuskor tadbirkorlar mablag‘lari, hasharlar va xayriya tadbirlarini o‘tkazish hisobidan tushadigan mablag‘lar hisobidan moliyalanishi ta’kidlangan.

O‘zbekistonda hukumat dasturlarini amalga oshirish va inshotlar qurish uchun o‘qituvchilar va byudjet tashkilotlari xodimlaridan pul yig‘ilishi ilgari ham kuzatilgan.

Ikki yil avval Namanganda o‘qituvchilardan viloyat markazidagi "Navbahor" stadioni uchun 16 ming 500 so‘mdan pul yig‘ishga majburlanayotgani haqida Ozodlik xabar bergan edi.

XS
SM
MD
LG