Линклар

Шошилинч хабар
22 декабр 2025, Тошкент вақти: 11:45

Avstriyalik jurnalist savollari bilan Putinni shoshirib qo‘ydi


Rossiya prezidenti Vladimir Putin Avstriya kansleri Sebastyan Kurts bilan. Vena, 2018, 5 iyun
Rossiya prezidenti Vladimir Putin Avstriya kansleri Sebastyan Kurts bilan. Vena, 2018, 5 iyun

Vladimir Putin yangi prezidentlik muddatiga kirishgandan so‘ng ilk marta Avstriyaga safar qildi. Buning o‘ziga yarasha sabablari bor.

Yevropa Ittifoqiga (YeI) a’zo aksariyat mamlakatlarning Moskva bilan munosabatlari Rossiya Qrimni bosib olgani va Ukraina sharqidagi bo‘lginchilarni qo‘llab-quvvatlayotgani va yana boshqa sabablarga ko‘ra sovuqlashib ketgan ko‘yi ilimayapti.

Putin Rossiyaning sanksiyalar bois uzoq vaqt izolyatsiyada qolib ketishi iqtisodiy taraqqiyotiga salbiy ta’sir ko‘rsatishini yaxshi biladi. Shuning uchun qanday qilib bo‘lsa-da G‘arb mamlakatlari bilan munobatlarni yaxshilashga intilmoqda, ularning rahbarlari orasidan tarafdorlar qidirmoqda.

Shu ma’noda uning Avstriyaga safar qilgani bejiz emas. Ushbu mamlakat koalitsion hukumati tarkibidagi «Ozodlik» partiyasi Kreml siyosatini qo‘llab-quvvatlab kelayotgani hammaga ayon. Boz ustiga, kansler Sebastyan Kurts ham Rossiyaga qarshi sanksiyalarni yumshatish tarafdori ekanini aytib keladi.

Masalaning boshqa muhim jihati ham bor: joriy yilning ikkinchi yarmi, ya’ni 1 iyulidan Yevropaga Ittifoqiga raislik Avstriyaga o‘tadi va tabiiyki, yil oxiriga borib Rossiyaga qarshi sanksiyalarni uzaytirish masalasi yana kun tartibiga chiqadi. Sanksiyalarni birdan bekor qilish qiyindir, lekin Putin ularni yumshatish masalasida Avstriya ko‘magidan umidvor.

Avstriyalik siyosatshunos, Budapeshtdagi Markaziy Osiyo universiteti professori Anton Pelinkaning fikricha, Avstriya Yevropa Ittifoqida unchalik ta’sir kuchiga ega bo‘lmagani uchun Bryusselinng siyosiy irodasiga qarshi bora olmaydi.

Rossiya masalasidagi fikrida Anton Pelinka yolg‘iz emas, binobarin, avstriyaliklarni Kreml siyosatini dastaklash masalasida hukumat bilan yakdil deyish qiyin. Bunga Venaga safari oldidan Putindan intervyu olgan ORF telekanali muxbiri Armin Volfni misol qilib keltirish mumkin.

U hard talk (“og‘ir suhbat”) uslubidagi keskin savollari bilan Putinday tajribali siyosatchini ham shoshirib qo‘ydi, asabiylashishga majbur qildi. Putin noo‘ng‘ay savollariga javob berishdan qochishga uringan paytlarda ularni takrorlayverib, gapini bo‘lib qo‘yaverib, ovora qildi.

U Putinga Rossiyaning Yevropa Ittifoqi bilan munosabatlari, Ukraina sharqida 2014 yili urib tushirilgan Malayziya yo‘lovchi uchog‘i, Qrimning bosib olinishi, muxolifatchi Aleksey Navalniy haqida ko‘plab o‘tkir va og‘ir savollar berdi.

Odatda telekamera oldida o‘zini sipo tutishga o‘rgangan Putin bu safar jahli chiqayotganini yashirib o‘tirmadi. Chunki u jurnalistning Qrimni Ukrainaga qaytarish mumkinmi, qabilidagi savollariga sixni ham, kabobni ham kuydirmaydigan tarzda javob bera olmas edi. Shuning uchun dangalini aytib qo‘ya qoldi: “Bunaqa sharoit yo‘q, bo‘lishi ham mumkin emas”.

Putin Yevropa bilan munosabatlarni qayta tiklash uchun turli iqtisodiy loyihalarni taklif qilmoqda. Ammo Kremlning Qrim masalasidagi qat’iy pozitsiyasi sanksiyalar bekor qilinishiga esh bo‘lmasligi aniq.

Garchi Yevropaning turli maqomdagi siyosatchilari sanksiyalarni bekor qilish haqida ahyon-ahyon gapirayotgan bo‘lsa-da, vaziyat ancha murakab.

Buni Anton Pelinkaning, “Ozodlik” radiosining Yevropa Putin bilan murosa qilishga tayyormi, degan savoliga bergan javobidan ham bilib olsa bo‘ladi:

– Men bunaqa demagan bo‘lar edim. Umuman olganda, Rossiya bilan Yevropa Ittifoqining munosabatlari har qachongidan yomon va vaziyat bir-ikki kunda o‘zgarib qolmaydi. Bundan tashqari, «oddiygina» hal etib bo‘lmaydigan muammolar bor. Bu avvalo Qrim masalasiga tegishli. Hatto Ukraina sharqidagi vaziyatni ham izga solsa bo‘ladi. Qrim – siyosiy boshi berk ko‘cha. Bu masalada Rossiya vaziyatni qayta ko‘rib chiqishga tayyor emas, Yevropa esa Rossiyaning pozitsiyasi bilan kelisha olmaydi. Chunki bu xalqaro huquqning qo‘pol tarzda buzilishini tan olishni anglatadi va kelgusidagi ko‘plab muammolarga yo‘l ochib beradi. Putin Qrim eng katta xatosi bo‘lganini hali tushunib yetishi kerak.

Binobarin, Putinning Avstriyaga bir kunlik safaridan ko‘p narsa kutish qiyin.

XS
SM
MD
LG