Линклар

Шошилинч хабар
22 декабр 2025, Тошкент вақти: 10:22

Mashinada yolg‘iz qoldirilgan 9 yoshli bola tiriklayin yonib, halok bo‘ldi


Illyustratsiyaning Farg‘onada sodir bo‘lgan voqeaga aloqasi yo‘q.
Illyustratsiyaning Farg‘onada sodir bo‘lgan voqeaga aloqasi yo‘q.

Farg‘onada avtomashina ichida nazoratsiz qoldirilgan 9 yoshli bola tiriklayin yonib halok bo‘ldi. Farg‘ona viloyat Ichki ishlar boshqarmasi mulozimining Ozodlikka aytishicha, mashina ichida qolib ketgan bola 5 litrlik baklajkadagi benzinni to‘kib, gugurt bilan yoqib yuborgani tahmin qilinmoqda.

Hodisa 11 iyun oqshomida Farg‘ona viloyatining O‘zbekiston tumani Bekobod qishlog‘i hududidagi “Ergashali ustoz Murodov” fermer xo‘jaligida ro‘y berdi.

Farg‘ona viloyat Ichki ishlar boshqarmasi mulozimining Ozodlikka aytishicha, ota 9 yoshli bolasini mashinada nazoratsiz qoldirib, o‘zi o‘rik tergani boqqa kirib ketganida mashinada yong‘in ro‘y bergan.

- Kech soat 5 yarimlarda otasi bolani mashina ichida qoldirib o‘rik tergani ketgan. VAZ-2102 mashinasi ichida qolib ketgan bola 5 litrlik bakalajkadagi benzinni to‘kib, gugurt bilan yoqib yuborgan. Bola shu joyning o‘zida yonib halok bo‘ldi. Hozir bu bo‘yicha prokuratura shug‘ullanyapti, - dedi Farg‘ona IIBsi mulozimi.

Voqea guvohlaridan birining Ozodlikka aytishicha, yonayotgan mashinani odamlar o‘t o‘chiruvchilar otryadi kelguniga qadar o‘chirib bo‘lishgan, lekin bolaning hayotini saqlab qola olishmagan.

- Mashinaning eshigi yopiq bo‘lgan, ochiq bo‘lganida balki bolani hayoti saqlab qolingan bo‘lar edi, - deydi Ozodlikka gapirgan voqea guvohlaridan biri.

Ota-onalar farzandlarini yopiq mashinalarda qarovsiz qoldirib ketishi oqibatida ro‘y bergan ko‘ngilsiz hodisalar haqida Ozodlik avval ham xabar bergan.

O‘tgan yili Toshkentda ayol uch yoshli bolasini mashinaga qamab ketishi oqibatida bola issiqda halok bo‘lgan edi.

O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi ota-onalarni bolalarini yopiq avtomobillarda yolg‘iz qoldirib ketmaslik haqida ogohlantirmoqda, shunday xolatlarni ko‘rgan fuqarolardan esa, zudlikda militsiyaga xabar berishni so‘ramoqda.

XS
SM
MD
LG