Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 07:25

Toshkent prokurori eks-muovinining boyligi qidirilmoqda. Qarindoshlari uyida tintuv o‘tkazildi


Mirag‘lam Mirzaevning o‘g‘li¸ MXX Toshkent shahar boshqarmasi sobiq rahbari Abdurashid Mirzaevning O‘zbekistondan qochib ketish oldidan hibsga olingani aytiladi.
Mirag‘lam Mirzaevning o‘g‘li¸ MXX Toshkent shahar boshqarmasi sobiq rahbari Abdurashid Mirzaevning O‘zbekistondan qochib ketish oldidan hibsga olingani aytiladi.

Ozodlikka bir necha manbadan kelgan ma’lumotga ko‘ra, joriy oy boshida Toshkent shahar prokurorining sobiq 1-o‘rinbosari Mirag‘lam Mirzaevning yigirmaga yaqin qarindoshi uyida bir kunning o‘zida tintuv o‘tkazilgan. Bu xabarni huquq tizimidagi mulozim tasdiqladi.

Tintuvga O‘zbekiston Bosh prokuraturasi Uyushgan jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurashish boshqarmasi mulozimlari yetakchilik qilgan.

Ozodlikning mazkur voqea yuzasidan ma’lumot so‘rab Bosh prokuratura matbuot xizmatiga qilgan murojaatiga "bu ish yuzasidan tergov ketayotganligi sababli qaerda va qanday tergov harakatlari o‘tkazilayotganligi haqida batafsil ma’lumot bera olmaymiz"¸ degan javob berildi.

Ozodlikka bu voqea yuzasidan huquqiy izoh bergan advokat¸ O‘zbekiston Jinoyat-protsessual kodeksiga muvofiq tergov amaliyotlari davomida bunday tintuvlar o‘tkazish va moddiy ashyolarning olib qo‘yilishi qonuniyligini bildirdi.

Tintuvlar tafsiloti

Tintuv o‘tkazilgan oilalardan biriga yaqin tadbirkorga ko‘ra¸ Mirzaevlar oilasi ustidan ochilgan jinoiy ish doirasida ularga tegishli boylik qidirilmoqda va tintuv o‘tkazilgan qarindoshlar nomiga rasmiylashtirilgan mulk va boylikning¸ aslida sobiq prokurorga qarashli ekani taxmin qilinmoqda.

1 iyun kuni Mirag‘lam Mirzaev va uning xotini Muhabbat Mirzaevaning yaqin qarindoshlaridan 20 tasini uyini birdan bosishdi. Gruppa kirib kelgan va nima to‘g‘ri kelsa¸ hammasini akt qilib olib ketishgan. Sanikimi¸ Mirag‘lamnikimi¸ farqi yo‘q – naqd pul¸ tilla-brilliant¸ mashina hammasini olishgan. Ochig‘i¸ Mirzaevlar qamalishi bilan ularning yaqinlari bekitadigani bekitib bo‘lgan edi. Olib ketilganlar undan qolgani¸” dedi shaxsi ochiqlanishini istamagan Mirzaevlarga yaqin manba.

(Bu suhbatdosh¸ Mirzaevlar qarindoshlaridan ayrimlari uyidan olingan naqd dollar va tilla miqdori¸ mashina nomlarini Ozodlikka aytdi¸ ammo tergov jarayoni hali davom etayotgani va gumonlanuvchilarga ziyon yetkazmaslik maqsadida bu aniq ma’lumotlar chop etilmasligini so‘radi.)

12 iyun kuni taxminan 10 kuncha oldinshunday tintuv bo‘lganini tasdiqlagan Toshkent huquq tizimlarida ishlovchi mulozimga ko‘ra¸ Bosh prokuraturaning Uyushgan jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurashish boshqarmasida ustidan jinoiy ish ochilgan amaldorlar o‘g‘irlagan boyliklarni qidirib¸ ularni davlatga qaytarish bilan shug‘ullanuvchi maxsus guruh tuzilgan. Bu mulozimga ko‘ra¸ maxsus guruhni Toshkent shahar Majburiy ijro byurosining oldingi boshlig‘i¸ adliya maslahatchisi Ulug‘bek Anvarov boshqarayapti.

Ulug‘bek aka tajribali tergovchi¸ shu odamni maxsus guruhni boshqarishga chaqirishdi. Hozir Toshkent MIBida boshliq lavozimi bo‘sh. Maxsus guruh ichida soliq¸ IIV va boshqalar ham mutaxassis sifatida qatnashayapti¸ lekin asosiy ishni prokuratura tergovchilari yuritayapti. Mirzaevlar qarindoshlari uyidagi tintuvni ham shu guruh o‘tkazdi¸ bilishimcha¸” - dedi Ozodlik gaplashgan huquq tizimi mulozimlaridan biri.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi "borayotgan tergov amaliyotlariga oid tafsilotlar"ni ochiqlamayotgani bois¸ Ozodlik hozircha bu ma’lumotlarni rasman tasdiqlatish imkoniga ega emas.

Aytilishicha¸ deyarli hammasi Toshkentning Shayxontoxur va Mirobod tumanlarida yashovchi Mirag‘lam Mirzaev va Muhabbat Mirzaevalarning yaqin qarindoshlari ustidan hozircha jinoiy ish ochilmagan.

Bularning hammasi¸ hozircha ozodlikda¸ so‘roqqa chaqirtirilishini kutib o‘tirishipti. Men bilganlarni hozircha chaqirtirishmadi. Tintuv qilinganlar orasida davlatga ishlaydiganlari ham bor¸ ko‘pchiligi katta tadbirkor¸ hammasi boy odamlar”¸ deydi uyi tintuv qilinganlardan biriga yaqin tadbirkor.

Jinoiy ish figurantlari qarindoshlarinikida tintuv o‘tkazish va mulkni olib ketish qonuniymi?

Ozodlikning bu savoliga tushuntirish bergan toshkentlik huquqshunos¸ O‘zbekiston Jinoyat-protsessual kodeksiga muvofiq¸ tergov doirasida prokuratura xodimlari gumonlanuvchi shaxslar uyida tintuv o‘tkazish va mulkiga arest qo‘yishga haqli ekanini bildirdi.

"Tintuv va olib qo‘yish haqida qarorni faqat sud chiqarsin¸ degan takliflar bo‘layapti. Ammo hozirgi qonunchilikka ko‘ra¸ tergovchida bunday huquq bor. Jinoyat-protsessual kodeksining 20-bobida yozib qo‘yilgan"¸ dedi Mirzaevlar qarindoshlari uyida o‘tkazilgan tintuv va ular mulkining olib qo‘yilishiga huquqiy izoh bergan advokat.

O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksining "Olib qo‘yish uchun asoslar" deb nomlangan 157-moddasida:​

"Jinoyat ishi uchun ahamiyatga molik narsa va hujjatlarning aynan kimda va qaerda ekanligi ma’lum bo‘lib, ularni qidirishning hojati bo‘lmasa, surishtiruvchi, tergovchi va sud ularni olib qo‘yishga haqlidir"¸ deb yozilgan.

"​Tintuv o‘tkazish uchun asoslar" deyilgan 158-moddaga ko‘ra:

"Surishtiruvchi va tergovchi biror turar joy, xizmat, ishlab chiqarish binosida yoki o‘zga joyda yoxud biror shaxsda ish uchun ahamiyatli bo‘lgan narsa yoki hujjatlar bor deb o‘ylash uchun yetarli ma’lumotga ega bo‘lgan taqdirda tintuv o‘tkazishga haqlidir."

Ozodlik suhbatlashgan huquqshunosga ko‘ra¸ tergov davomida olib qo‘yilgan mulk egalari ularning Mirzaevlarga aloqasi yo‘qligini dalillay olsa¸ ular egalariga qaytarilishi mumkin.

Mirag‘lam Mirzaev va Muhabbat Mirzaeva qaerda?

Ozodlik 12 iyun kuni gaplashgan huquq tizimi mulozimi¸ Muhabbat Mirzaevaning Gvardeyskaya ko‘chasidagi sobiq MXX tergov izolyatorida¸ o‘g‘li va jiyanining esa¸ MVD hibsxonasida saqlanayotganini bildirdi.

Mirag‘lamning o‘zi esa¸ agar yaqinda ko‘chirishmagan bo‘lsa¸ MVDning Olmazor tumanidagi markaziy gospitalida yotipti. Uchinchi marta insult bo‘lgan¸ o‘ng tarafi ishlamayapti. Tildan ham qolgan¸ deyishdi. Oldin ham ikki marta insult bo‘lgan. Bu ko‘rsatma bermaslik uchun o‘yin ham bo‘lishi mumkin. Mirag‘lamni oltita qo‘riqchi qo‘riqlayapti. Hozircha rasman hibsga olinmagan. Lekin xotini¸ o‘g‘li va jiyani qamoqda va ko‘rsatma bermoqda¸” dedi huquq tizimi mulozimi.

Bu suhbatdosh¸ o‘tgan hafta Mirag‘lam va Muhabbat Mirzaev(a)larning yaqin qarindoshlari uyida o‘tkazilgan tintuvga¸ ularning tergov davomida bergan ko‘rsatma va ma’lumotlari asos bo‘lgan bo‘lishini taxmin qiladi.

Boyliklar kimlarning otiga rasmiylashtirilgan¸ deganda aytib bergan bo‘lsa kerak. Tergov guruhi bekordan-bekorga tintuv o‘tkazmaydiku!”¸ deydi bu mulozim.

Mirag‘lam Mirzaev va uning yaqinlari kimlar?

Uzoq yillar rasman Toshkent shahar prokurorining 1-o‘rinbosari lavozimida ishlaganiga qaramay¸ amalda butun prokuratura tizimini boshqaruvchi “o‘zgarmas va qudratli” shaxs sifatida nom chiqargan Mirag‘lam Mirzaev (laqabi Antibiotik) prezident Shavkat Mirziëev 2017 yilning 9 fevral kungi selektor yig‘ilishida IIV va prokuratura tizimlarini tanqid qilganidan bir necha kun o‘tib ishdan olingan edi.

Mirzaevning xotini Muhabbat Hasanova (laqabi Kardinal)¸ “Yunusobod advokatlar kollegiyasi”ni boshqargan¸ MXXning sobiq raisi¸ general Rustam Inoyatovning xotini Flora Inoyatovaning yaqin do‘sti va qarindoshidir.

Mirzaevlarning o‘g‘li Abdurashid Mirzaev MXXning Toshkent shahar boshqarmasi huzuridagi Terrorizm va uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash bo‘linmasini boshqargan.

Mirag‘lam Mirzaevning ukasi Mira’zam Mirzaevning o‘g‘li Mansur Mirzaev (laqabi Malish ) MXXning Toshkent viloyat boshqarmasi huzuridagi Terrorizm va uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash bo‘linmasini boshqargan.

Toshkent mulozimlari¸ qolaversa Ozodlikka o‘z hikoyasini aytib berayotgan tadbirkorlar MXX sobiq raisi Inoyatov qanoti ostida ish yuritgan Mirzaevlar sulolasining uzoq yillar davomida MXX¸IIV¸ prokuratura va hokimiyat amaldorlarini terrorda ushlab¸ ulardan muntazam pora talab qilib kelganlik barobarida¸ ishi yurishgan tadbirkorlarni ayovsiz qaqshatib kelganini iddao qilishadi.

Mirag‘lam Mirzaev va oilasi yopiq hayot kechirgani bois¸ ularning biror bir fotosuratini hozircha ochiq manbalardan topishning imkoni bo‘lmadi.

"Mirzaevlar saltanati"ning qulashi

Joriy yilning 1 mart kuni Ozodlik O‘zbekiston huquq tizimlarida ishlovchi mulozimlarga tayanib¸ Mirag‘lam Mirzaev¸ uning xotini¸ o‘g‘li va jiyanining 23 fevral kuni so‘roqqa olib ketilgani haqida xabar tarqatgan edi.

O‘z ishonchli manbalariga tayangan Ozodlik Mirag‘lam Mirzaev va uning xotini Muhabbat Mirzaeva¸ ularning o‘g‘li Abdurashid Mirzaev¸ jiyani Mansur Mirzaevlar ustidan jinoiy ish ochilganini ham ma’lum qilgan edi.

22 mart kuni O‘zbekiston Bosh prokuraturasi Ozodlik xabarlarni rasman tasdiqlovchi bayonot chiqargan va “Bosh prokuratura tomonidan R. Qodirovga nisbatan o‘tkazilayotgan jinoyat ishi tergovi doirasida Toshkent shahar prokurorining sobiq birinchi o‘rinbosari M.A.Mirzaev, uning turmush o‘rtog‘i M.X.Mirzaeva, o‘g‘li A.M.Mirzaev ishtirokida juda ko‘p miqdorda pora olish, boshqa mansabdorlik jinoyatlarini sodir etganlik holatlari yuzasidan tergov harakatlari olib borilayotganini bildirgan edi.

Ayni paytda Bosh prokuratura bu shaxslarning ehtiyot chorasi sifatida sudgacha hisbga olingan-olinmagani¸ olingan bo‘lsa¸ qaerda saqlanayotganiga hozirga qadar oydinlik kiritmagan.

XS
SM
MD
LG