Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 17:40

Shavkat Mirziyoev O‘zbekiston xalqini hayit bilan tabrikladi


Prezident Shavkat Mirziyoev Ramazon hayiti munosabati bilan o‘zbekistonliklarni tabrikladi.

“Qadrli va muhtaram vatandoshlar! Sizlarni, yurtimizdagi barcha mo‘min-musulmonlarni, butun xalqimizni mehr-oqibat, ezgulik va saxovat ayyomi – muborak Ramazon hayiti bilan chin qalbimdan samimiy tabriklayman”, degan so‘zlar bilan boshlanadigan tabrik davomida Mirziyoev diniy sohada olib borilayotgan ishlarni ham tilga oldi.

Jumladan, prezident islom dinining buyuk insonparvarlik tamoyillarini asrash, targ‘ib etish maqsadida Imom Buxoriy va Imom Termiziy nomlaridagi xalqaro ilmiy markazlar, Islom sivilizatsiyasi markazi, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi tashkil etilganini esladi.

“Bugungi kunda butun insoniyat hayotiga tahdid solayotgan xavf-xatarlarga qarshi jaholatga qarshi – ma’rifat asosida kurashish, dinimiz pokligini saqlash bo‘yicha mamlakatimiz tomonidan nufuzli xalqaro minbarlardan qator amaliy tashabbuslar ilgari surilmoqda. Xususan, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi sessiyasida “Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik” degan nom bilan maxsus rezolyutsiya qabul qilish haqida bildirgan taklifimiz jahon miqyosida keng qo‘llab-quvvatlanmoqda”, deyiladi tabrikda.

Prezident tabrigida aytilishicha, O‘zbekistonda yangi taraqqiyot bosqichiga qadam qo‘yib, barcha sohalarda o‘zgarish va yangilanishlar kuchayib bormoqda.

Mirziyoev fikricha, Ramazon hayiti munosabati bilan uch kunlik dam olish e’lon qilingani, 226 nafar mahbus afv etilgani ham shular jumlasidandir.

Tabrikda “hozirgi yuksak texnologiyalar asrida mustahkam iymon-e’tiqod bilan birga zamonaviy ilm-fan, kasb-hunarlar, xorijiy tillarni puxta egallash, innovatsiyalar sohasidagi yutuqlarni chuqur o‘zlashtirish, yoshlarimizni milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalash barqaror taraqqiyotga erishishning eng muhim sharti ekanini yaxshi tushunamiz” deb aytiladi.

“Muborak hadislarda aytilganidek, ikki dunyo saodatini o‘ylab yashagan inson, xalq hech qachon kam bo‘lmaydi”, deb ta’kidlaydi prezident.

Tabrik “Ezgu ishlarimiz, intilishlarimizda Yaratganning O‘zi madadkor bo‘lsin!” degan so‘zlar bilan yakunlanadi.

Ramazon hayitini 15 iyunda nishonlash to‘g‘risidagi qaror Toshkentda tashkil etilgan O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘izistondan diniy idoralari vakillari uchrashuvida qabul qilingan.

Ramazon hayitini uch kun nishonlash prezidentning 2017 yil 28 dekabrdagi "2018 yilda rasmiy sanalarni nishonlash davrida qo‘shimcha ishlanmaydigan kunlarni belgilash va dam olish kunlarini ko‘chirish to‘g‘risida"gi farmonida belgilab berilgan.

Hayit arafasida prezidentning 12 iyunda imzolangan "Ozodlikdan mahrum etish jazosini o‘tayotgan, qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan bir guruh shaxslarni afv etish to‘g‘risida"gi farmoniga asosan 226 nafar mahbus afv etildi.

Bu O‘zbekistonda Ramazon hayiti munosabati bilan berilgan eng birinchi amnistiya bo‘ldi.

XS
SM
MD
LG