Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 16:15

Samarqanddagi xususiy shifoxonada o‘nlab go‘dakning qasddan o‘ldirilgani fosh etildi


Illyustrativ surat. Suratning maqolada yozilgan voqeaga aloqasi yo‘q.
Illyustrativ surat. Suratning maqolada yozilgan voqeaga aloqasi yo‘q.

Oliy sud raisi o‘rinbosari nikoh yoshini oshirishni taklif qildi. Samarqanddagi shifoxonada ko‘z ko‘rib quloq eshitmagan vahshiyliklar sodir etilgan. Farg‘onada bozorqo‘m pora bilan ushlandi. Joriy hafta matbuot shu kabi voqealar haqida xabar berdi.

Nikoh yoshini erkaklar uchun 18 dan 21 ga oshirish taklif qilindi

O‘zbekiston Oliy sudi raisi o‘rinbosari, Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati raisi Xolmo‘min Yodgorov mamlakatda nikoh yoshini oshirishni taklif qildi (“Darakchi”, 14 iyun).

“Amaldagi oila qonunchiligiga ko‘ra, nikoh yoshi erkaklar uchun 18 yosh, ayollar uchun 17 yosh. Nikohga kiruvchi ayollar yoshini 18 yosh qilib, erkaklar yoshini 21 yosh qilib belgilash maqsadga muvofiq va bu ham mustahkam oila qurilishida muhim omil bo‘lishi muqarrar. Chunki 17 yoshda qizlarning ko‘pchiligi ham jismoniy, ham ma’naviy jihatdan hali turmush qurishga tayyor bo‘lmaydi. Erkaklarning nikoh yoshini 21 yosh qilib belgilash esa ayni shu davrda ularning mustaqil fikrga ega bo‘lishi, mas’uliyat hissining ortishi, shuningdek, oilani ta’minlash uchun ma’lum bir kasb-korga ega bo‘lishi bilan bog‘liq” deydi Oliy sud raisi o‘rinbosari.

Shuningdek, sudya mulk nizolari bo‘lmasligi uchun er va xotin o‘rtasida qonuniy nikoh shartnomasi tuzilishi lozimligini eslatgan.

“Afsuski, ayni paytda nikoh shartnomasi tuzish hollari juda kam bo‘lib, “nikoh shartnomasi tuzish bizning mentalitetimizga, shariat qoidalariga to‘g‘ri kelmaydi” degan xato tushuncha ham mavjud” deydi X.Yodgorov.

Samarqanddagi shifoxonada ko‘z ko‘rib quloq eshitmagan vahshiyliklar sodir etilgan

Samarqandda xususiy shifoxonada ko‘z ko‘rib quloq eshitmagan vahshiyliklarga qo‘l urilgani fosh qilindi (“Huquq”, 14 iyun).

Viloyat prokuraturasi vakili Asomiddin Sayfiddinovga ko‘ra, Nigora Solixonova rahbarligidagi xususiy klinika asosan homila tushirish bilan shug‘ullanib kelgan.

Sun’iy abort yo‘li bilan dunyoga keltirilgan chaqaloqlar esa soxta hujjatlar bilan farzandtalablarga bir necha ming dollarga pullangan.

Xaridor topilmay qolgan kezlarda esa ojiz va himoyasiz chaqaloqlar qasddan qarovsiz qoldirilib, nobud qilingan.

Norasidalarning jonsiz tanasi tibbiy chiqindilar yoqishga mo‘ljallangan mufel pechida yoqib yuborilgan.

Xususiy klinika rahbari N.Solixonova 13 yilu 2 oy muddatga ozodlikdan mahrum etilgan.

Jinoiy guruhning boshqa a’zolariga ham tegishli jazolar tayinlangani xabar berilgan.

Farg‘onada bozorqo‘m pora bilan ushlandi

Farg‘ona shahridagi markaziy dehqon bozori raisi 2000 dollar pora olayotganda ushlandi (“Inson va qonun”, 12 iyun).

Tadbirkor ayol bozorqo‘mdan do‘kon qurish uchun ruxsat so‘ragan. Bozorqo‘m esa ruxsat evaziga 2000 dollar pora talab qilgan. Tadbirkor ayol esa bu haqda huquq idoralariga xabar bergan.

Ismi oshkor etilmagan bozorqo‘m jinoyat ustida qo‘lga olingan. Tergov jarayonida bozor raisi avvalroq boshqa bir tadbirkordan 6,4 million so‘m olgani aniqlangan.

Qayd etilishicha, bozorqo‘m ushbu vazifaga tayinlangunga qadar ikki marta jinoyatda ayblanib mahkamaga tortilgan.

Ikki bor jinoyatga qo‘l urgan shaxs qanday qilib rahbarlik lavozimiga tayinlangani masalasiga oydinlik kiritilmagan.

XS
SM
MD
LG