Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 09:19

Farg‘onalik fermerlarning rejadan orttirgan bug‘doyi tortib olinyapti


Farg‘ona viloyati O‘zbekiston tumanidan Ozodlikka murojaat qilgan ikki nafar fermer, har gektar yerdan topshiriladigan bug‘doy sentneri hokimning buyrug‘i bilan 4-5 sentnerga sun’iy ravishda oshirilganidan shikoyat qildi.

Fermerlar so‘zlariga ko‘ra, ular davlatga bug‘doy topshirish borasidagi kontraktatsiya shartnomasini bajargan bo‘lsa ham, rejadan ortgan bug‘doy zo‘rlik bilan o‘rib olinmoqda.

Hokimlik mulozimi ba’zi fermerlar bilan shunday holat bo‘lganini inkor qilmadi.

O‘zbekiston tumanining Qolgandaryo massivida bug‘doy yetishtirgan fermerlardan birining Ozodlikka aytishicha, so‘nggi o‘n besh yil ichida birinchi marta har gektar yerga belgilangan sentner asossiz ravishda oshirilgan:

“Prezidentimiz bu yilni “Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili” deb nomlagan edi. Lekin bizda teskarisi bo‘lyapti. Mana men, 15 yildan buyon fermerlik qilayotgan bo‘lsam, shu paytgacha biror marta sentner ko‘tarilmagan-da. Masalan har yili men har gektar yerdan 26 sentner bug‘doy topshirardim. Bundan ortganini ishchilarimga bo‘lib berardim, o‘zimga qolardi. Bu yil esa hokimning buyrug‘i bilan har gektar yerdan 30 sentnerdan topshirasan, deb bor bug‘doyimni o‘rib ketishdi. O‘zimga bir kilo ham qolmadi, qariyb 20 nafar ishchimga nima beraman endi, boshimni changallab qolaverdim”, deydi fermer.

Uning aytishicha, kontraktatsiya shartnomasini qishloq xo‘jaligi boshqarmasi va don qabul qilish kombinati o‘zlari xohlagan tarzda tuzadi:

“O‘zlari oldin yozib, muhrlarini bosib, keyin sizga muhr bosish uchun beradi. Siz muhrlab berishga majbursiz”, deydi fermer.

Ozodlik boshqa bir fermer bilan bog‘langanda, u dalada, bug‘doyini o‘rdirayotgan ekan:

“Mana hozir to‘rtinchi KamAZni to‘ldirib jo‘natdim. Qishloq xo‘jaligi boshqarmasi vakillari kelib boshimizda turibdi. 30 sentnerdan qilib berasan, deyapti. Lekin mening qo‘limda gektaridan 24,5 qilib tuzilgan shartnoma bor. Lekin, maxsus o‘rimchilar otryadiga bas kelolmayman, shekilli. Chunki, melisasi ham bor, vakillar ham shu yerda. Ishchilarim rizqini olib qolishga harakat qilaman”, dedi fermer.

Uning aytishicha, cho‘l hududda bug‘doy yetishtirish ancha og‘ir, lekin rahbarlar buni inobatga olmayapti:

“Bizning joylarda har gektar yerdan 20 sentnerdan ortiq bug‘doy yetishtirishning o‘zi juda qiyin. Lekin, nega hech kim buni hisobga olmaydi, mutaxassislar kelib, bu yer qancha hosil berishi mumkin deb, o‘rganmaydi. Hammasi zo‘ravonlik asosida bo‘lyapti. Topshirasan, tamom, boshqa murosaga ko‘nmaydi”, deydi fermer.

O‘zbekiston tumani hokimining qishloq xo‘jalik ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Nazirjon Mamadaliev, Ozodlik bilan suhbatda, ba’zi fermerlar bilan shunday holat bo‘lganini inkor qilmadi:

“Kecha bir fermer shunday shikoyat bilan keldi. Tushunmovchilik bo‘lgan ekan, rejadan ortiq bug‘doyi o‘zida qoldi. Lekin, hamma fermerlar bilan shunday voqea bo‘layotgani noto‘g‘ri, agar qaysi fermer bilan shunday holat sodir bo‘lgan bo‘lsa, marhamat, men bilan uchrashsin. Muammoni hal qilamiz”, dedi tuman hokimining qishloq xo‘jalik ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Nazirjon Mamadaliev.

O‘zbekistonda fermerlarning rejadan orttirgan bug‘doyini tortib olish holatlari ko‘p kuzatiladi.

Andijon viloyatining Andijon tumanidan bo‘lgan fermerlarning Ozodlikka xabar berishicha, shartnomani yuz foiz qilib bajargan fermerlarning o‘zlariga qolgan bug‘doyi ham zo‘ravonlik bilan o‘rib olinmoqda.

Joriy yilning 18 iyunida Surxondaryodan Ozodlikka bog‘langan fermerlarga ko‘ra, g‘alla rejasini bajarmagan fermerlardan topshirilmagan bug‘doyning har kilosi uchun 1200 so‘mdan pul talab qilinmoqda. Fermerlar iddaosicha, MIB boshchiligidagi mutasaddi tashkilotlar xodimlari g‘alla uchun pul berishga qurbi yetmagan fermerlarning chorva mollarini tortib olayapti.

Joriy yilda nafaqat Surxondaryo¸ balki mamlakatning boshqa hududlarida ham yog‘ingarchilik kam bo‘lgani va suv tanqisligi sabab g‘alla hosilining kamligi aytilmoqda.

Jumladan, Samarqand viloyatida g‘alla hosilining o‘tgan yilga nisbatan 35-40 foizga kam bo‘lishi kutilmoqda. Viloyat hokimi Turobjon Jo‘raev hokimlik va mutasaddi tashkilotlar vakillarini g‘alla pishishidan 10 kun avval dala shiyponlariga haydagan edi.

XS
SM
MD
LG