Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 15:14

Noma’lum uch ayol Andijon viloyati hokimining qizini do‘pposlab, kiyimini yirtdi


Andijon shahrining Yangi bozor yaqinidagi uylarning buzilishi aholi noroziligiga sabab bo‘lgan edi.
Andijon shahrining Yangi bozor yaqinidagi uylarning buzilishi aholi noroziligiga sabab bo‘lgan edi.

Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonovning 18 yashar qizi 19 iyun kuni kechqurun uch nafar shaxsi noma’lum ayol tomonidan do‘pposlab ketildi.

Voqea¸ uning tafsilotlaridab bevosita xabardor andijonliklarga ko‘ra¸ Andijon shahrining Yangibozor hududiga yaqin joydagi tor ko‘chalardan birida sodir bo‘lgan.

Andijon shahar IIB navbatchisi, viloyat hokimining qizi kaltaklangani haqida jabrlanuvchidan ariza tushmaganini aytdi.

Ozodlik suhbatlashgan andijonliklarga ko‘ra, militsiya hujumchilarni shahar markazidagi buzilgan uylariga hech qanday tovon puli va uy ololmagan ayollar orasidan qidirmoqda.

Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha¸ bu voqea yuzasidan ichki ishlar olib borayotgan tergov prokuratura nazoratiga olingan.

Jabrlangan qizning bu janjaldan qanday jarohat olgani haqida ma’lumot Ozodlikda yo‘q. ​

Andijon viloyati hokimining qizi 19 iyun kuni kechga tomon noma’lum ayollar tomonidan kaltaklangani haqida dastlab, Andijon shahridagi tashkilotlardan birining rahbari Ozodlikka xabar berdi:

Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonovning qizini shaharning Yangi bozor qismida noma’lum shaxslar kaltaklab ketishgan. Viloyat IIB gumonlanuvchilarni uyi buzilganlar orasidan qidirmoqda”, - deb yozdi ismi oshkor etilmasligini iltimos qilgan tashkilot rahbari.

Andijon viloyati hokimligidagi mulozimning aytishicha, hokimning qizini uch nafar shaxsi noma’lum ayol kaltaklagan:

Hokimning qizini urib, ko‘ylaklarini yirtib yuborgan va darhol voqea joyidan qochib ketishgan. Bu ayollarning sochi sariq bo‘lgan ekan”, dedi hokimlik mulozimi.

Yangibozor yaqinidagi uylari buzilishga tushgan ayollar ulardan bir necha nafari so‘roq qilinganini tasdiqladi:

To‘g‘ri, bizning uylarni bir kun oldin ogohlantirib, buzishni boshlaganda katta janjal bo‘lgan edi. Sababi, uylarni tezda bo‘shatib qo‘yish talab qilingan, bir qancha uylar kuch bilan buzilgan edi. Hamma norozi edi. Bilmadim, hokimning qizini urganlar shu gapni aytganmi, bizning ko‘chadan bir necha ayolni ushlab olib ketishdi, jumladan meni ham”, - deydi ismi sir qolishini so‘ragan andijonlik ayol.

Uning aytishicha, ularni hokimning qizi kaltaklangan joyga olib borishgan:

Men kecha, 20 iyun kuni eshigimiz tagida turgan edim. Bir payt melisani moshinasi kelib to‘xtadida, ikki melisa tushib, moshinaga chiqing, bir joyga borib kelamiz, dedi. Nega, desam, qo‘rqmang, boramizu qaytamiz, gap bor, dedi. Qarasam, mahallamizdan yana ikki qizni moshinaga mindirib olishgan ekan. Keyin chiqdim. Bizni Yangibozor yaqinidagi bir tor ko‘chaga olib borishdi va moshinadan tushinglar, dedi. Tushib ikki minutcha o‘sha yerda turdik. Melisalardan biri boshqa moshina turgan joyga borib keldi va bo‘ldi, ketdik deb, yana qaytarib olib kelib qo‘yishdi”, dedi andijonlik ayol.

Bu ayolning taxmin qilishicha, o‘sha yerdagi avtomobillardan birida hokimning qizi o‘tirgan bo‘lgan va gumonlanuvchilar olib kelinib, tanish uchun unga ko‘rsatilgan.

Andijon shahar ichki ishlar bo‘limining navbatchisi viloyat hokimining qizi kaltaklangani haqida jabrlanuvchidan ariza tushmaganini aytdi.

Ayni paytda¸ prokuratura rasmiysi Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonovning qizi uch nafar noma’lum ayol tomonidan jabrlanganini tasdiqladi va voqeaning "ichki ishlar tergovi ustidan nazorat doirasida o‘rganilayotganini" bildirdi.

Prokuratura mulozimiga ko‘ra¸ voqeaning jabrlangan qizning otasi bo‘lgan viloyat hokimi faoliyatiga aloqador yoki aloqador emasligi ham tekshirilmoqda.

21 yashar Z.A.(Ozodlik qizning to‘liq ismini biladi, lekin tergov siri uchun oshkor etmaydi - tahririyat) Andijondagi tibbiyot oliygohining ikkinchi kurs talabasi hisoblanadi.

XS
SM
MD
LG