Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 09:08

Fermerlar: "Hokimlar Karimov davrida ham bizni bunchalik qaqshatmagan!"


O‘rib olingan bug‘doyzor.
O‘rib olingan bug‘doyzor.

O‘zbekistonning turli hududlaridan Ozodlikka kelayotgan xabarlarga ko‘ra, fermerlar bug‘doy topshirish bo‘yicha kontraktatsiya shartnomasini bajarib qo‘ygan bo‘lsa ham, tuman hokimlari yana shartnomaning 10 foizi miqdorida bug‘doy topshirishga majburlanyapti.

Ozodlik olgan ma’lumotlarga ko‘ra, hokim har bir fermerdan qo‘shimcha topshirishi kerak bo‘lgan bug‘doyni undirishda militsiyani ishga solmoqda.

Fermerlar, ko‘p joylarda bug‘doy etishtirish va uni davlatga sotish jarayoni Shavkat Mirziyoev prezident bo‘lganidan so‘ng ham o‘zgarmay, zo‘ravonlik bilan amalga oshirilayotganini ta’kidlamoqda.

Фермерлар: "Ҳокимлар Каримов даврида ҳам бизни бунчалик қақшатмаган!"
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:03:00 0:00
Бевосита линк

Jizzax: “10 foiz - bu muttahamlik”

Jizzax viloyatining Zafarobod tumanidan Ozodlikka murojaat qilgan fermerning aytishicha, ularga shartnomadan tashqari yana 10 foiz qo‘shimcha majburiyat yuklatilgan:

“Zafarobod tumani hokimi g‘alla rejasini 100 foiz qilib bajargan fermerlarga yana 10 foizdan topshirish majburiyati yukladi. Misol uchun, 55 tonna bug‘doy topshirishingiz kerak, lekin 60 tonna topshirishga majbursiz. Buni topshirmasdan ilojingiz yo‘q. Mening ham o‘z haqqim bo‘lgan bug‘doyimni qaqshatib o‘rib ketishdi. Axir, shartnomadan ortig‘i dehqonniki bo‘lishi kerak, uning ham bola-chaqasi bor, umid bilan shu bug‘doydan tegarmikin deb mo‘ltirab turgan ishchilari bor. 10 foizlik majburiyat, muttahamlikdan boshqa narsa emas”, deydi fermer.

Uning aytishicha, yuz gektardan ortiq yeri bo‘lgan fermerlarga shartnomadan tashqari yana 50 tonna bug‘doy topshirish majburiyati yuklangan:

“Bularning ayyorligini qarang. 50 tonna qo‘shimcha bug‘doy topshirasan va senga Lacetti, Sobalt avtomobili beraman deyapti. Endi hisoblaymiz, 50 tonna bug‘doyning davlat xarid narxi 37.500 000 so‘m bo‘ladi. Bug‘doyning bozordagi narxi esa 1500 so‘mdan naqd bo‘lib turibdi. Agar bu bug‘doy fermerning o‘zida qolsa, 75 million so‘m bo‘ladi. Fermer ikki baravar yutqizyapti, bu yerda. Lekin, topshirishga majbur”, deydi fermer.

Surxondaryo: “O‘zimga va ishchilarimga hech vaqo qolmadi”

Surxondaryo viloyatining Sherobod tumanidan bo‘lgan, ismi sir qolishini so‘ragan fermerning aytishicha, uning shartnomadan orttirgan bug‘doyi besh tonna chiqqan, lekin 10 foizlik majburiyat hisobiga uni ham tortib olishgan:

“Rejani bajardim. Qo‘yinglar, shu besh tonna ishchilarimni va o‘zimni haqqim desam ham, o‘rib olib ketishdi. Shartnomani 110 foiz qilib bajardimu, o‘zim esa quppa-quruq qoldim”, deydi fermer.

Fermer ana shu qo‘shimcha 10 foiz majburiyatning qaerdan paydo bo‘lishini tushuntirib berdi:

“Viloyatda “temir daftar” bo‘ladi. U daftarda, meni 100 tonna rejam bo‘lsa, yana 10 tonna topshirishim kerak deb yozilgan bo‘ladi. Hamma fermerga ham shunday yozilgan. G‘allani ichki ishlar xodimi boshliq bo‘lgan “otryad” o‘radi. Xodimning qo‘lida shu daftar turadi. Reja bajarilgandan keyin ham toki ana shu 10 foizni o‘rdirib olmasa, kombayn daladan chiqarilmaydi. Bu yoqda dod deb qolaverasiz”, deydi fermer.

Andijon: “O‘roqda yo‘q, mashoqda yo‘q, xirmonda hozir!”

Andijonlik fermer yetishtirgan bug‘doy xirmoni ustida hoziru nozir bo‘lganlar borasida shunday deydi:

“Bularning bittasi mening bug‘doyimga suv qo‘ymagan, bittasi bitta o‘tini yulmagan. Lekin, militsiya, hokimiyat va boshqa tashkilotlardan vakil bo‘lib 15-20 tadan xirmon boshiga kelib olishadi. Xuddi o‘zlari mehnat qilib qo‘ygandek, xo‘jayinlik qilishadi. Ularga yalinamiz, hoy aka, rejadan ortig‘i qolsin, ishchilarimga nima beraman, deb. Prezidentimiz, xalqni o‘ylab qancha qarorlar chiqaryaptiyu, bular nuqul teskarisini qiladi. Karimov davrida qanday bo‘lgan bo‘lsa, o‘shanday bo‘lyapti. Aksincha ancha og‘irlashdi ham. O‘zimizning bug‘doyga o‘zimiz o‘g‘rimizda, hoziram”, deydi fermer.

10 foizlik yoki rejadan ortgan bug‘doy qaerga ketadi?

Ismi sir qolishini so‘ragan fermerlardan birining aytishicha, bundan ikki maqsad ko‘zlangan:

“Birinchisi, hokimlar o‘zlarini himoya qiladi. Ya’ni tumanda rejani bajarolmay qolgan fermerlar tuman rejasiga salbiy ta’sir qilishi mumkin. Shuning uchun, ular o‘zlarini himoya qilish maqsadida bug‘doyi yaxshi bo‘lgan fermerlar hisobiga tuman rejasini to‘ldiradi. Ikkinchisi esa, korrupsiya. Ya’ni, davlat narxidagi bug‘doy bilan bozor narxidagisining o‘rtasida ikki baravar farq bor. Tasavvur qiling ming tonna bug‘doydan qancha foyda ko‘rish mumkin. Rejasi to‘lmagan fermerlar esa, qabul punktlariga pul berib, bug‘doy topshirganlik haqida qog‘oz sotib oladi. Bu holat 20 yillardan buyon davom etmoqda”, deydi fermer.

O‘zbekiston Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligining o‘zini tanishtirmagan mulozimining Ozodlikka aytishicha, qonun bo‘yicha fermerga shartnomadan ortiqcha majburiyat yuklashga hech kimning haqqi yo‘q:

"Fermer don qabul qilish kombinati va hokimlik bilan uch tomonlama kontraktatsiya shartnomasini yil boshida tuzadi. Shartnoma tuzildimi, demak, fermer faqat o‘sha shartnomada ko‘rsatilgan tonnani topshirishi kerak, undan ortgani o‘ziniki bo‘ladi. Agar shunday holat bo‘layotgan bo‘lsa, bunga viloyat hokimliklari mas’ul, biz emas", dedi vazirlik mulozimi.

Ammo, Ozodlik surishtiruvi davomida hamma viloyatda ham bunday holat bo‘lmaganini aniqladi.

Namanganlik fermerning Ozodlikka aytishicha, kontraktatsiya shartnomasidan ortgan bug‘doy o‘rilmay, qoldirib ketilmoqda:

"Menda 20 gektar bug‘doy bor edi. 15 gektarini o‘rganimda plan to‘ldi. Qolganini tashlab ketishdi. Hozir o‘rdirib, qo‘shni fermerlarga kilosini 1400 so‘mdan sotyapman", deydi fermer.

Ozodlik fermerlarning rejadan orttirgan bug‘doyi tortib olinayotgani haqida ilgari ham xabar bergan.

20 iyun kuni Farg‘ona viloyati O‘zbekiston tumanidan Ozodlikka murojaat qilgan ikki nafar fermer, har gektar yerdan topshiriladigan bug‘doy sentneri hokimning buyrug‘i bilan 4-5 sentnerga sun’iy ravishda oshirilganidan shikoyat qilgan edi.

Joriy yilning 18 iyunida Surxondaryodan Ozodlikka bog‘langan fermerlarga ko‘ra, g‘alla rejasini bajarmagan fermerlardan topshirilmagan bug‘doyning har kilosi uchun 1200 so‘mdan pul talab qilingan. Fermerlar iddaosicha, MIB boshchiligidagi mutasaddi tashkilotlar xodimlari g‘alla uchun pul berishga qurbi yetmagan fermerlarning chorva mollari tortib olingan.

Ozodlikdan: Agar siz yashayotgan hududda ham fermerlar bilan shunday holatlar kuzatilayotgan bo‘lsa, bizga xabar bering.

XS
SM
MD
LG