Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 20:21

Hokim kaltagidan so‘ng qashqadaryolik fermerning o‘zini osgani iddao qilindi


Qashqadaryo viloyati Mirishkor tumanida fermerlik qilgan 50 yashar fermer Sherali Davronov 18 iyun kechqurun o‘z joniga qasd qildi.

Ozodlikka kelgan bu xabarni tasdiqlagan ichki ishlar mulozimiga ko‘ra, Sherali Davronov uy ayvonining to‘siniga o‘zini osgan.

Fermerning yaqinlari o‘sha kuni tuman hokimi uni bug‘doy rejasini bajarmagani uchun majlisda urib haqorat qilganidan so‘ng uyga kelib o‘z joniga suiqasd qilganini iddao qilmoqda.

Tuman hokimi fermerni so‘kkani va urgani haqidagi iddaolarni inkor qildi.

Mirishkor tumani Mirishkor QFYning Kalta qishlog‘ida yashagan “Qudratov Ma’ruf” fermer xo‘jaligining 50 yashar rahbari Sherali Davronov 18 iyun kuni o‘z joniga qasd qildi.

Voqeaga guvoh bo‘lganlaridan birining Ozodlikka iddao qilishicha, uning o‘z joniga qasd qilganiga tuman hokimi Ravshan Komilovning majlisda Sherali Davronovni kaltaklagani sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin:

“Fermerlarning aytishicha, don qabul qilish punktida o‘tkazilgan majlisda bug‘doy planini to‘ldirmagani uchun tuman hokimi Sherali akani hammaning ko‘z oldida qattiq haqorat qilib, urgan ekan. Sherali aka kechasi o‘sha majlisdan chiqib, uyiga kelgan va ichkariga ham kirmasdan o‘zini osib qo‘ygan”, deydi marhum o‘zini osganidan so‘ng dod-voylarni eshitib, uning uyiga borgan hamqishloqlaridan biri.

Mirishkor tumani ichki ishlar bo‘limining ismi sir qolishini so‘ragan mulozimi bu xabarni tasdiqladi va bu ish yuzasidan tuman prokuraturasi surishtiruv olib borayotganini aytdi.

Mirishkor tumani hokimi Ravshan Komilov Ozodlik bilan suhbatda fermer Sherali Davronovni kaltaklaganini inkor qildi:

- Mana shu yerga kelingda, mening qanday ishlayotganimni xalqdan so‘rang. Bugungi kunda tumanimiz qanday yutuqlarga erishyapti, shuni so‘rang. Bugun birovni uradigan siyosatmi? Prezidentimiz xalqning dardi bilan yashagin deyaptilar. To‘g‘ri, bundan xabarim bor, lekin buni tekshiradigan ichki ishlar bor, prokuratura bor. Kuzda, bahorda, yozda, o‘zini osib qo‘yadigan jarayon bo‘ladi. Endi, hamma narsani hokimning bo‘yniga qo‘yish kerak emasda, hokim ham insonku, deydi Mirishkor tumani hokimi Ravshan Komilov.

Ismi sir qolishini so‘ragan fermerlardan birining aytishicha, tuman hokimining haqorat qilishi va fermerlarni kaltaklashi yangilik emas:

"Hokimdan mahalliy xalq judayam norozi. Lekin, gapirishga qo‘rqishadi. Chunki, u doim "men prezidentni odamiman" deydi, shuning uchun shikoyat qilishning foydasi yo‘q, deyishadi. Og‘izga olib bo‘lmaydigan so‘zlar bilan haqorat qiladi. Plandan oshib qolgan hosil fermerga tegishli bo‘lsada, u ko‘pincha tortib oladi. Mana, masalan Jeynav qishlog‘ida 100 gektar uzumzor va o‘rikzorni endi gullagan chog‘ida buzdirib paxta ektirdi. Butun qishloq yig‘lab, hozirgacha qarg‘aydi. Prezident paxta dalalarini qisqartirib bog‘-rog‘ yaratinglar, degan. Bu prezidentning odami bo‘lsa prezident buyrug‘iga qarshi ish qiladimi? Prezident xalqni rozi qiling, deb bot- bot takrorlaydi. Bu odam esa nuqul xalqni haqorat qilib, do‘pposlaydi", deydi fermerlardan biri.

Ravshan Komilov ilgari Chiroqchi tumani hokimi bo‘lib ishlaganda uning zo‘ravonlik siyosati haqida Ozodlik xabar bergan edi.

2014 yilning 7 oktabrida Chiroqchi tumanining Po‘stin qishlog‘ida istiqomat qiladigan 60 yoshli Moyli buvaning yubiley, kelin tushirish va nevaralarining sunnat to‘yini Chiroqchi tumani hokimi Ravshan Komilov buzgan edi. Paxta terimi paytida to‘y qilmaslik haqida farmoyish bergan hokim o‘z buyrug‘ini buzganlarni shu tariqa jazolagan edi.

2014 yilning 19 oktabrida Chiroqchi tumani hokimi Ravshan Komilov Shahrisabz tumani hokimi Faxriddin Norovni ish kabinetidan tashqariga chiqarib urgan. Ozodlik manbalariga ko‘ra, asli shahrisabzlik bo‘lgan Ravshan Komilovning "tomorqasi"ga Shahrisabz hokimi “tosh otganligi” uchun uni shu tariqa jazolagan edi.

XS
SM
MD
LG