Линклар

Шошилинч хабар
13 ноябр 2018, Тошкент вақти: 07:39

Turkiyada Erdo‘g‘on hokimiyatiga sinov ko‘rilgan saylov o‘tmoqda (VIDEO)


Prezident Rejep Tayyip Erdo‘g‘on nabiralari bilan saylovda, Istanbul, 24-iyun, 2018-yil

Turkiyada 24 iyun kuni muddatidan avval prezident va parlament saylovlari bo‘lib o‘tmoqda. Bu saylovlar 15 yildan mamlakatni boshqarayotgan prezident Rajap Tayyib Erdo‘g‘onning o‘z hokimiyatini saqlab qolishi uchun o‘ziga xos sinov ko‘rilmoqda.

Ilgarigi tarqoq muxolifat partiyalari unchalik mustahkam bo‘lmagan ittifoqqa birlashdi. Ular shu tariqa Erdo‘g‘onning “bir kishi boshqaruvi”ga barham bermoqchi.

Erdo‘g‘on aprelda prezident va parlament saylovi 24 iyun kuni, ya’ni rejalashtirilganidan 17 oy oldin bo‘lib o‘tishini e’lon qilgan edi. Ushbu qadam uning hokimiyatini mustahkamlashi kutilmoqda.

2017 yili mamlakat Konstitutsiyasiga kiritilgan bahsli o‘zgarishga ko‘ra, Turkiya prezident respublikasidan parlament respublikasiga aylanadi, keyingi prezidentning vakolatlari kengayadi, bosh vazir lavozimi bekor qilinadi. Bundan tashqari, prezidentlik vakolatlari suiste’mol qilinishini tiyib turuvchi hokimiyatdagi kuchlar muvozanatiga barham beriladi. O‘zgarishlar saylovdan so‘ng kuchga kiradi.

Biroq, Erdo‘g‘on bilan uning hokimiyatdagi partiyasi kutilganidan qattiqroq raqobatga duch kelishi mumkin. Dastlabki so‘rov natijalari 8 iyulda prezident saylovining ikkinchi bosqichi ham bo‘lishi, “Adolat va taraqqiyot” partiyasi 16 yildan so‘ng parlamentdagi ko‘pchilik o‘rnini yo‘qotishi mumkinligini ko‘rsatmoqda.

Asosiy muxolif Respublika xalq partiyasi (RXP) vakili Muharrem Inje Erdo‘g‘onning yetakchi raqibi bo‘lishi aytilmoqda. Ushbu partiya – dunyoviy tutimlar tarafdori.

RXP yetakchisini yangi tashkil etilgan Milliy ittifoq qo‘llab-quvvatlamoqda. Uning tarkibiga dunyoviy sotsial-demokratlar bilan birga markaz-o‘ng konservativlari, millatchi liberal koservativlar va konservativ islomchilar kiradi.

‒ Millatimiz gullab-yashnashiga umid qilaman, ‒ dedi Inje iyun kuni Istanbul janubidagi Yalova port shaharchasida ovoz berar ekan. U ovozlar adolat bilan sanalishini nazorat qilish uchun tunni Anqaradagi markaziy saylov idorasida o‘tkazishga va’da berdi.

23 iyun kuni Istanbul shahrida 5 ta miting o‘tkazgan Erdo‘g‘on tarafdorlarini saylov uchastkalarida sergak bo‘lishga chaqirdi.

Erdo‘g‘on Turkiya siyosatida 15 yildan ortiq: dastlab bosh vazir, 2014 yildan beri esa prezident sifatida yetakchilik qilib kelmoqda.

Qamoqda o‘tirgan Turkiya kurdlari siyosatchisi Selahiddin Demirtash ham Kurd xalq demokratik partiyasidan prezidentlikka nomzod qilib ko‘rsatildi. U 2016 yili kurd jangarilariga aloqadorlikda ayblanib, qamalgan edi, lekin barcha ayblarni rad etib kelmoqda.

Kurdlar 78 millionli Turkiya aholisining 18 foizini tashkil qiladi. Ular parlament saylovi natijalariga jiddiy ta’sir ko‘rsatishi kutilmoqda.

XS
SM
MD
LG