Jahon Banki rasmiylarining aytishicha, ushbu xalqaro moliyaviy tashkilot Tojikistondagi Rog‘un GESi qurilishida ishtirok etmaydi.
Ayni damda, Tojikiston Milliy banki mazkur ulkan qurilishda Yevropa tiklash va taraqqiyoti banki sarmoyalarini jalb etishga harakat qilmoqda.
Jahon banki prezidentining muovini Sirill Myuller o‘tgan hafta Dushanbeda bo‘lib o‘tgan Xalqaro suv konferensiya jarayonida ushbu xalqaro moliyaviy tashkilot Tojikistondagi Rog‘un GESi qurilishini moliyalashtirmasligini aytdi.
Uning ta’kidlashicha, Jahon Banki Tojikistondagi boshqa ulkan gidroelekrostansiya - Norakni ta’mirlash va tiklash ishlarida ishtirok etish niyatidadir.
Gidroinshoot qurilayotgan maydonda o‘tkazilgan qator tadqiqotlar, eng avvalo, Jahon banki nazoratida o‘tkazilgan xalqaro ekspertizaning 2015 yil Rog‘un GESi qurilishi to‘g‘risidagi natijalarni e’lon qilishi ortidan Italiyaning “Salini Impredjilo” kompaniyasi gidroelektrostansiya to‘g‘oni qurilishi ishlarini boshlab yubordi.
2016 yil 29 oktabr kuni to‘g‘on qurilishini boshlash rasmiy marosimida Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon qatnashdi.
Tojikiston hukumati suv omborining hajmi 13 milliard kub metrga teng Rog‘un GESining birinchi ikkita agregatini 2019 yilgacha qurib bitkazishni rejalamoqda.
Mamlakat asosiy energetika loyihasi - Rog‘un GESi qurib bitkazilishi uchun $4 mlrd yaqin mablag‘ kerak.
2017 yilda Tojikiston mazkur qurilishni sarmoyalash uchun 500 million AQSh dollari miqdorida yevrobondlarni chiqardi.
Tojikiston moliya vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, aholiga “Rog‘un GESi” OAJ aksiyalarini sotish evaziga $80 milliondan ortiq mablag‘ to‘plandi.
Shunindek, 2018 yili Tojikiston davlat byujetidan Rog‘un GESi qurilishiga 2 milliard somoniy (qariyb 200 million AQSh dollari) mablag‘ ajratildi.
Ammo bu pullar mazkur ulkan ob’ektni qurilishi uchun yetarli emas.
Tojikiston Milliy banki saytining xabariga ko‘ra, ushbu moliyaviy tashkilot ulkan qurilishda Yevropa tiklash va taraqqiyoti banki sarmoyalarini jalb etishga harakat qilmoqda.
Unda ta’kidlanishicha, Milliy bank raisining birinchi muovini Jamoliddin Nuraliev o‘tgan hafta Yevropa tiklash va taraqqiyoti banki prezidentining muovini Betsi Nelson bilan Dushanbeda uchrashib, mazkur tashkilotni Rog‘un GESini moliyalashtirishga chaqirgan.
Ikki oy oldin Jamoliddin Nuraliev ayni shunday chaqiriq bilan Yevropa banki raisining boshqa muovini Yurgen Rigtoringga ham murojaat qilgandi.
Ammo hozircha Yevropa banki bunday chaqiriqlarga javob bermagan.
O‘zbekiston Rog‘un qurilishida ishtirok etadimi?
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev joriy yil mart oyida Dushanbega qilgan davlat safari chog‘ida Rog‘un GESi energetik muammolarni hal etishda muhim ahamiyatga ega ekani va mamlakati uning qurilishida ishtirok etishi mumkinligini ta’kidlagan.
Ammo hozircha bu borada ikki davlat orasida bitim imzolanmagan.
O‘zbekiston sobiq prezidenti Islom Karimov bu GES qurilishiga doimo qarshi bo‘lib kelgan.
O‘zbekiston sobiq hukumati yillardan beri Tojikistondagi Vaxsh daryosida yirik to‘g‘on qurilishiga keskin qarshilik ko‘rsatib, Rog‘un GESi loyihasi Amudaryo quyi oqimida joylashgan hududlar uchun ham ekologik¸ ham iqtisodiy falokat keltirib chiqarishini ta’kidlab kelayotgandi.
3,6 gigavattlik Rog‘un loyihasi bo‘yicha ishlar 1976 yil boshlangan. Sovet Ittifoqi parchalangach bu ishlar to‘xtab qolgan edi.
Rog‘un GES Vaxsh daryosi qurilayotgan to‘qqizinchi gidroelektrostansiya hisoblanadi, inshoot Dushanbe shahridan 110 km uzoqlikda joylashgan.
335 metrlik Rog‘un GESi tosh-tuproqli jahondagi eng yirik to‘g‘on bo‘ladi.