Линклар

Шошилинч хабар
05 апрел 2026, Тошкент вақти: 15:16

"Kulib turib yig‘latgan" aktyor Husan Sharipov olamdan o‘tdi

O‘zbekiston xalq artisti Husan Sharipov
O‘zbekiston xalq artisti Husan Sharipov

O‘zbekiston Xalq artisti, o‘zbek teleekranidagi hajviy rollari bilan o‘tkan asrning 70- yillarida mashhur bo‘lgan Husan Sharipov 26 iyun kuni 81 yoshida olamdan o‘tdi.

Kinorejisser Ali Hamroev Ozodlik bilan suhbatda “Husan Sharipov komediya rollarini tragediya qilib o‘ynaydigan mohir aktyor edi¸” deya esladi.

1959 yildan boshlab Muqimiy teatrida ishlagan aktyorning 1971 yilda Shavkat Junaydullaev suratga olgan “Uchrashuv” komediyasida ijro etgan roli bilan bir kunda mashhur bo‘lgani eslanadi.

Ayni filmda “Toshkent piyolasi"¸ "Parkent murabbosi” deya aytilgan jumlalar keyinchalik xalq orasida maqolu matalga aylanib ketgan.

“Men bu artistning nafaqat komediya¸ balki jiddiy rollarni ijro qila olishini “Vodillik kelin” degan filmni suratga olish jarayonida kashf qildim. Italiyaning neorealistik kinolaridagi obrazga o‘xshagan tramvay haydovchisi obrazini ko‘rsangiz ham kulasiz¸ ham ma’yus bo‘lasiz. Yig‘lab turib kulish¸ kulib turib yig‘lash va ayni paytda tomoshabinni jiddiy o‘yga toldirish kabi murakkab vazifani Husan Sharipov qoyilmoqom qilib bajargan edi. Rol yaxshi chiqqanidan sevinib¸ qo‘y so‘ygan edi rahmatli. Husan aka bor joy bayramga aylanib ketar edi. Askiya¸ qiyqiriq kulgi¸ ichakuzdi latifalarni yo‘l-yo‘lakay aytib ketaeverardi¸ orqasida doimo bir guruh shinavandalari ergashib yurardi. Bu qora xabarni sizdan eshitib¸ do‘stimdan ajralganimdan kuyundim. Joyi jannatda bo‘lsin”¸ deydi Ali Hamraev.

Husan Sharipov «Bomba», «Chinor tagidagi duel», «Tangalik bolalar», «Kelinlar qo‘zg‘oloni» kabi filmlarda yaratgan obrazlari bilan tomoshabinlar xotirasida qoldi.

“Suyunchi” dagi Shermat, “Maysaraning ishi”dagi hoji A’lam, “Vodillik kelin” dagi Husan aka, “Marhumning hurmati”dagi Avtobaza direktori , “Kelinlar qo‘zg‘oloni”dagi Husan, “Buvimni qaytaring”dagi Ilhom va boshqa komik obrazlar aktyor ijodida muhim o‘rin tutadi.

Husan Sharipov Muqimiy nomidagi O‘zbek Davlat musiqali drama teatridagi o‘ttiz yillik faoliyati davomida ellikka yaqin turli xarakterdagi rang-barang obrazlar yaratdi.

“Muqimiy spektaklidagi Asatullo, “Xotinimning eri” komediyasidagi Po‘lat, “O‘jarlar”dagi Tojivoy, “Jon qizlar” dagi Hasan, “Xonuma xonum” dagi Akop, “Laqma” musiqali dramasidagi Husniddin, “Aka-uka sovchilar”dagi Abdulla kabi obrazlar Sharipov ijodining mahsuli sifatida ko‘riladi.

Teatr va kino aktyori Husan Sharipov 1937 yilda 27 iyulda Toshkentda tug‘ilgan. 1963 yilda Ostrovskiy nomidagi Toshkent teatr va rassomlik san’ati institutining aktyorlik fakultetini tugatgan.

XS
SM
MD
LG