Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 18:02

Toshkentda yana "maski shou" - Shuhrat "Dombrabadskiy" yana qamoqqa olindi


Shuhratilla Nosirov ikki yil muqaddam qariyb 24 yillik qamoqdan ozodlikka chiqqan edi.
Shuhratilla Nosirov ikki yil muqaddam qariyb 24 yillik qamoqdan ozodlikka chiqqan edi.

O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi maxsus kuchlari xalq orasida Shuhrat "Dombrabadskiy" nomi bilan tanilgan 61 yashar Shuhratilla Nosirovni 8 iyunda Toshkentdagi uyidan olib ketdi. Bu haqda Ozodlikka uning yaqinlari va Ichki ishlar vazirligining ismi sir qolishni so‘ragan yuqori mulozimi ma’lum qildi.

Yaqinlariga ko‘ra, Shuhratilla Nosirov bilan ayni kunda uning 62 yashar akasi Shavkat Nosirov¸ oradan o‘n kun o‘tib esa¸ uning 55 yashar singlisi Gulnora Rasulova ham olib ketilgan.

Ilk bor 1993 yilda qamoqqa olingan Shuhratilla Nosirov talonchilik va uyushgan jinoyatchilikda aybdor deb topilib, 23,5 yil umrini panjaralar ortida o‘tkazgan.

"Maski shou"

Ichki ishlar vazirligi mulozimining ma’lum qilishicha, aka-uka Nosirovlarni qo‘lga olish bo‘yicha "maxsus amaliyot" o‘tkazilgan.

"Maxsus amaliyot o‘tkazilib, avvaliga Do‘mbrobod massivida Shavkat Nosirov ushlangan, keyin uning ukasi Shuhrat Nosirov uyidan olib ketilgan," - dedi Ichki ishlar vazirligi mulozimi.

Bu ma’lumotni tasdiqlagan Nosirovlar yaqinlaridan biri¸ aka-ukalar yashovchi mahallada "maski-shou" uyushtirilganini aytdi.

"O‘nlab niqoblilar butun mahallani o‘rab olgan. "Maski-shou" qilib yuborishgan. Voqea kechki 7-8larda bo‘lgan. Avval ko‘chadan uyga qaytayotgan Shavkat akani militsiya mashinasi ichida kutib o‘tirgan xodimlar qo‘liga kishan solib, olib ketishgan. Keyin Shuhrat akani uyiga bostirib kirib, unga qarashli uchta hovlini tintuv qilishgan. Keyin uniyam olib ketishgan," - dedi Nosirovlar yaqinlaridan biri.

Ichki ishlar vazirligi mulozimining qo‘shimcha qilishicha, aka-uka Nosirovlar hozirda vazirlik yerto‘lasida ushlab turilibdi.

Oradan o‘n kun o‘tib Nosirovlarning singlisi Gulnora Rasulova ham hibsga olingan.

Huquq-tartibot tizimidagi boshqa bir rasmiy mazkur ishning Ichki ishlar vazirligi nazoratida ekanini bildirdi.

30 ming dollar

Shuhrat Nosirov mahalladoshlaridan biriga ko‘ra, aka-uka Nosirovlarning hibsga olinishiga ularga qarshi Nosirovlar xolavachchasi Bahodir Sharopovning huquq-tartibot organlariga shikoyat qilgani sabab bo‘lgan.

Nosirov¸ xolavachchasi Bahodir Sharopovning Do‘mbrobod dahasida joylashgan hovlisini sotish rejasidan g‘azabga kelgan, undan uy hujjatlarini qaytarib olgan.

"Aslida bu hovli Shuhrat akaniki bo‘lgan. Bahodir Sharopov uyini sotib yubormoqchi bo‘lganini eshitib, Nosirovlar undan hujjatlarini qaytarib olishgan. Bundan norozi bo‘lgan Bahodir Sharopov militsiyaga shikoyat qilgan," - dedi ismini oshkor etmaslikni so‘ragan aka-uka Nosirov mahalladoshlaridan biri.

Biroq Bahodir Sharopov Ozodlik bilan suhbatda hodisaning mutlaqo boshqacha manzarasini tasvirladi:

- Men shikoyat qilmaganman. Shavkat aka, Shuhrat aka mening ustimdan yozgan. Tuhmat qilgan. Men bilmaganman. Menga tuhmatlar qilgan. Lekin o‘zlari qilgan bo‘lib chiqdi. Shuning uchun o‘tiribdi, - dedi Bahodir Sharopov.

Uning iddao qilishicha, xolavachchalari uni 2017 yil noyabrida "30 ming dollar oldim" deya tilxat berishga majburlaganlar.

- Endi siz Shuhratni bilasizmi? U shofer emas, u magazinchi emas. Tushuntira oldimmi? U avtoritet bo‘lgan odam. Shuning uchun ham unga qarshilik qilishim befoyda edi, - dedi Bahodir Sharopov.

Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:01:24 0:00
Бевосита линк

Ozodlik hozirda mazkur ish bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumotlarni aniqlashtirishga harakat qilmoqda.

Shuhrat "Dombrabadskiy" kim?

Shuhratilla Nosirov 1994 yili Toshkent shahar sudi tarafidan uyushgan jinoyatchilikda ayblanib, 15 yilga ozodlikdan mahrum qilingan va "raskrutka"lar bilan 23,5 yil qamoqda o‘tirgan.

U 2016 yil 18 avgustda, Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi qarori bilan, muddati tugagani bois qamoqdan ozod qilingan edi.

Toshkentliklar orasida Shuhratilla "Dombrabadskiy" nomi bilan tanilgan Shuhratulla Nosirov 90-yillarda "o‘g‘irlangan mashinalarni topib beradigan" avtoritet sifatida tanilgan.

Ozodlik gaplashgan yaqinlari, qamoqdan chiqqandan keyin Shuhrat Nosirovning "hech kimga qo‘shilmay, osuda" hayot kechirib kelayotganini bildirdi.

XS
SM
MD
LG