Линклар

Шошилинч хабар
25 январ 2021, Тошкент вақти: 15:56

Qarshi militsiyasi boshlig‘i bug‘doy rejasini bajara olmagan fermerlarni ayovsiz kaltaklamoqda


Sayxunobod tumani hokimi ham direktorlarni yuziga shapati tortib, urgan edi

Qashqadaryo viloyati Qarshi tumanida bug‘doy rejasini bajara olmagan fermerlar tuman Ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i tomonidan muntazam kaltaklanmoqda.

27 iyun kuni shunday iddao bilan jabrlangan fermerlarning o‘zlari Ozodlikka murojaat qildi.

Ozodlik gaplashgan qarshilik fermerlar, militsiya boshlig‘i planni bajarmaganlarni bir safga terdirib, ikki marta kaltaklagani va qo‘shni fermerlardan bug‘doy sotib olib, rejani bajarishni talab qilganini hikoya qildi.

Qarshi tuman Ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i Jahongir Rajabov Ozodlik savollariga javob berishdan o‘zini olib qochdi.

Ikki marta kaltaklangan fermer hikoyasi

Qarshi tumanidan Ozodlikka murojaat qilgan bir necha fermer bu yil suv tanqis bo‘lgani uchun bug‘doy rejasini bajara olmaganlarini bildirdi.

Fermerlar iddaosiga ko‘ra, 19 iyundan beri rejani bajarmaganlar tuman Ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i Jahongir Rajabovning jismoniy tahqiriga nishon bo‘lmoqda.

“Abdug‘afurov Muhammad” fermer xo‘jaligi rahbari¸ 33 yashar Rahmatullo Xo‘jamurodov rayon militsiyasi rahbari zo‘ravonligiga uchraganlardan biri:

- Bundan 10 kuncha oldin uchastkovoy meni Halima opa fermerning dala shiyponiga olib bordi. O‘ntacha fermerni olib kelishgan ekan. Hammamizni bir qator qilib safga terib qo‘yishdi. Militsiya boshlig‘i Jahongir Rajabov keldi-da, bir chetdan “rejani bajardingmi”¸ deb so‘ray boshladi. Kimdir 10 tonna, kimdir 15 tonna yetmadi, deyishi bilan qulochkashlab yuzimizga ura boshladi. Quloqning tagiga, basharaga ikki qo‘li bilan ikki tarafdan urayapti, deydi Ozodlik bilan 27 iyun kuni gaplashgan fermer.

Rahmatullo Xo‘jamurodov, militsiya boshlig‘i 24 iyun kuni rejani to‘ldirolmagan fermerlarni yana kaltaklaganini hikoya qiladi:

- Bu safar Fayzali degan fermerning dala shiyponiga bordik. Borsak yana bir necha fermer kaltakni yeb bo‘lgan ekan. Bittasining yuzi qontalash bo‘lib turibdi. Tushib bordik. Militsiya boshlig‘i mendan qancha topshirding, deb so‘radi. Bir amallab 13 tonna sotib oldim¸ dedim. Yana qancha qoldi, dedi. Yana 26 tonna dedim. Lekin, boshqa imkonim yo‘q, dedim. Yana urdi. Bu safar rosa urdi, tepdiyam, urdiyam. Mendan keyin Ilhom Ostonov degan yosh fermerni ham yomon urdi, deydi Rahmatullo Xo‘jamurodov.

"Militsiya boshlig‘i otasi tengi fermerni turolmaydigan qilib urdi"

Bu suhbatdosh, 24 iyun kungi "yig‘ilish"da militsiya boshlig‘ining yoshi 60 dan o‘tgan fermer Abdujabbor Qorjovovni ham tahqirlab urganiga shaxsan guvoh bo‘lganini qo‘shimcha qildi:

- Militsiya boshlig‘i keksa fermerga, "boboy, nega bug‘doy sotib olmading", dedi. Abdujabbor aka, "bir fermer birlan gaplashib qo‘yganman, bug‘doyini o‘rsa¸ olaman va topshiraman o‘sha 10 tonnani"¸ dedi. Boshliq "nega shu paytgcha topshirmading", deb chap qo‘li bilan solib yubordi. Shunday ham qattiq urdiki, fermer bir chayqalib tushdi-da, o‘tirib qoldi. Boshliq xodimlariga, uni o‘rnidan turg‘iz, dedi. Xodimlar kelib turg‘izmoqchi bo‘ldi, u turolmadi. Keyin boshliq bordi-da, fermerning qalpog‘ini olib, qalpoq bilan boshiga ura ketdi. Keksa fermer shundan beri uyida ko‘rpa-to‘shak qilib yotipti, dedi fermer Rahmatullo Xo‘jamurodov.

Har yili paxta va bug‘doy rejasini bajarib kelganini aytgan “Olim-Oybek-Dildora” fermer xo‘jaligi rahbari Bahriddin To‘raev ham bu yilgi qurg‘oqchilik sabab rejaga besh tonna yetmay qolganidan o‘zining militsiya boshlig‘i tahqiriga uchraganini aytadi:

- Militsiya boshlig‘i meni ham ikki betimga shapolaqlab urdi. Besh tonnani boshqa fermerdan qarzga olib berib, qutuldim. Bizku mayli, yoshi katta fermerlarni ham haqorat qilib uradi. Majlisga chaqirsa¸ uydagilar, yana sizni uradimi, deb so‘rashadigan bo‘lib qoldi. Agar bajarolmagan bo‘lsak, qonuniy surishtirsin, sabablarini aniqlasin. Suv bermagan bo‘lsa, biz osmondan yomg‘ir yog‘dira olmaymizku. Bizga 25 kilometrdan suv keladi. Quloqning oxiridamiz. O‘rtada qancha baliqchilik xo‘jaliklari tashkil qilingan, ular ham bizning suvdan oladi. Bizga esa suv yetib kelmaydi”, deydi Bahriddin To‘raev.

Kaltak yegan fermerlar rasman shikoyat qilishga qo‘rqmoqda

Militsiya boshlig‘idan bir necha bor kaltak yeganini aytgan yana bir fermer 52 yashar Abduhamid Pardaev hozircha qarshilik fermerlardan birortasi o‘ziga nisbatan davlat rasmiysi tomonidan qilingan jismoniy tazyiq yuzasidan biror joyga shikoyat qilmaganini bildirdi.

- Avval hokimiyatda urdi, keyin Halima deganni shiyponiga olib borib urdi, Fayzali deganni shiyponiga olib borib urdi. Lekin, biz hech kimga arz qilolmaymiz. Chunki, hokim ursa militsiya boshlig‘i, prokuror ko‘rib turadi, indamaydi. Melisa ursa¸ hokim qarab turadi, indamaydi. Qonun himoyachilari qonunni o‘zi buzib tursa, dardingni yana kimga aytasan, - deydi shikoyatidan naf bo‘lmasligini aytgan fermer Abduhamid Pardaev.

Pogonli rahbar javob berishni istamadi

Ozodlik fermerlarning iddaolariga munosabat olish maqsadida Qarshi tumani Ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i Jahongir Rajabov bilan bog‘landi.

Qisqagina suhbatda o‘zini Jahongir Rajabov ekanligini tasdiqlagan boshliq, muxbirning Ozodlikdan qo‘ng‘iroq qilayotganini bilganidan so‘ng o‘zini eshitmaganga olib, “alo”, “alo” dedi-da, aloqani uzdi.

Jahongir Rajabov Ozodlikning boshqa qo‘ng‘iroqlariga javob bermadi.

Qarshi tumani hokimi G‘ayrat Begalievdan ham bug‘doy rejasini bajarmagan fermerlarga nisbatan qilinayotgan zo‘ravonliklarga munosabat olishning imkoni bo‘lmadi.

O‘zining selektor yig‘ilishida ekanligini aytgan Qarshi tuman hokimi keyinroq qo‘ng‘iroq qilishni so‘radi¸ biroq kun davomida qilingan qo‘ng‘iroqlar javobsiz qoldi.

XS
SM
MD
LG