Линклар

Шошилинч хабар
21 январ 2021, Тошкент вақти: 20:51

OzodDayjest: Beruniy tumani hokimligi ko‘zbo‘yamachilik bilan nogironlarni tahqirladi


Illyustrativ surat.

Buxoroda odamlarni chuv tushirgan “duogo‘y folbin” qo‘lga olindi. Beruniy tumani hokimligi nogironlarga berilgan er va uyni tortib olmoqchi. Andijonda 97 yoshli momo haligacha velosiped minishni kanda qilmaydi.

_____________________________________________________________

Buxoroda odamlarni bir necha ming dollarga chuv tushirgan “duogo‘y folbin” jazolandi

Buxoroda o‘zini “ilohiy karomat sohibi” deb odamlarni aldab, ularning mol-mulkini qo‘lga kiritishti odat qilgan “duogo‘y folbin” qo‘lga olindi va uning ishi sayyor sud majlisida muhokama etildi. Bu haqda Oliy sud matbuot xizmati bosma nashrlarga xabar bergan. 6 farzandning onasi bo‘lgan folbin ayol “baxt yo‘lingiz bog‘langan, men duo qilib uni ochib beraman”, deya mushkul vaziyatga tushib qolgan odamlarning ishonchini kirgan. So‘ng “dam solib beraman” deya xonadon egalarining bor-budini olib, o‘zlashtirgan. Masalan, “duogo‘y folbin” shunday bahona bilan vobkentlik ayolning 5000 dollar pulini o‘marib ketgan. Jinoyat ishlari bo‘yicha Vobkent tumani sudi raisi Mahmud Oripov sudlanuvchina eng kam oylik ish haqining 20 baravari miqdorida jarima tayinlagan. Folbin aldov yo‘li bilan o‘zlashtirgan mablag‘lar qaytarilganmi – bu masalaga oydinlik kiritilmagan.

Beruniy tumanida rasmiylar nogironlarga berilgan yer va uyni qaytarib olmoqchi

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Beruniy tumani Navoiy ovulida yashovchi 2-guruh nogironlari mahalliy hokimiyatning ko‘zbo‘yamachiligi bois ko‘chada qolmoqda (“Huquq”, 28 iyun). O‘zbekiston Prezidenti Davlat maslahatchisining tavsiyasi bilan ikkinchi guruh nogironlari Iroda Yusupova va Nazira Romanovaga 2 sotix yer, uch xonali uyni tantanali ravishda topshirilgan. Uy topshirish marosimi Nukus televideniesi orqali namoyish etilgan, tuman gazetasida yoritilgan. “Afsuski, quvonchimiz uzoqqa cho‘zilmadi. 2018 yil aprel oyi o‘rtalarida har ikkalamizni tuman hokimligiga chaqirishib, “Bu uylar sizlarniki emas, egasi boshqa kishilar”, deyishdi. Kambag‘alni tuyaning ustida ham it qopadi, deganlari shu bo‘lsa kerak. Boshimiz qotib qoldi. Biz kabi nogironlardan ko‘zbo‘yamachilik uchun foydalanish, shundoq ham yarim ko‘nglimizni tahqirlash kimga kerak bo‘lib qoldi?” deydi I.Yusupova va N.Romanova.

Andijonlik 97 yoshli onaxon hamon velosipedda yuradi

Andijon viloyati Oltinko‘l tumani Maslahat qishlog‘ida yashovchi 97 yoshli Robixon momo Imyaminova hozir ham velosiped minishni kanda qilmaydi, deb xabar beradi “Darakchi” nashri. Uzoq yillar maktabda o‘qituvchilik qilgan onaxon 75 yildan beri velosipedda yuradi. Ancha yil oldin o‘g‘illaridan biri onaxonga “Katta ayol bo‘lib qoldingiz, endi velosiped minmaysiz” deya e’tiroz bildirgan. Shundan keyin onaxon kasal bo‘lib qolgan. Ushbu voqeadan keyin farzandlari Robixon momoning velosipedda yurishiga qarshilik qilmagan. “Aksariyat insonlar ayol kishining velosiped yoki mashina haydashiga salbiy qarashadi. Ammo men bunday munosabatni oqlamayman. Allohga shukrki, shu kunlarga yetib kelishimda velosiped minishimning juda katta ahamiyati bor”, degan 97 yoshli Robixon momo.

XS
SM
MD
LG