Линклар

Шошилинч хабар
23 апрел 2024, Тошкент вақти: 17:52

Tramp va Putin 16 iyul kuni Xelsinkida uchrashadi


AQSh prezidentining milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Jon Bolton Moskvaga safar qilganidan so‘ng prezidentlar Donald Tramp va Vladimir Putin uchrashuviga doir ma’lumot aniq bo‘ldi. Har ikki taraf rasmiylariga ko‘ra, sammit 16 iyul kuni Finlyandiya poytaxti Xelsinkida bo‘lib o‘tadi.

Bungacha Tramp va Putin Venada ko‘rishishi mumkin degan xabarlar tarqalgan edi.

“Prezident Tramp Moskvaga borib, Rossiya rasmiylari bilan oliy darajadagi muloqot xususida gaplashib kelishimni so‘radi”, - dedi Bolton chorshanba kuni Moskvada o‘tgan matbuot anjumanida.

Unga ko‘ra, ikki rahbar mamlakatlari o‘rtasidagi muammolar bo‘yicha fikr almashib, ularga yechim topishga, ayrim masalalar bo‘yicha hamkorlikka kelishishga umid qilmoqda.

Mart oyida milliy xavfsizlik maslahatchisi lavozimiga saylangan Bolton Rossiyaga qarshi qarashlari bilan tanilgan eski siyosatchi, sobiq prezident Jorj Bush ma’muriyatida BMTda elchilik qilgan, Rossiyani AQSh saylovlariga aralashganlikda ayblagan, qurol nazorati masalalarida tanqid qilgan.

Matbuot anjumanida muxbirlardan biri unga o‘tmishda Prezident Putinni yolg‘onchi deb ataganini esiga solganda Bolton “o‘tmishdagi bayonotlarimning hozirgi lavozimimga aloqasi yo‘q” deb javob berdi.

“Ayni damda men Prezident Trampga maslahatchiman, uning siyosatini hayotga tatbiq etyapman”, - dedi Bolton.

AQShda bir necha oydan beri Rossiyaning Amerika prezident saylovlariga aralashgani haqidagi da’volar tergov qilinar, Trampning ba’zi tanqidchilari saylov kampaniyasi paytida Tramp saylov shtabini Rossiya bilan til biriktirganlikda ayblar ekan, AQSh rahbarining Putin bilan uchrashuvga hozirlanayotgani tanqidlarga uchramoqda.

Oq uy ham, Kreml ham bu da’volarni inkor etib, ayblovlar ortida AQSh va Rossiya munosabatlarining iliqlashishini istamayotgan kuchlar turishini bildirgan.

Rossiyaning Amerika sayloviga aralashganini o‘tgan yili AQShga qarshi urush harakati deb atagan Bolton endi Tramp ma’muriyatining bunga doir qarashlarini himoya qilmoqda. Tramp Rossiya bilan til biriktirmaganmiz, deb keladi.

“Prezidentning ko‘plab tanqidchilari keyinchalik o‘zini oqlamagan turli xil nazariyalar va taxminlar hisobiga siyosiy ochko to‘plashga harakat qildi. AQShdagi siyosiy shovqinga qaramay, prezident Vladimir Putin bilan bevosita muloqot AQSh manfaatlariga, dunyoda tinchlik va xavfsizlik manfaatlariga xizmat qilishini ta’kidlab kelgan”, - dedi Bolton.

Putinning aytishicha, AQSh-Rossiya aloqalari yomon ahvolda va uchrashuv munosabatlarni tiklashga yordam berishi mumkin.

Sammit kun tartibi qanday bo‘ladi, qanday masalalar ko‘riladi? Ikki tomon diplomatlari hozir ana shu ustida ishlamoqda.

Kuzatuvchilarga ko‘ra, odatda oliy darajadagi bunday uchrashuvlarni tashkillashtirish, kun tartibi bo‘yicha muzokaralar oylab vaqt oladi. Boltonning aytishicha, bir necha kundan so‘ng AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo va Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov uchrashib, asosiy mavzular xususida fikr almashadi.

Tanqidchilarga ko‘ra, bunday qisqa vaqt ichida muloqotga puxta tayyorgarlik ko‘rish mumkin emas, Tramp ko‘zbo‘yamachilik bilan shug‘ullanmoqda.

Rossiya 2014 yilda Qrimni o‘ziga qo‘shib olishi hamda Ukraina sharqida mahalliy isyonchilarni qo‘llab-quvvatlashi ketidan sobiq prezident Barak Obama ma’muriyati uni Katta Sakkizlik guruhidan haydab, qator sanksiyalar joriy etgan edi.

2016 yil saylov kampaniyasi paytida Qrimni Rossiya hududi sifatida tan olishi va Rossiyaga qarshi sanksiyalarni bekor qilishi mumkinligiga ishora qilgan Tramp prezidentlikka saylangach, amaldagi sanksiyalarni uzaytirib, yangi jazo choralarini qo‘llagan.

Qo‘shma Shtatlar Rossiyani Suriyadagi mojaroga aralashib, Prezident Bashar Assadni qo‘llab-quvvatlaganlikda, Britaniyada sobiq rus josusini zaharlaganlikda ham ayblaydi.

Ba’zi xabarlarga ko‘ra, Tramp Katta Yettilikni yana Katta Sakkizlikka aylantirib, Rossiyani guruhga qaytarmoqchi.

Vashingtondagi “Atlantika Kengashi” tahlil markazi eksperti Robert Menningning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, agar Tramp va Putin qurol nazoratiga doir amaldagi bitimlarni saqlab qolgan holda Ukraina va Suriya bo‘yicha biror kelishuvga erisha olsa, sammit o‘z maqsadiga yetgan bo‘ladi.

"Putin Ukraina mojarosining muzlatilishini istaydi, Suriyadan ham chiqmoqchi”, - deydi Menning.

XS
SM
MD
LG