Линклар

Шошилинч хабар
10 май 2024, Тошкент вақти: 15:28

Quronboev Mirziyoevdan tanbeh eshitib turganda, YoIchilar dabdabali kortej uyushtirdi (VIDEO)


Yoshlar ittifoqi delegatsiyasi va rahbari Moskvadagi talabalar bilan uchrashuvda, 8 noyabr, 2017 yil
Yoshlar ittifoqi delegatsiyasi va rahbari Moskvadagi talabalar bilan uchrashuvda, 8 noyabr, 2017 yil

Prezident Mirziyoev Yoshlar ittifoqiga "Yoshlar kuni" munosabati bilan yo‘llagan tabrigida tavsiya va maslahatlar berdi, ayni paytda tashkilot rahbariyatini "kampaniyabozlik"da tanqid qildi. Bu tanqid yangragan paytda, ittifoq a’zolari 10dan ortiq "Kaptiva"da uyushtirgan kortej tarmoqda yana norozilik uyg‘otdi.

Yoshlar ittifoqi nomi bitilgan bayroqlarni ko‘tarib olib, o‘ndan ortiq avtomobilda ko‘chani to‘ldirib, kortej uyushtirgan yoshlar videosi 30 iyun kuni ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi.

Tarmoq foydalanuvchilari bu video Samarqandda tavsirga olinganini yozmoqda, ammo voqea sodir bo‘lgan aniq manzil va sana Ozodlikka hozircha ma’lum emas.​

Bu video tarmoqlarda va mahalliy Internet nashrlarida yana qizg‘in bahslarni boshlab yubordi.

Ittifoq raisi va senator Quronboevning shu yil 7 iyun kuni Namanganda to‘y kortejini to‘xtatib, kelin-kuyovni taksiga o‘tqazib yuborgani haqida bayonot berib, shu kungacha tinmayotgan norozilikka sabab bo‘lgandi.

Internetda Quronboevga nisbat berilgan memlar va karikaturalar tarqaldi.

Garchi, 10 iyun kuni Quronboev Kun.uz nashriga bergan intervyusida avvalgi bayonotidan qaytgan, ya’ni, kelin-kuyovni taksiga o‘tqazib yuborgani haqidagi o‘z gapini o‘zi inkor qilgan bo‘lsa-da, tarmoqlarda uning iste’fosiga chaqiriqlar to‘xtamayotir.

To‘y kortejiga qarshi bo‘lgan Quronboev tashkilotining a’zolari uyushtirgan 30 iyun kungi kortej ijtimoiy tarmoqlarda "xavfsizlik va yo‘l harakati qoidalari buzilgani, tashkilotga berilgan mablag‘ behuda sarflanayotgani uchun" tanqid qilinmoqda.

Zero, so‘nggi bir oy ichida, bu tashkilotning Ozodlik bilan muloqotda bo‘lgan vakillari, prezident Mirziyoevning 30 iyun - Yoshlar kunida tashkilot vakillari bilan uchrashishi, hatto, prezident o‘ziga xiyonatda ayblagan rahbar - senator Qahramon Quronboevni ishidan chetlatishi mumkinligini aytayotgan edi.

Ammo, prezident Yoshlar ittifoqi vakillari bilan uchrashmadi.

Prezident matbuot xizmatida chop etilgan tabrikda, o‘tgan "bir yillik qisqa muddat"da tashkilotning "muhim ijtimoiy tuzilma"ga aylangani, davlat va fuqarolik jamiyati bilan mustahkam aloqalar o‘rnatib ulgurgani raqamlar bilan olqishlandi.

Shuningdek, yutuqlar sirasida muammolarga qisman to‘xtalgan prezident Mirziyoev, "uyushmagan yoshlar bilan ishlash"ni kuchaytirishni tavsiya qiladi.

So‘ngra, ittifoq rahbariyatini: "Yoshlar bilan bevosita ishlash, doimiy muloqot qilish o‘rniga dabdabali tadbirlar o‘tkazish, kampaniyabozlikka berilishdek yaroqsiz ish usulidan hali ham butunlay qutulganimiz yo‘q", deya tanqid qiladi.

Bunga qadar prezident Mirziyoev Farg‘ona viloyatida o‘tgan videoselektorda, ittifoq rahbarini "prezidentga xiyonat"da ayblagan edi.

Daryo.uz sayti chop etgan nutqida prezident, Quronboev nomini tilga olmagan holda: "To‘ylarni yo‘lda to‘xtatgandan ko‘ra, senga o‘xshagan yoshlarning kattalari, dunyoqarashlaringni o‘zgartiringlar. Men to‘y masalasini, u bir yilda bo‘lmaydi, nima uchun cho‘zyapman, muhit paydo bo‘lishi kerak oldin. Prezident aytdi deb to‘yni to‘xtatish, bu Prezidentga xiyonat", deb ayblagandi.

Yoshlar ittifoqi prezident Mirziyoevning tashabbusi bilan 2017 yilning 30 iyunida tashkil qilingan va bu sana uning taklifi bilan Yoshlar kuni, deb e’lon qilingan.

Toshkentda o‘tgan yili 30 iyunda o‘tgan yoshlar quriltoyida avvalgi “Kamolot” yoshlar harakati tugatilib, uning o‘rnida O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi tashkil qilingani e’lon qilingan.

XS
SM
MD
LG