Линклар

Шошилинч хабар
23 апрел 2024, Тошкент вақти: 10:32

Rossiyada pensiya islohotlariga qarshi namoyishlar bo‘lib o‘tdi


Rossiya bo‘ylab minglab odam pensiya yoshi ko‘tarilishiga qarshi namoyishga chiqdi. Kasaba uyushmalari, siyosiy partiyalar hamda muxolifatchi Aleksey Navalniy rossiyaliklarni 1 iyul kuni 2034 yilgacha pensiya yoshini erkaklar uchun 60 dan 65 ga, ayollar yoshini esa 55 dan 63 gacha ko‘tarishni ko‘zlovchi qonunga qarshi namoyishga chiqishga chorlagan edi.

Navalniy o‘z saytida namoyishchilarning ayrimlari aks etgan suratlarni bo‘lishdi. Suratlarda namoyishchilarning qo‘lida “Pensiyani oshiring, yoshni emas!” va “Pensiyamizga qo‘l tekkizmang!” deb yozilgan plakatlarni ko‘rish mumkin.

Saratov shahrida bir necha yuz odam to‘lpangan. Namoyish ishtirokchilarining ayrimlari “Putin o‘g‘ri!”, “Po‘tin ketsin!” hamda “Putinni qo‘lga oling!” deya hayqirgan.

Politsiya ayrim namoyishchilarni qo‘lga olgan. Ammo ularning hujjatlarini tekshirib, tez orada qo‘yib yuborgan.

Rossiyaning Uzoq Sharq hududida joylashgan Vladivostok, Xabarovsk, Komsomolsk-na-Amure va Birobijan shaharlarida hamda Uraldagi Omsk va Orenburg shaharlarida ham namoyishlar bo‘lib o‘tgani xabar qilindi.

Navalniy xalqni namoyishlarga chaqirgandi
Navalniy xalqni namoyishlarga chaqirgandi

Buning ortidan Rossiya g‘arbida ham namoyishlar bo‘lib o‘tishi kutilayotgan edi.

1 iyul kuni Yahudiy avtonom viloyati poytaxti Birobijan shahrida taqriban 500 odam to‘plandi.

Namoyish qatnashchilari qo‘llarida “Qorni och pensioner hukumat uchun sharmandalik”, “Nafaqadan oldin o‘lim” hamda “Medvedevning odamxo‘rlarga oid pensiya islohotlariga yo‘q deymiz!” kabi plakatlar bilan chiqishdi.

Ural va Sibir chegarasida joylashgan Chelyabinsk shahrida bo‘lib o‘tgan namoyish qatnashchilaridan birining “Kimni iste’fo berishga majburalishimiz kerak?” degan xayqirig‘iga olomon “Putinni!” deya javob berdi.

- Xalqimizga qarshi sodir etilgan jinoyatlar uchun kimni sudga yuborishimiz kerak?

- Putinni!

- To‘g‘ri, Putinni. Rossiyani normal, rivojlangan, zamonaviy davlatga aylanish imkonidan aynan Putin mahrum qildi.

Omsk shahrida esa “Blinov” sport kompleksida 4,5 ming odam to‘plandi. Ayrim namoyishchilar Medvedev hukumatini iste’foga chiqishga chorladi.

Birobijan shahrining Lenin maydonida bo‘lib o‘tgan namoyish qatnashchilari Rossiya rasmiylarini pensiya islohotlari bo‘yicha qonun loyihasidan voz kechishga, oshib borayotgan benzin narxini to‘xtatish uchun chora ko‘rishga hamda qo‘shilgan qiymat solig‘ini oshirmaslikka chorladi.

16 iyun kuni Rossiya hukumati pensiya yoshini oshirish ko‘zda tutilgan qonun loyihasini topshirdi. Qonun pensiya yoshini qadamma-qadam oshirishni ko‘zlaydi. Islohotlar 2019 yilda boshlanadi.

Rossiyada Sovet Ittifoqi parchalanib ketganidan beri hali biror marta pensiya yoshi oshirilmagan edi.

Mamlakatda umr uzunligi nisbatan qisqa bo‘lib, rossiyaliklar rivojlangan davlatlarga solishtirganda ancha erta nafaqaga chiqadi.

Pensiya yoshini oshirish taklifi rossiyaliklar g‘azabini keltirdi.

1 iyulgacha change.org saytida taxminan 2,6 million odam pensiya islohotlari bo‘yicha qonunga qarshi arzni imzoladi.

Navalniy 19 iyun kuni ushbu qonunni “o‘g‘rilik” va “fuqarolarga qarshi jinoyat” deya baholab, rossiyaliklarni 1 iyul kuni namoyishcha chiqishga chorlagan edi.

Rossiyada chuqur ildiz otgan korrupsiyaga qarshi kurashib nom chiqargan Navalniy uni qo‘llovchilar Rossiyaning 20 shahrida ommaviy yig‘in o‘tkazishga ruxsat berilishini so‘rab rasmiylarga murojaat qilganini bildirdi.

Ammo muxolifatchi futbol bo‘yicha Jahon chempionati bo‘lib o‘tayotgan 11 shaharda bunday arz topshirilmaganini aytdi.

Chempionat o‘yinlari bo‘lib o‘tayotgan shaharlarda namoyishga chiqish man etilgan.

Navalniy umumiy hisob bilan 39 shaharda pensiya yoshi ko‘tarilishiga qarshi namoyish bo‘lib o‘tganini qo‘shimcha qildi.

XS
SM
MD
LG