Линклар

Шошилинч хабар
22 октябр 2018, Тошкент вақти: 17:54

OzodDayjest: Andijonlik ota alimentdan qochib 3 yoshli qizchasini o‘ldirdi


Illyustrativ surat.

Oliy Majlis deputatlari Orolbo‘yini rivojlantirish dasturi ijrosidan qoniqmadi. Mehnat vazirligi ishlab chiqarish paytidagi baxtsiz hodisalarda 241 kishi vafot etganini bildirdi. Andijonda aliment to‘lamaslik uchun 3 yashar qizini o‘ldirgan yigit 18 yilga qamaldi. Joriy hafta matbuot shu kabi voqealar haqida xabar berdi.

_____________________________________________________________

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri Orolbo‘yidagi muammolarga e’tibor qaratdi

Orolbo‘yini 2017-2021 yillarda rivojlantirish dasturi ijrosi Oliy Majlis deputatlari tomonidan o‘rganilib, bir qator kamchiliklar aniqlandi (“Jamiyat”, 29 iyun). Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri Boriy Alixonov ma’lum qilgan. Dasturga muvofiq, hududdagi suv tarmoqlarini ta’mirlash va rekonstruktsiya qilish belgilangan. Ammo Mo‘ynoq tumanidagi “Shege”, “Madeli”, “Porlitau”, “Qazaxdarya” ovul fuqarolar yig‘inlarida suv tarmoqlarini ta’mirlash ishlari bajarilmagan. Orolbo‘yi hududidagi 70 yoshdan oshgan qariyalarni bepul darmondori bilan ta’minlash talabi ham shu kungacha amal oshmagan. Shuningdek, hududda tibbiy muassasalar, uy-joy qurish, ta’lim, sport va aholiga xizmat ko‘rsatish sohalaridagi tadbirlar ham o‘z muddatidan kechikayotgani ma’lum bo‘lgan.

Mehnat vazirligi: Ishlab chiqarish paytidagi baxtsiz hodisalarda 241 kishi vafot etdi

So‘nggi uch yil ichida O‘zbekistonda ishlab chiqarish payti 1214 ta baxtsiz hodisa kuzatilib, shundan 241 tasi o‘lim bilan tugadi (“Darakchi”, 5 iyul). Bu haqda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi ma’lumot bergan. Fuqarolar mehnat huquqlari buzilishi va davlat organlarida majburiy mehnat sharoiti bo‘yicha 21 mingdan ziyod da’vo bilan chiqqan. Ayni paytda mehnatkashlarning huquqlarini himoya qilish va ularning xavfsizligini saqlash choralarini kuchaytirish talab etilmoqda. Xususan, ikki tuzilma – Davlat mehnat huquq va Davlat mehnat sharoitlarini ekspertiza va muhofaza qilish inspeksiyalarini birlashtirib, yagona Mehnat inspeksiyasiga aylantirish taklif etilmoqda.

Paxta tozalash zavodi ishchisi qo‘lini o‘z farzandi qoniga botirdi

Andijon viloyati Bo‘z tumanida mudhish qotillik ro‘y berdi (“Huquq”, 5 iyul). Bu haqda tuman prokurori Zafarbek G‘ulomjonov xabar qilgan. Shu tumanda yashovchi yosh oila o‘rtasida yo‘qchilik oqibatida muttasil janjal bo‘lib turgan. Paxta tozalash zavodida ishlaydigan erining kamtarona maoshiga qanoat qilmagan xotini oxir-oqibat uni pisand qilmay qo‘ygan. Surunkali janjallardan keyin xotin eri bilan ajrashishini aytgan. Xotini bilan ajrashsa, 3 yoshli qizchasi uchun aliment to‘lashi kerakligini o‘ylagan er esa yagona farzandini o‘z uyida pichoqlab o‘ldirgan. Keyin esa norasidaning jasadini “Mana, bolang!” deya xotiniga keltirib bergan. Qayd etilishicha, qo‘lini o‘z zurriyotining qoniga botirgan nobakor ota 18 yilga ozodlikdan mahrum etilgan. Jinoiy ishga oid boshqa tafsilotlar ochiqlanmagan.

XS
SM
MD
LG