Линклар

Шошилинч хабар
15 ноябр 2018, Тошкент вақти: 19:39

OzodDayjest: Futbol o‘yinlari bo‘yicha garov bog‘lash joizmi?


Illyustrativ surat.

Farg‘onada kreditga olgan tovuqlari nobud bo‘lgan ayol ruhiy zarbaga dosh berolmay olamdan o‘tdi. Toshkentlik qizga AQSh generalidan sevgi maktubi keldi. O‘zbekiston musulmonlari idorasi vakili futbol o‘yinlari uchun pul tikish joiz emasligini eslatdi.

_____________________________________________________________

Kreditga olingan tovuqlar Farg‘onada yashovchi oila boshiga kulfat yog‘dirdi

Kreditga olingan tovuqlar Farg‘ona viloyati Qo‘shtepa tumanida yashovchi er-xotin boshiga kulfatlar yog‘dirdi (“Oila davrasida”, 5 iyul). “Fayz” mahallasida yashovchi Abduhamid va Zuhra Yakubovlar 2017 yil 15 mayida bankning 3 million so‘mlik krediti evaziga “Fayz agro kafolat eksport” firmasidan tovuq olgan. Lekin keyinroq parrandalar qarib qolgani ma’lum bo‘lgan. Tovuqlar bir oycha tuxum berib, keyin birin-ketin o‘la boshlagan. Oila boshlig‘i 2017 yil 31 iyunida kutilmaganda qazo qiladi. Ham erining o‘limi, ham kredit yopish tashvishi – ikki tomonlama ruhiy zarbaga dosh berolmagan Zuhra Yakubova ham 14 oktabr kuni olamdan o‘tadi. Endilikda kreditni 81 yoshli onaxon to‘lamoqda. Tovuqlarni sug‘urta qilgan “Xalq sug‘urta” kompaniyasi esa nobud bo‘lgan parrandalar uchun tovon to‘lab bermagan. “Qani adolat? Nega sug‘urta kompaniyasi o‘z vazifasini bajarmasa-da, unga hech qanday chora ko‘rilmaydi-da, kunini zo‘rg‘a o‘tkazayotgan odamlarning burni qonatilaveradi?” deb yozadi gazeta.

AQShning nufuzli generali toshkentlik qizga sevgi maktubi yo‘lladi

So‘nggi paytlarda internet orqali firibgarlik jinoyatlari ko‘paymoqda (“Hurriyat”, 29 iyun). Toshkentlik qiz ham AQShning Afg‘onistondagi harbiy bo‘linmalarida qo‘mondonlik qilgan generaldan elektron maktub olgan. Bir-ikki yozishmadan keyin general o‘z suratini yuboradi va xushsurat harbiyning surati qizda hayajon uyg‘otadi. Kunlar o‘tib toshkentlik qiz generalga ko‘ngil qo‘yadi. General ham toshkentlik qizga uylanish istagi borligini aytadi. Bu orada oshiq ma’shuqasiga Nyu-Yorkdan qimmatbaho sovg‘a yuborgani, ammo anglashilmovchilik sababli sovg‘a Yevropa mamlakatlaridan biriga ketib qolgani, uni qaytarish uchun 2500 yevro jo‘natish kerakligini aytadi. Shundan keyin toshkentlik qiz so‘rab-surishtirib AQSh generali nomidan noma’lum bir kimsa maktub yo‘llayotganini biladi. Qayd etilishicha, toshkentlik qiz firibgar tuzog‘iga tushmagan. Ushbu holatga oid boshqa tafsilotlar ochiqlanmagan.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi vakili: futbol ishqibozlari pulga bahs boylashi joiz emas

O‘zbekiston musulmonlari idorasi bosh mutaxassisi Muhammadayub Homidov futbol o‘yinlari bo‘yicha garov bog‘lash joiz emasligini ta’kidladi. “Darakchi” nashri musulmonlar idorasi bosh mutaxassisiga “Ayni kunlarda davom etayotgan futbol bo‘yicha jahon chempionatini tomosha qilayotgan ishqibozlar orasida terma jamoalarga pul tikish holatlari uchramoqda. Shu yo‘l bilan pul topayotganlar ham bor. Bu narsa qimor emasmi?” degan mazmunda savol bilan murojaat etgan. “Bu narsa qimor hisoblanadi. Shariatda futbol jamoalariga pul tikishga ruxsat berilmaydi. Musulmon odam bunday noshar’iy ishlardan yiroq yuradi, bilmaganlarga aytib, ogohlantirib qo‘yadi”, degan Muhammadayub Homidov.

XS
SM
MD
LG