Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 17:43

Britaniya Trampni namoyishlar bilan kutib olmoqchi


12 iyul kuni Donald Tramp Britaniyada bo‘ladi. Bu uning prezidentlikka saylanganidan beri ittifoqchi davlatga ilk tashrifi. So‘nggi oylarda munosabatlar bir necha sinovdan o‘tdi.

"Amerika Ovozi"ning Londondagi muxbiri Genri Rijvelning xabar berishicha, minglab faollar shaharda norozilik namoyishlariga hozirlanmoqda.

Britaniyada shu kunlarda havo juda issiq. Tramp tashrifi bilan siyosiy haroratning ham oshishi kutilmoqda. Uning immigratsiya va iqlim o‘zgarishiga doir siyosatiga qarshilar bu mamlakatda ham topiladi.

“Norozilik namoyishlarida qatnashaman. O‘zi namoyishlarga chiqib yuradigan odammasman. Trampni Britaniyaga taklif qilmaslik kerak edi”, - deydi londonlik bu ayol.

“Uning ko‘p ishlarini olqishlamayman, biroq Amerika uchun ko‘p xayrli ishlar qilyapti”, - deydi Kameron Smit ismli ingliz.

“Kelib, odamlarimizning unga munosabatini ko‘rib qo‘ysin”, - deydi Kris Antuan.

Londondagi namoyishlarni Trampning o‘zi ko‘rmasligi mumkin.

“Oz sonli, ammo baqiroq va agressiv ozchilik butun Britaniya aholisi nomidan fikr bildiryapti deb o‘ylashlarini istamaymiz”, - deydi “Bow Group” konservativ tashkilotidan Deyvid Sarjent.

Prezident Tramp va Britaniya Bosh vazirasi Tereza Mey 2017 yilda Oq uyda ko‘rishganida til topishgandek edi, ammo keyinchalik bu munosabatlar bir necha sinovdan o‘tdi.

“Ultra o‘ng qanot mazmundagi videoning Tramp tomonidan “Twitter”da tarqatilishi Britaniya parlamentida katta noroziliklarga, ko‘cha namoyishlariga sabab bo‘ldi. Tramp bu mamlakatga Yevropa Ittifoqiga tariflarni joriy etganidan so‘ng, Eron bilan imzolangan xalqaro bitimdan chiqqanidan so‘ng, uning oilalarni ajratish siyosati matbuotda keskin tanqidlarga uchraganidan so‘ng tashrif buyurmoqda”, - deydi londonlik tahlilchi Lesli Vinjamuri.

Trampning Londonga tashrifi Britaniya Yevropa Ittifoqini tark etayotgan bir paytga to‘g‘ri kelmoqda. AQSh bilan kuchli iqtisodiy va xavfsizlik aloqalari ittifoqsiz kelajak muvaffaqiyati zamini sifatida ko‘rilmoqda.

“Breksit davrida dunyo bo‘ylab ittifoqlar tuzishimiz lozim va eng kuchli ittifoq Qo‘shma Shtatlar bilan bo‘lishi kerak”, - deydi tahlilchi Sarjent.

Tramp ham Britaniya bilan aloqalarga katta ahamiyat beradimi?

“O‘ylaymanki, Tramp tashrifi davomida Birlashgan Qirollik bilan maxsus aloqalar haqida gapiradi, hatto savdo bitimi imzolanishi mumkin, ammo tashrifdan so‘ng bu borada katta o‘zgarish bo‘lmaydi. Xavfsizlik bobida hamkorlik, NATO kelajagi xususida gaplashishadi”, - deydi londonlik ekspert.

Britaniyaga safaridan oldin Tramp Bryusselda to‘xtab, NATO sammitida qatnashadi, 16 iyul kuni esa Xelsinkida Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan ko‘rishadi.

“Mana shu ikki tadbir Tramp uchun Britaniyaga safaridan muhimroq bo‘lishi mumkin”, - deydi Vinjamuri.

XS
SM
MD
LG