Линклар

Шошилинч хабар
19 июл 2018, Тошкент вақти: 01:32

"O‘zbekkonsert" Toshkentdagi arzon qo‘shiqchilar ro‘yxatini e’lon qildi. Qimmatlariga "tishi o‘tmadi"


5 iyul kuni "O‘zbekkonsert" davlat muassasasi "to‘ylarga boradigan san’atkorlarning imtiyozli narxga ega ro‘yxati"ni e’lon qildi.

"To‘ylarni ixchamlashtirish va xalqqa yengillik yaratish" maqsadida tuzilgani aytilgan bu ro‘yxatga kirgan ashulachi va guruhlarning "osh tadbirlari va to‘y va yubileylar"ga necha pulga borishi aniq belgilab qo‘yilgan.

Oshga borish 500 mingdan 800 minggacha¸ to‘yga borishi 800 mingdan 1¸5 million so‘mgacha qilib belgilangan ro‘yxatda o‘zbekistonliklar orasida tanilgan biror san’atkor yoki guruh yo‘q.

Ozodlik gaplashgan "O‘zbekkonsert" mulozimi¸ bu ro‘yxatga Toshkentdagi eng arzon ashulachilar kiritilganini aytib¸ nom chiqargan san’atkorlarning to‘yga borish narxini ularning o‘zi bilan alohida kelishishni tavsiya qildi.

Toshkentdagi eng arzon ashulachi va guruhlar ro‘yxati

6 iyul kuni Ozodlik gaplashgan "O‘zbekkonsert" mulozimi poytaxtdagi to‘y marosimlariga boradigan san’atkorlar ro‘yxatining ham xalq¸ ham sana’tkorlar uchun manfaatli ekani va unga kirganlarning ro‘yxatga o‘z xohishi bilan qo‘shilganini bildirdi.

"Biz Toshkentdagi juda ko‘p san’atkorlar¸ guruhlarni yig‘dik. Ularga ro‘yxatni ko‘rsatdik. Rozi bo‘lgani qoldi¸ yo‘q¸ bu narx ko‘tarmaydi¸ deganini o‘chirib tashladik. Ro‘yxatga kirganlar Toshkentdagi eng arzon san’atkorlar¸ ko‘pchilik ularni tanimaydi. Shu ma’noda¸ bu ashulachilar biznesi uchun yaxshi. To‘yiga arzon artist qidirib¸ ovora bo‘ladiganlarga ham qulay – ro‘yxatdagi nomerlarga telefon qilsa¸ o‘zimiz tashkil qilib beramiz"¸ dedi Ozodlik gaplashgan "O‘zbekkonsert" davlat muassasasining ayni shu ro‘yxat tuzilishida qatnashgan mulozimi.

5 iyul kuni "O‘zbekkonsert" rasmiy saytida e’lon qilingan ro‘yxatga 50 ta guruh va 20 nafar xonanda kiritilgan.

Ro‘yxatdagi san’atkorning to‘yga begilangan narxda borishini kim¸ qanday kafolatlaydi?

"O‘zbekkonsert" ro‘yxatiga kiritilgan guruhlarning to‘yga borish narxi 700 mingdan 1 500 000 so‘mgacha qilib belgilangan.

Tashkilot vakillariga ko‘ra¸ ularni to‘yga chaqiruvchilar shu puldan ortiq bir so‘m ham to‘lamaydi.

"To‘y qilayotgan odam¸ bizga chiqadi va falonchini to‘yimga chaqirmoqchiman"¸ deydi. Biz bu guruhdan vaqti bor-yo‘qligini so‘rab¸ikkala tomonni kelishtiramiz. Narx – ro‘yxatda belgilangandan bir tiyin ham oshmaydi. To‘y 4 soat bo‘ladimi¸ 5 soat¸ shu pulga borib xizmat ko‘rsatadi. To‘y egasi bilan kelishib¸ zakalatni olganidan keyin¸ boshqa odam san’atkorni 10 millionga chaqirsayam¸ borolmaydi. Bormayman¸ deb xalqning to‘yini buzgudek bo‘lsa¸ biz uning litsenziyasini bekor qilamiz – keyin umuman to‘yga borolmaydi. Qo‘limizda bor vakolat shu"¸ dedi “O‘zbekkontsert"ning Ozodlik gaplashgan yana bir mulozimi.

Unga ko‘ra¸ Toshkentdagi eng arzon san’atkorlar ro‘yxatiga kirganlarning 70 foizida to‘y-marosimlarda xizmat qilish uchun berilgan rasmiy litsenziya bor¸ qolganiga ham berish masalasi ko‘rib chiqilmoqda.

Taniqli ashulachilarga "O‘zbekkonsert"ning "tishi o‘tmadi"

Ozodlik suhbatlashgan "O‘zbekkonsert" mulozimlari¸ 5 iyulda e’lon qilingan Toshkentdagi san’atkorlar ro‘yxati va ular uchun belgilangan narx preyskuranti¸ shu yo‘ldagi birinchi qadam ekani va uning bosqichma-bosqich davom etishini bildirdi.

Ayni paytda ular¸ bu ro‘yxatga qo‘shilish erkin ijodkorning o‘z xohishiga bog‘liqligi bois¸ hech kim ularni majbur qila olmasligini ham qo‘shimcha qildi.

"Biz Ozodbek¸ Yulduz yoki Sherali Jo‘raevni xizmat narxingni ayt¸ shuni muhrlab qo‘yamiz ro‘yxat chiqarib¸ deya olmaymiz. Ularni qanday topishni odamlarning o‘zi biladi. Narxini ham bozor ko‘targanga qarab¸ o‘zlari kelishib oladi – bizda bu ishga aralashish vakolati yo‘q. Taniqli artistlarning ijodi qimmat¸ bitta klip qilib¸ uni televizorda aylantirish 30-40 ming dollarga tushadi. Ularning asosiy daromadi - to‘y. Shunga narxini ham qimmat qo‘yadi ular"¸ dedi "O‘zbekkonsert" vakillaridan yana biri.

Ozodlik 6 iyul kuni O‘zbekistondagi eng taniqli ashulachilarni to‘yga olib borish bilan shug‘ullanuvchi ma’murlardan biri bilan bog‘landi.

"O‘zbekonsert" ro‘yxatini "bo‘lmag‘ur ish" deb baholagan bu ma’mur¸ taniqli ashulachilarning unga qo‘shilmasligini bildirdi.

Bu ma’mur ta’kidicha¸ qimmat ashulachilar to‘yni boshdan oxirigacha o‘tkazishga deyarli rozi bo‘lmaydi va Toshkentda¸ asosan¸ birrovga boradi. “Birrovning narxini esa¸ to‘yga ikki-uch kun qolganda¸ yuzma-yuz o‘tirib¸ kelishamiz”¸ dedi bu ma’mur.

Toshkentdagi to‘y tashkilotchilaridan birining 6 iyul kuni Ozodlikka bildirishicha¸ Yulduz Usmonovaning shu kunlarda “birrovga borish narxi” 13 million so‘m yoki 1600 dollar¸ Ozodbek Nazarbekovniki esa¸ 9 million yoki 1100 dollarga teng va bu narxga uchta qo‘shiq kiradi¸ xolos.

Ozodlik narxlar borasida bu ashulachilarning o‘zlari yoki ularning rasmiy ma’murlaridan aniq javob ola olmadi.

Arzon artistlar ro‘yxati viloyatlarda ham tuzilmoqda

“O‘zbekkonsert” mulozimlari¸ 5 iyul kuni e’lon qilingan Toshkentdagi to‘ylarga boradigan san’atkorlarning imtiyozli narxga ega ro‘yxati prezidentning to‘ylarni ixchamlashtirish taklifiga javoban qo‘yilgan birinchi qadam ekanini ta’kidladi.

“Hozir viloyatlardagi hududiy boshqarmalarimiz ham o‘z ro‘yxatini tuzayapti. Bu ro‘yxatga kiradiganlarning aynan qaysi rayonlarga borishi ham ko‘rsatiladi. Yaqin orada bu ro‘yxatlar ham e’lon qilinadi”¸ dedi Ozodlik gaplashgan bu jarayonga bevosita aloqador mulozimlardan biri.

“O‘zbekkonsert” mamlakatdagi sozanda va xonanda¸ raqqosu raqqosaning legal faoliyat ko‘rsatishi¸ xususan¸ to‘y-ma’rakalarga borishiga ruxsat beruvchi yagona davlat muassasasi.

“O‘zbekkonsert”dan olinadigan yillik litsenziya uchun san’atkorning qaysi kategoriyaga mansubligiga qarab¸ 2 milliondan 30 milliongacha haq joriy etilgan. Rasmiy lizentsiya olgan san’atkor¸ yillik to‘lovdan tashqari har oy eng kam ish haqining bir oylik miqdorida ijtimoiy sug‘urta to‘laydi. Amaldagi qonunchilikka muvofiq¸ lizentsiyalik san’atkorlar to‘ydan topadigan daromadidan davlatga soliq to‘lamaydi.

6 iyul kuni Ozodlik gaplashgan Davlat soliq qo‘mitasi mutaxassisi¸ bir kechada “birrovlar”dan topadigan daromadi minglab dollarni tashkil qiladigan sana’tkorlarni soliqqa tortish taklifi Vazirlar Mahkamasiga topshirilganini bildirdi.

XS
SM
MD
LG