Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 12:16

Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi sobiq direktori manzil koloniyada pichoqlab ketildi


Jur’at Meliqulov
Jur’at Meliqulov

Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi sobiq direktori, 2014 yilning 20 avgustida sud hukmi bilan 15 yilga ozodlikdan mahrum etilgan Jur’at Meliqulov jazo muddatini o‘tayotgan Pskent tumanidagi 64/75 manzil koloniyada pichoqlab ketildi.

Ozodlikning Jur’at Meliqulov yaqinlaridan olgan ma’lumotiga ko‘ra, uch nafar noma’lum shaxs uni do‘pposlab, pichoq bilan iyagi va soniga jarohat yetkazgan.

Toshkent viloyati ichki ishlar boshqarmasi bu xabarni tasdiqladi.

Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodining sobiq direktori Jur’at Meliqulov 3 iyul kuni ertalab soat 5da jazo muddatini o‘tayotgan Pskent tumanidagi 64/75 jazoni o‘tash muassasasidagi hududda noma’lum uch shaxs tomonidan kaltaklangan va pichoqlangan.

Iyagi, sonidan pichoq jarohati olgan Jur’at Meliqulov Pskent tumanidagi kasalxonaga yotqizilgan.

Toshkent viloyati Pskent tumani ichki ishlar bo‘limining ismi sir qolishini so‘ragan mulozimi, shunday voqea bo‘lganini tasdiqladi:

“Jazoni o‘tash muassasasining 15 kilometr uzoqda joylashgan beda ekinzori bor. Jur’at Meliqulov yana ikki mahbus o‘sha yerda dalaga qarash ishlari bilan shug‘ullangan. Ular vagonda yashashgan. 3 iyul kuni ertalab uch noma’lum shaxs o‘sha yerga borib, Jur’at Meliqulovni chaqiradi va o‘rtaga olib do‘pposlaydi. Ulardan biri pichoq bilan Meliqulovning soniga va iyagiga jarohat yetkazgan. Meliqulov tan jarohatlari olib, kasalxonaga yotqizilgan”, dedi mulozim.

Uning aytishicha, jinoyatchilar voqea joyidan qochib ketishgan va hozirda ularni qidirish ishlari olib borilmoqda.

Pskent shoshilinch tibbiy yordam kasalxonasining ismi sir qolishini so‘ragan shifokori, Jur’at Meliqulovga nisbatan jarrohlik amaliyoti o‘tkazilganini aytdi:

“Iyagidan va chap sonidan chuqur tig‘ jarohati olgan. Tirsak va barmoqlarida ham jarohatlari bor. O‘sha kuni operatsiya qilingan. Hozir ahvoli yaxshi, jarrohlik bo‘limida davolanyapti”, dedi shifokor.

Pskent tumanidagi jazoni o‘tash manzil koloniyasining Ozodlik suhbatlashgan, ismi sir qolishini so‘ragan mahkumlaridan birining iddao qilishicha, Jur’at Meliqulovga hujum qilganlar uning direktorlik paytidagi eski dushmanlari tomonidan yuborilgan bo‘lishi mumkin:

“Meliqulovni kaltaklaganlar sport kiyimidagi yigitlar bo‘lgan. Menimcha Meliqulov direktorlik paytida ozor bergan odam shu yo‘l bilan uni nimadandir ogohlantirgan. Bo‘lmasa, ular uch kishi bo‘lgan, tinchgina o‘ldirib ketishlari mumkin edi. Meliqulov ham yigitlarni yuborgan odamni taniydi, shekilli, militsiyaga o‘zim yiqilib tushdim deb, ko‘rsatma bergan”, dedi mahkumlardan biri.

54 yoshli Jur’at Meliqulov fevral oyida Qarshidagi 64/49-jazoni ijro etish muassasasidan Pskentdagi 64/75-manzil koloniyaga o‘tkazilgan edi.

Farg‘ona neft zavodi direktori bo‘lib ishlagan Jur’at Meliqulov 2014 yilning 20 avgustida Toshkent shahar sud hukmi bilan 15 yilga ozodlikdan mahrum etilgan edi.

“Eltuz” nashri qo‘lga kiritgan Jur’at Meliqulov jinoyat ishidagi ayblovda aytilishicha, Toshkentning Shayxontohur tumanida istiqomat qilgan Jur’at Meliqulov FNPZda mas’ul vazifalarni bajargan besh kishi bilan birga “jinoiy til biriktirgan va o‘z vazifalarini suiiste’mol qilgan holda… FNPZ pul mablag‘larini tizimli tarzda o‘marish, pora olish, O‘zbekiston iqtisodiy manfaatlariga zid ravishda bitimlar tuzish va yirik miqdordagi soliqlardan bo‘yin tovlash bilan shug‘ullangan”.

2015 yilning fevralida Farg‘onada Gulnora Karimova nazorat qilishi iddao qilingan zavodlarning 60 mulozimi sudlangan edi.

Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi, Farg‘ona yog‘-moy zavodi, Quvasoy sement va Quvasoy Kvars zavodlari rahbarlaridan oltmishga yaqin odamning mahkama jarayonida prezidentning qizi Gulnora Karimova nazorat qilishi iddao qilingan ushbu korxonalarda rahbar lavozimlarida ishlagan shasxlar bir qator moliyaviy jinoyatlardan ayblanib, turli muddatlarga ozodlikdan mahrum qilingan edi.

XS
SM
MD
LG