Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 19:14

Sahroda yo‘qolgan xorazmlik baliqchilar qidirilmoqda


Qoraqalpog‘istonning Taxtako‘pir tumaniga baliq oviga borib, adashib qolgan xorazmlik baliqchilar qidirilmoqda. Rasmiylar ma’lumotiga ko‘ra, 8 kun avval baliq ovidan qaytayotib, adashib qolgan 5 baliqchidan 3 nafari topilgan. Hozirda yana 2 baliqchini qidirish ishlari davom etayapti.

Ma’lumotlarga qaraganda, xorazmlik besh kishi baliq ovlashga borgan joy sahro o‘rtasida joylashgan bo‘lib, u yerga borish uchun 70-80 kilometr sahro ichkarisiga kirish lozim.

Nukusdagi huquq-tartibot idoralaridan olingan ma’lumotga ko‘ra, Xorazmning Urganch tumani, G‘alaba qishlog‘idan bo‘lgan besh nafar baliqchi 3 iyul kuni Taxtako‘pir tumaniga baliq oviga borib, uyiga qaytishda adashib qolgan.

“Ular jami besh kishi bo‘lgan. Mashinada “Xitoy qazgan” kollektoridan baliq ovlashga borishgan. O‘sha joydagi ko‘llarda baliq ko‘pligi uchun Xorazmdan ham baliq ovlashga kelib turishadi. Ular baliq ovlab, uyiga qaytib ketayotgan payti sahroda mashina buzilib qoladi. Ikki baliqchi mashinani tuzatish uchun usta qidirib ketadi. Qolgan uch baliqchi ham ichishga suvi tamom bo‘lgach, suv qidirib ketishadi. Usta qidirib ketgan ikki baliqchi usta topib qaytib kelishadi. Mashinani tuzatgach, uch sherigini qidirib topa olmagach, Xorazmga qaytib ketishadi. Oradan bir necha kun o‘tgach, suv qidirib ketganlardan yana biri Xorazmga piyoda yetib boradi. Unga sahroda uchragan cho‘pon yordam bergan. Qolgan ikki baliqchi sahroda adashib qolishgan”, dedi huquq-tartibot idorasi mulozimi ismini ochiqlamaslik sharti bilan.

Taxtako‘pir tuman Ichki ishlar bo‘limidan olingan ma’lumotga ko‘ra, 9 iyul kuni sahroda bir kishining jasadi topilgan va u yo‘qolgan baliqchilardan biri sifatida taxmin qilinmoqda.

“Topilgan kishining murdasi Urganchga jo‘natildi. Hozir qidiruv ishlari davom etayapti. Nu​kusdan bir gruppa MChS xodimlari kelgan, ular qidirayapti. Keyin bizni xodimlar ham qidirishda ishtirok etayapti. Balki sahroda adashib qolgan baliqchi Xorazmga piyoda ketgandir va uyiga yetib borar degan taxmin ham yo‘q emas”, dedi Taxtako‘pir tuman IIB xodimi.

Xorazm viloyat huquq-tartibot idoralaridan olingan ma’lumotga ko‘ra, Taxtako‘pirdan jo‘natilgan kishining murdasi hozirda tibbiy ekspertizadan o‘tkazilayapti.

“Hali bu murda o‘sha yo‘qolgan baliqchilardan biriga tegishli ekanini aniq ayta olmaymiz. Chunki ekspertiza xulosalari hali chiqmadi. Biz ham kutib o‘tiribmiz. Xorazmga tirik qaytib kelgan uch baliqchi ham hozir Taxtako‘pirda sheriklarini qidirishda ishtirok etayapti. Baliqchilar 70 kilometrcha sahro ichiga kirib ketgan ekan. Hozir Urganchda juda issiq bo‘layapti. Sahrodagi issiq dahshat bo‘lsa kerak. Sahroda adashib qolgan baliqchilar issiqqa chiday olmay qolgan bo‘lishi mumkin”, dedi huquq-tartibot idoralari xodimi.

O‘zbekiston Favqulodda vaziyatlar vazirligi mamlakatda 7-10 iyul kunlari anomal issiq va quruq havo bo‘lishi, havo harorati +45 darajagacha ko‘tarilishidan ogohlantirib, zaruratsiz ko‘chaga chiqmaslik va jismoniy harakatlarni kamaytirishni tavsiya qildi. ​

XS
SM
MD
LG