Qozog‘istonning Chimkent shahrida 10 iyul kuni mahalliy faol Nurjan Muhammedov shahar ma’muriyati oldida hukumatdan "politsiya tomonidan qilinayotgan ta’qib va kuzatuvlar bekor qilinishini" talab qildi.
Norozilik aksiyasiga Nurjan Muhammedov o‘zining voyaga yetmagan besh farzandi va rafiqasi bilan chiqdi. Saf tortgan holda turgan farzandlarining qo‘lida “Biz qul emasmiz.Ta’qibni bas qiling” degan yozuvlar bo‘lgan qog‘ozlar bor edi.
Bundan avval - 10 may kuni siyosiy mahbuslarni ozod qilish talabi bilan aksiya o‘tkazgan Nurjan Muhammedov Chimkent hokimi Gabidulla Abdrahimov bilan uchrashishni talab qilgan edi. Bunga erisha olmagan Muhammedov shahar ma’muriyati binosi oldida o‘ziga yonilg‘i sepdi va o‘ziga o‘t qo‘yishi bilan do‘q urdi. Qo‘lida yondirgich ushlab olgan faol o‘zini o‘rab olgan politsiya xodimlari yaqinlashmasliklarini talab qildi va hokim bilan uchrashish borasidagi talabida turib oldi.
Shundan so‘ng faol oldiga hokim o‘rinbosari Qayrat Nurtay chiqdi va suhbatni bino ichkarisida davom ettirishni taklif qildi. Faol va uning oilasi bino ichkarisiga kirganida shahar prokurori va mahalliy politsiya boshlig‘i paydo bo‘ldi. Uchrashuvga Chimkent shahridagi Al-Forobiy tuman hokimi ham kelib qo‘shildi. Faolning talabini eshitgan hokim o‘rinbosari uning arizasiga binoan xodimlar ustidan xizmat tekshiruvi o‘tkazilishini aytdi.
Uzoq yillar davomida shahar chetidagi ijara uyda istiqomat qilayotgan faol Nurjan Muhammedovning aytishicha, yaqinda ijarachi mahalliy uchastka nozirining jarima solish borasidagi po‘pisasidan so‘ng faoldan uyni bo‘shatib qo‘yishni so‘ragan.
Faol oilasi bilan ayni damda o‘zi ishlaydigan do‘konning omborxonasida istiqomat qilmoqda. Uchrashuvdan so‘ng Al-Forobiy tuman hokimi Bauirjan Kaljanov bu oila yashayotgan joyni borib ko‘rdi va hokimiyat tomonidan yordam berish imkoniyatlarini ko‘rib chiqishga va’da berdi.
May oyida shahar ichki ishlar departamenti tomonidan ogohlantirish olgan Nurjan Muhammedov 25 may kuni Chimkent shahridagi ixtisoslashtirilgan ma’muriy sud tomonidan ruxsat berilmagan mitingda ishtirok etishda aybdor deb topilgan va 10 kun ma’muriy hibsga olingan edi. Nurjan Muhammedov 4 iyun kuni ozod qilingan.