Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 02:27

Oliy Majlis Senati 1 oylik harbiy xizmatni tugatishni taklif qildi


O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati harbiy xizmatga chaqiruv yoshini 27 dan 25 ga tushirishni taklif qilmoqda. Bu haqda xabar qilgan gazeta.uzga ko‘ra, safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmatga oid qonun hujjatlarining ijro etilishi hamda yoshlarning chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarligi holati yuzasidan bosh vazir Abdulla Aripovga yuborilgan parlament so‘rovida so‘z boradi.

Mazkur so‘rov Senatning 29 iyundagi 15-yalpi majlisda ma’qullangani bugun ma’lum bo‘ldi

Senatning mudofaa va xavfsizlik masalalari bo‘yicha qo‘mitasi raisi Farrux Dadaxo‘jaev so‘rovni izohlar ekan, unda bir oylik harbiy xizmat — safarbarlik chaqiruv rezervida harbiy xizmatni tashkil etish va o‘tash, umumiy o‘rta, o‘rta maxsus va kasb-hunar ta’limi muassasalarini yoshlarning chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarligi bo‘yicha malakali o‘qituvchilar va o‘quv darsliklari bilan ta’minlashdagi muammo va kamchiliklar ko‘rsatib o‘tilganini ma’lum qildi.

Jumladan, senator oilalarning ijtimoiy va moddiy holatini baholash to‘g‘risidagi nizomning yo‘qligi, bu safarbarlik chaqiruv rezervida bir oylik xizmatni o‘tash uchun badal pulini joriy etishda korrupsiya va boshqa qonunbuzarliklar uchun juda qulay sharoit yaratib berayotganiga e’tibor qaratdi.

Aniqroq aytganda, aksariyat chaqiriluvchilar safarbarlik chaqiruv rezervidan o‘tmagan. Statistikaga ko‘ra, agarda har yili 100 foiz chaqiriluvchilar hirbiy xizmatni o‘tashi lozim bo‘lsa, bunday imkoniyat 33 foizni tashkil etmoqda xolos.

Qonun osti aktlarida chaqiruv yoshidagi fuqarolarning huquq va erkinliklarini cheklovchi ayrim cheklovlar mavjud, deya davom ettirdi qo‘mita rahbari. Masalan, harbiy guvohnomaga ega bo‘lmagan chaqiruv yoshidagi fuqaro chet elga chiqmoqchi bo‘lsa, mudofaa ishlari bo‘yicha bo‘limdan chiqishga qarshilik mavjud emasligi to‘g‘risidagi ma’lumotnoma olishi lozim.

OTM qabul komissiyalari ham abiturientlardan armiyada xizmat qilishdan kechiktirish to‘g‘risidagi ma’lumotnomani talab qiladi.

Bunda mudofaa ishlari bo‘limlari zarur hujjatlarni berish uchun kelgusida harbiy xizmatdan o‘tish va pul to‘lovini amalga oshirish to‘g‘risidagi shartnomani imzolashni talab qiladi.

Bularning barchasi fuqarolarning noroziliklarini keltirib chiqarmoqda, ma’lumotnomalar yig‘ish uchun ortiqcha vaqt va mablag‘ sarflashiga olib kelmoqda, dedi Farrux Dadaxo‘jaev.

U bir oylik harbiy xizmatdagi ta’lim uslublarini ham tanqid ostiga olib, ularning zamon talablariga mos kelmasligini aytib o‘tdi.

Shulardan kelib chiqib, Senat safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmatni tubdan isloh qilish, rivojlangan mamlakatlar tajribalarini har tomonlama o‘rganish va ushbu yo‘nalishdagi qonunchilikni takomillashtirishni taklif qilmoqda.

Safarbarlik chaqiruvi rezervi batalyonlarida shtat birliklarining cheklangani va chaqiruv yoshidagi fuqarolarni harbiy xizmatga to‘liq qamrab olish imkoniyati yo‘qligi sababli chaqiruv yoshini tinch vaqtlarda 27 dan 25 ga kichraytirish taklif qilindi.

Farrux Dadaxo‘jaev so‘zi oxirida bir oylik harbiy xizmatni bosqichma-bosqich tugatish masalasini ko‘rib chiqish lozimligini ta’kidladi.

XS
SM
MD
LG