Линклар

Шошилинч хабар
11 май 2024, Тошкент вақти: 02:21

Quvasoyda shifokorlar ko‘cha tozalash ishida, bemorlar navbat kutishmoqda (yangilandi)


Bu surat Quvasoydagi oilaviy poliklinikada obodonlashtirish ishiga olib ketilgan vrach va hamshiralarni kutib xunob bo‘lgan bemor tomonidan yuborilgan. Surat muallifi uning Quvasoy shahridagi poliklinika ekanini 11 iyul kuni yana tasdiqladi.
Bu surat Quvasoydagi oilaviy poliklinikada obodonlashtirish ishiga olib ketilgan vrach va hamshiralarni kutib xunob bo‘lgan bemor tomonidan yuborilgan. Surat muallifi uning Quvasoy shahridagi poliklinika ekanini 11 iyul kuni yana tasdiqladi.

O‘zbekiston prezidentining sog‘liqni saqlash va ta’lim sohasi xodimlarini obodonlashtirish ishlariga jalb etishni qat’iy taqiqlash haqidagi qat’iy ko‘rsatmasiga qaramay, Farg‘onaning Quvasoy shahri Tibbiyot birlashmasi shifokor va hamshiralari ko‘cha tozalashga jalb etilganliklari haqda Ozodlikka shikoyat qilishdi.

Quvasoy shahar Tibbiyot birlashmasining ismi sir qolishini istagan xodimi Ozodlikka vrach va xamshiralar ko‘cha tozalash ishlariga olib chiqilgani sabab, shifoxona va poliklinikada bemorlar navbat kutib qolishganini aytdi.

- Shahar hokimi Adham Ziyovutdinov ko‘cha tozalash ishlariga olib chiqib ishlatmoqda. Hech kim bemorlar haqida o‘ylamaydi. Axir biz ko‘cha tozalash uchun tibbiyot birlashmasiga ishga kirganimiz yo‘qku, biz shifokorlarbemorlarga qarashimiz kerak. Bu yerda bemorlar navbat kutib qolishayapti, - deydi birlashmaning ismi sir qolishi sharti bilan Ozodlikka gapirgan xodimi.

Quvasoy shahar Tibbiyot birlashmasining Ozodlik suhbatlashgan boshqa yaga bir necha xodimi shahar hokimining og‘zaki buyrug‘i bilan har juma obodonlashtirish ishlariga majburlanayotganliklarini tasdiqlashdi.

- Har juma o‘zimizni territoriyani tozalayapmiz. Hokimiyat kasalxona oldida territoriya bo‘lib bergan, shu yerlarni ham tozalaymiz, - dedi Tibbiyot birlashmaning Ozodlik suhbatlashgan mulozimi.

Ozodlik Quvasoy Tibbiyot birlashmasi xodimlarining ushbu shikoyati yuzasidan munosabat olish uchun Quvasoy shahar hokimiyatiga qo‘ng‘iroq qildi.

Hokim yordamchisi Ozodlik savolini eshitgach telefonni qo‘yib qo‘ydi.

Quvasoy shahar Tibbiyot birlashmasi rahbarlaridan biri xodimlar ko‘cha tozalash ishiga olib chiqilayotganini tasdiqladi. Lekin, unga ko‘ra asosan texnik xodimlar o‘z xohishiga ko‘ra olib chiqilmoqda.

Eslatamiz, 17 aprel kuni O‘zbekiston prezidenti matbuot kotibi Komil Allamjonov jurnalistlar uchun brifing o‘tkazib, byudjet xodimlari va talabalarni jamoat ishlariga majburlash taqiqlanishi, bunga yo‘l qo‘yganlarga nisbatan jinoiy javobgarlikkacha bo‘lgan choralar ko‘rilishi mumkinligini aytgandi.

O‘z chiqishida Allamjonov prezident Shavkat Mirziyoevning Samarqandga tashrifi oldidan obodonlashtirishga jalb qilingan o‘qituvchining o‘limiga sabab bo‘lgan mansabdorlar ham javobgarlikka tortilishini ma’lum qilgandi.

Shu yilning 14 mart kuni Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tumanidagi 42-maktab o‘qituvchisi, 23 yoshli Diana Yenekeeva katta yo‘ldagi to‘siqlarni oqlash chog‘ida yuk mashinasi urib ketishi oqibatida vafot etgani haqda Ozodlik xabar bergan edi.

Prokuratura Ma’lumotnomasi

Mazkur maqola e’lon qilinganidan to‘rt kun o‘tib¸ O‘zbekiston Bosh prokuraturasi matbuot xizmati unda tilga olingan muammo yuzasidan o‘tkazilgan tekshiruvi xulosasini Ozodlikka taqdim etdi.

11 iyul kuni yuborilgan "Ma’lumotnoma"da aytilishicha¸ "Farg‘ona viloyati prokuraturasi tomonidan Quvasoy shahar tibbiyot birlashmasining shifokor va hamshiralari shahar hokimining buyrug‘iga asosan obodonlashtirish ishlariga jalb etilganligi to‘g‘risidagi internet xabari mutaxassislar ishtirokida bevosita joyida o‘rganilgan.

"O‘rganishda shahar tibbiyot birlashmasi xodimlari bilan alohida suhbat o‘tkazilib, ularning 50 nafaridan xabarda ko‘rsatilgan holat yuzasidan tushuntirish xatlari olingan.

Xodimlar tushuntirish xatlarida internet xabarida ko‘rsatilgan holatlarni tasdiqlamasdan, shahar hokimi yoki tibbiyot birlashmasi bosh shifokorining buyrug‘iga asosan obodonlashtirish ishlariga jalb etilmaganliklarini bayon qilishgan.

Yuqoridagi holat yuzasidan tushuntirish bergan Quvasoy shahar hokimi A.Ziyaviddinov shaharda ijtimoiy soha xodimlari obodonlashtirish ishlariga jalb etilmaganligini, xabarda ko‘rsatilgan holatdan xabari yo‘qligini bildirgan.

Shuningdek, o‘rganishda maqolaga ilova qilingan suratdagi ko‘rinish shahar tibbiyot birlashmasiga qarashli binolarga to‘g‘ri kelmasligi aniqlangan hamda birlashmada bemorlarni asossiz kuttirish holatlariga yo‘l qo‘yilganligi tasdiqlanmagan"¸ deyiladi 11 iyul kuni yuborilgan prokuratura Ma’lumotnomasida.

(7 iyul kuni chop etilgan bu maqola Bosh Prokuratura Ma’lumotnomasi bilan to‘ldirildi.)

XS
SM
MD
LG