Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 05:10

Tramp NATO sammitidagi ishtirokini achchiq-tirsiq bilan boshladi


AQSh prezidenti Tramp (chapda) NATO bosh kotibi Yens Stoltenberg bilan sammit oldidan so‘rashmoqda. Bryussel, 2018, 11 iyul
AQSh prezidenti Tramp (chapda) NATO bosh kotibi Yens Stoltenberg bilan sammit oldidan so‘rashmoqda. Bryussel, 2018, 11 iyul

Bryusselda 11 iyul kuni NATOga a’zo davlatlar rahbarlarining navbatdagi sammiti boshlandi. Sammit oldidan AQSh prezidenti Donald Tramp NATO a’zolarini keskin tanqid qildi.

Xususan, prezident Germaniyani Rossiya bilan “bir necha milliard dollar qiymatga ega” tabiiy gaz quvurini yotqizishga kelishgani uchun tanqid qilib, ayni damda AQSh bu mamlakatni Rossiyadan himoya qilishini kutishda aybladi.

Oq uy Trampning bu keskin sharhlariga qaramasdan, 11 iyul kuni Germaniya kansleri Angela Merkel bilan yuzma-yuz uchrashishini bildirdi.

Sammit boshlanishidan avval NATO bosh kotibi Yens Stoltenberg bilan nonushta qilgan Tramp Germaniya “butunlay Rossiya boshqaruvi ostida” ekanligini hamda Nord Stream-2 (“Nord Strim-2”) kabi gaz loyihalari sababli “Rossiyaning asiriga” aylanganini ta’kidladi.

- Biz Germaniyani himoya qilib kelyapmiz. Fransiyani himoya qilib kelyapmiz. Hammani himoya qilib kelyapmiz. Bu mamlakatimiz uchun adolatdan emas. Soliq to‘lovchilarimiz uchun adolatdan emas, - dedi prezident.

Tramp NATOni Nord Stream-2 loyihasini qayta ko‘rib chiqishga chorladi. Loyiha Boltiq dengizi orqali Rossiyani Germaniya bilan bog‘lab, Rossiya Germaniyaga sotadigan gaz ko‘lamini ikki barobarga oshirish imkonini beradi.

Vashington va ayrim Yevropa davlatlari loyiha Moskvaning g‘arbdagi ta’sirini oshirishini aytib, unga qarshi chiqib keladi.

Tramp sharhiga javoban Stoltenberg NATO 29 davlatni o‘zi ichiga oluvchi alyans ekanligini, bu davlatlar har-xil bo‘lishlariga qaramasdan, muvaffaqiyatli ravishda hamkorlik qilib kelayotganlarini aytdi.

- O‘ylaymanki, jahon urushlari hamda Sovuq urush bo‘lingandan ko‘ra birga bo‘lganimiz yaxshi ekanligini anglab yetishimizga yordam berdi, - dedi Stoltenberg.

12 iyulda yakunlanadigan NATO sammiti tashkilot tarixidagi eng yirik, ayni paytda eng ehtiroslarga boy yig‘ilish bo‘lishi kutilmoqda.

Sammit arafasida AQSh prezidenti bir necha marotaba NATO a’zolarini mudofaa uchun yetarli darajada mablag‘ sarflamayotganlikda aybladi.

10 iyul kuni Tramp NATOning qolgan 28 a’zosi AQSh alyans uchun sarflagan mablag‘larni “qaytib berishi” kerakligini aytdi.

Prezident, shuningdek, alyansga a’zo qaysi davlatlar o‘z yalpi ichki mahsulotining kamida 2 foizini mudofaaga sarflash majburiyatini bajarayotgani haqida haqiqatga yaqin bo‘lmagan iddaolarni ham aytdi.

NATO hisoblariga ko‘ra, hozirgi sur’atda 15 a’zo davlat 2024 yilgacha o‘z majburiyatini bajara oladi.

NATO rasmiylatiga ko‘ra, alyans 2018 yilda mudofaa xarajatlarini 3,8 foizga oshiradi. Sakkiz a’zo davlat esa yil yakunigacha yalpi ichki mahsulotining kamida 2 foizini mudofaaga sarflaydi.

Nonushta davomida Stoltenberg Tramp NATOga a’zo davlatlarni mudofaa xarajatlarini oshirishga undab kelayotgani samara berayotganini aytdi.

Prezident Tramp nonushtadan avval:

- Men tufayli oxirgi yil ichida taxminan 40 milliard dollar mablag‘ to‘plashdi. Shunday ekan, [NATO] bosh kotibi Trampni xush ko‘radi, deb o‘ylayman. U [meni yoqtirgan] yagona odam bo‘lishi mumkin, ammo men uchun bu muammo emas, - degan edi.

Sammit arafasida Trampning tinimsiz tanqidlariga javoban Yevropa Kengashi prezidenti Donald Tusk AQSh prezidentiga tanbeh berdi.

Tusk Tramp Yevropani o‘z mudofaasiga yetarlicha mablag‘ sarflamayotganlikda ayblab, deyarli har kun tanqid qilib kelayotganini aytar ekan, AQSh prezidentini o‘z hamkorlarining qadriga etishga undadi.

10 iyul kuni Yevropa Ittifoqi hamda NATO o‘rtasida hamkorlik bo‘yicha yangi kelishuv imzolanishi ortidan bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Tusk:

- Prezident Trampga murojaat qilmoqchiman. ... U uzoq paytdan beri Yevropani o‘z nazarida umumiy mudofaa uchun yetarlicha mablag‘ sarflamayotganimiz hamda AQSh hisobiga yashayotganimiz uchun deyarli har kuni tanqid qilib keladi. Hurmatli prezident Tramp, Amerikada Yevropadan yaxshiroq hamkori yo‘q, bo‘lmaydi ham, - dedi.

- Hurmatli Amerika, o‘z hamkorlaringizning qadriga eting. Axir, ular sizda ko‘p emas, - deya qo‘shimcha qildi Tusk.

Ikki kunlik sammit davomida Ukraina mojarosi, Makedoniyaning Gretsiya bilan davlat nomi bo‘yicha kelishuvga erishgani, alyansning Afg‘onistondagi missiyasi va boshqa ko‘plab masalalar ko‘rib chiqilishi kutilmoqda.

XS
SM
MD
LG