Линклар

Шошилинч хабар
18 июл 2018, Тошкент вақти: 21:40

Toshkentdagi oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga kiritish uchun 15 ming dollargacha pora talab qilindi. Dang‘ara hokimi jurnalistlarning tumandagi vaziyatni o‘rganishiga qarshilik qildi. O‘zbekistonda 2017 yili dunyoga kelgan chaqaloqlarning 10 foizi nikohsiz tug‘ilgan, deb qayd etilgan. Joriy hafta matbuot shu kabi voqealar haqida xabar berdi.

_____________________________________________________________

Direktordan dekanga qadar: O‘zbekiston ta’lim tizimi mansabdorlari katta miqdorda pora bilan ushlandi

Joriy yilning birinchi yarmida O‘zbekistonda ta’lim tizimida poraxo‘rlik, firibgarlik, mansab vakolatini suiiste’mol qilish kabi 83 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atildi (“Xalq so‘zi”, 10 iyul). Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar beradi. Jinoyatda gumonlanib qo‘lga olinganlar orasida maktab direktoridan tortib fakultet dekaniga qadar – katta-kichik mansabdorlar bor. Masalan, Yunusobod tumanidagi 247-umumta’lim maktabi direktori S.Tulametova fuqaro S.Almasovadan farzandini 1-sinfga o‘qishga qabul qilish evaziga 500 ming so‘m pora olayotgan vaqtida qo‘lga olingan. Qoraqalpoq davlat universiteti O‘zbek filologiyasi fakultetining dekani X.Abdullaev esa fuqaro Nurimbetovadan o‘qishga kiritib qo‘yish evaziga 4500 AQSh dollari so‘ragan. Dekan poraning bir qismini olayotgan paytda ushlangan.

Shuningdek, bir guruh shaxslar Toshkent pediatriya tibbiyot instituti, Toshkent davlat pedagogika universiteti, Toshkent davlat texnika universiteti va O‘zbekiston Milliy universitetiga o‘qishga kiritib qo‘yish evaziga 8 mingdan15 ming dollargacha pul olayotganda qo‘lga tushirilgan.

Dang‘ara hokimi jurnalistlarning tumandagi vaziyatni o‘rganishiga qarshilik qildi

Farg‘ona viloyati Dang‘ara tumani hokimi “Jamiyat” gazetasi muxbirlarining faoliyatiga to‘sqinlik qildi. Muxbirlar ijtimoiy vaziyatni o‘rganish uchun tumandagi mahallalarni aylanib chiqishni maqsad qilgan. Ammo tuman rahbari jurnalistlarga qo‘pollik qilib, vaziyatni o‘rganishlariga qarshilik qilgan. Holbuki, tumanda ijtimoiy muammolar ko‘p ekani qayd etilgan. “Dang‘ara hokimining to‘pig‘iga suv chiqmasa, boshqalardan natija kutish qiyin”, deb yozadi gazeta. Hokimning jurnalistlarga faoliyatiga to‘sqinlik qilgani yuzasidan biror chora ko‘rilgani ma’lum emas.

O‘zbekistonda 2017 yili dunyoga kelgan chaqaloqlarning 10 foizi nikohsiz tug‘ilgan, deya qayd etildi

2017 yili O‘zbekistonda 19 mingdan ziyod yolg‘iz ona va 60 mingga yaqin otalikni belgilash qayd qilingan. Bu esa jami tug‘ilishlarning 10 foizini tashkil etadi (“Darakchi”, 12 iyul). Adliya vaziri o‘rinbosari Akbar Toshqulovga ko‘ra, ana shu 10 foiz chaqaloqlar ota-onasi noma’lum bo‘lgan shaxslar yoki nikohsiz tug‘ilgan, deb rasmiylashtirilgan. Qayd etilishicha, mamlakatda ajralishlar soni yildan-yilga oshmoqda. 2016 yili 18647 ta ajralish qayd etilgan bo‘lsa, 2017 yilda bu ko‘rsatkich 31390 taga yetgan. Bu esa o‘tgan yili qurilgan har 100 ta oiladan 11 tasi ajrim bilan yakunlandi deganidir. Ajralishlarning 67,4 foiziga o‘zaro kelishmovchilik, 2,8 foiziga xiyonat, 4,7 foiziga farzandsizlik, 3,8 foiziga tomonlardan birining boshqa davlatga chiqib ketgani sabab bo‘lgan.

XS
SM
MD
LG