Линклар

Шошилинч хабар
22 сентябр 2018, Тошкент вақти: 03:01

Huquq faollari: Tojikistonga o‘g‘irlab ketilayotgan o‘zbek muhojiri uchoqda qo‘lini kesdi


Abdushukur Hakimov bir muddat Turkiyada yashagan

Ko‘ngilli sifatida Moskvadagi inson huquqlari tashkiloti ishida ishtirok etib kelayotgan xo‘jandlik Abdushukur Hakimov yaqinlariga jo‘natgan so‘nggi sms-xabarda uni Tojikiston xavfsizlik xizmati xodimlari Moskva ko‘chalaridan birida hibsga olib, uchoqda Dushanbega olib ketayotgani va bunga javoban u qo‘llarini kesganini bildirgan.

2018 yilning 12 iyulida Moskvaning qoq markazida tojikistonlik 30 yashar Abdushukur Hakimov, singlisining iddao qilishicha, noma’lum shaxslar tomonidan hibsga olingan va mashinada Domodedovo aeroporti tomon olib ketilgan.

Bu haqda Ozodlik Radiosiga xabar bergan Mavluda Hakimovaga ko‘ra, soat 18 larda kelgan sms-xabarda Abdushukur aeroportga soat 21 dagi reysga olib ketilayotgani va uni Tojikistonga majburan jo‘natib yuborishayotganini yozganini aytib berdi.

- Abdushukurni Belorusskiy vokzali ko‘chasidan o‘g‘irlab ketishgan. Ayoliga “Meni o‘g‘irlashdi. Domodedovo, 21:00. Tojikistonga”, degan SMS tushgan. Shu bilan telefoni o‘chdi. Domodedovoga borganimda, politsiyachi “Xavotir olmang, u shu yerda! Uni o‘g‘irlashgani yo‘q, bu bo‘lishi mumkin emas!”, deb kulishdi, vaqtni cho‘zishdi.

Uni hukumatimiz ayblashi mumkin, KNB (Tojikiston Milliy xavfsizlik qo‘mitasi – tahr.) deb o‘ylayman. Nimaga deganda, shu KNBdan telefon bo‘lib turardi va “Kelgin, gaplashishimiz kerak”, deb. Oshnalari, bitta-ikkita qo‘shnimiz bo‘lgan sinfdoshlarini IShIDga qo‘shilgan, deb qamab tashlashgan. Ukamni ham shunda ayblashmoqchi. U doim oilasi bilan – rossiyalik ayoli, uchta norasida farzandlari bor. Oxirgi kunlarda qurilishda ishlab kelardi. Samolyotga chiqayotganida menga qo‘ng‘iroq qilib, “Meni yuborishyapti, huquq himoyachilariga xabar qil – men qo‘yvorishadimi, deb qo‘limni kesdim, ammo qo‘yvorishmadi, yordam ham ko‘rsatishmadi, jo‘natishyapti”, dedi, - dedi Tojikiston elchixonasiga ketayotgan paytda Mavluda Hakimova.

Suhbatdosh Tojikistondagi otasining so‘zlariga tayanib, hozirda Abdushukur Dushanbega keltirilgani va Xo‘jandga jo‘natilayotganini aniqlaganini ham qo‘shimcha qildi.

Rossiyada migrantlar huquqlarini himoya qiluvchi huquq faoli Valentina Chupik o‘zining Feysbuk sahifasida tojikistonlik o‘zbek muhojirining taqdiriga oid ma’lumotlarni chop etdi va Tojikistonda Abdushukurga nisbatan qiynoqlar qo‘llanilishi mumkinligini iddao qildi.

Abdushukurning Domodedovo aeroportidan yuborgan oxirgi xabarlari
Abdushukurning Domodedovo aeroportidan yuborgan oxirgi xabarlari

Migrantlar himoyachisi Valentina Chupik Abdushukur anchadan buyon u boshqarayotgan inson haqlari tashkiloti ko‘ngillisi bo‘lib kelgani va uchoqqa chiqayotganida qo‘lini kesgani borasida xabar yuborganini tasdiqladi.

Abdushukurning rafiqasi Xojarxon Hakimova Ozodlik bilan suhbatda Tojikiston maxfiy xizmatlari Abdushukurni Turkiyada va Misrda yashaganini ayb sifatida qo‘yayotganini taxmin qildi.

- Oxirgi yillarda maxsus xizmatlar uning ota-onasiga tinmasdan bosim o‘tkazib, qaytib kelishini talab qilib kelishgan. U hech qanaqa qonunlarni buzmagan bo‘lsa. Biz Turkiyada yashaganmiz – bu jinoyat emasku! Ana o‘shanda boshlangandi o‘zi bosim. Biz Turkiyada va Moskvada bolalar kiyimlarini sotish biznesi bilan shug‘ullanamiz. Men uchta maktab yoshigacha bo‘lgan bola bilan qoldim, kichkinasi yaqinda tug‘ildi. Biz Rossiya grajdanligiga topshirdik, pasport olishini kutayotgandik. Men nima qilishni ham bilmay qoldim! Odamni kuppa-kunduz kuni qanday o‘g‘irlab ketish mumkinmi?! Men hech qachon bunaqasini ko‘rmagandim, dedi ko‘ziga yosh olgan Hojaxon.

Ozodlik Domodedovo aeroporti politsiya bo‘limidan Abdushukur Hakimov soat 0:55-dagi aviareysda Dushanbega yuborilgani tasdig‘ini oldi.

Ta’kidlash joyizki, Rossiya hududida qidiruvda bo‘lganlarni olib ketish bilan asosan O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmati faol shug‘ullanib kelgan. O‘tgan yillar davomida Ozodlik Rossiyadan yashirin tarzda olib ketilgan o‘nlab muhojirlar va qochqinlar haqida xabar bergandi.

Tojikiston maxfiy xizmatlarining qidiruvdagi shaxslarni olib ketishga o‘rinishi holatlari hozirgacha juda kam edi.

Masalan, 2018 yilning may oyida Tojikistonda taniqli imom Sayid Qiyomiddin G‘ozi 25 yillik muddatga qamalgan edi. Davlat tuzumini ag‘darish, xoinlik va milliy-diniy nafrat uyg‘otish kabi qator moddalar bilan ayblangan tojik ruhoniysi ham 2017 yilning noyabrida Sankt-Peterburgda o‘g‘irlanib, yashirincha Dushanbega olib ketilgan edi.

XS
SM
MD
LG