Линклар

Шошилинч хабар
24 апрел 2024, Тошкент вақти: 00:22

Samarqand sobiq hokimi "fosh" qilingan video ko‘rsatildi. Viloyatga yangi hokim tayinlandi


Samarqand viloyati yangi hokimi Erkin Turdimov
Samarqand viloyati yangi hokimi Erkin Turdimov

Xalq deputatlari Samarqand viloyat Kengashining 13 iyul kuni o‘tkazilgan navbatdan tashqari sessiyasida tashkiliy masala ko‘rib chiqildi. Deputatlar Samarqand viloyat hokimligiga O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov tavsiya qilgan Erkinjon Turdimov nomzodini bir ovozdan ma’qullab ovoz berdi. 49 yashar Turdimov 2016 yilning dekabridan buyon Surxondaryo viloyatiga hokimlik qilib kelayotgan edi.

2017 yil 13 iyunidan beri Samarqand viloyat hokimi lavoziimida ishlab kelgan 52 yashar Turobjon Jo‘raev 10 iyul kuni qo‘lga olinib, ustidan jinoiy ish ochilgani haqida Ozodlik xabar bergan edi.

Sessiya ishida qatnashgan deputatlardan birining Ozodlikka aytishicha¸ O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov viloyatda ildiz otgan poraxo‘rlik¸ tanish-bilishchilik¸ qonunsiz qurilishlar haqida tanqidiy fikrlarni aytgan.

Suhbatdoshga ko‘ra¸ sessiya qatnashchilariga¸ sobiq hokimning pora ustida qo‘lga olingani aks etgan video namoyish qilingan.

Mirziyoev maqtagan hokim

Sessiya ishini kuzatayotgan va ismi oshkor qilinmasligini so‘ragan mahalliy deputatning Ozodlikka aytishicha¸ Samarqandning yangi hokimi prezident Mirziyoev maqtoviga sazovor bo‘lgan mulozim:

- Shavkat Mirziyoev raisligida 21 iyun kuni to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb etishga bag‘ishlangan videoselektorda Erkinjon Oqbo‘taevichni viloyatga 70 million dollar investitsiya olib keldi¸ deya boshqalarga o‘rnak qilgan edi. Shunday qobiliyatli va prezident ishonchiga sazovor bo‘lgan kishi Samarqandga rahbar bo‘lganidan mamnunmiz, dedi suhbatdosh.

Erkinjon Turdimov O‘zekiston Oliy Majlisining tashqi aloqalar qo‘mitasi a’zosidir. 1969 yili Samarqand viloyatida tug‘ilgan Turdimov 2016 yilning dekabridan buyon Surxondaryo viloyatiga hokimlik qilib kelayotgan edi. Bundan oldin u Navoiy viloyati hokimi vazifasida ishlagan. 2006 yilda “Mehnat shuhrati” ordeni bilan mukofotlangan.

Xayr-ma’zurni tarmoqda qildi

Samarqand viloyatiga hokim bo‘lib tayinlanishidan bir kun oldin Erkinjon Turdimov o‘zi rahbarlik qilgan surxondaryoliklar bilan xayrlashgan edi.

«Men Surxondaryo xalqidan cheksiz minnatdorman. Bir yilu yetti oy vaqt mobaynida bu voha ahlidan juda ko‘p narsani o‘rgandim. O‘zimni Surxondaryo xalqidan bir umr qarzdor deb hisoblayman.Mana shu davr mobaynida men bilan yelkama-yelka turib xizmat qilgan barcha-barchaga o‘zimning cheksiz cheksiz minnatdorchiligimni bildiraman», — deb yozadi Turdimov «Feysbuk»dagi sahifasida.

Samarqandning sobiq hokimi ustidan nega jinoyat ishi ochildi?

12 iyul kuni bir-biridan mustaqil rasmiylar va tadbirkorlar Ozodlikka Samarqand viloyat hokimi 52 yashar Turobjon Jo‘raev hamda viloyat hokimining sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xo‘jalik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari O‘tkir Abdullaevning 10 iyul kuni qo‘lga olingani haqida xabar berdi.

Shaxsi ochiqlanmasligini so‘ragan respublika huquq tizimi rasmiysi Samarqand hokimi ustidan jinoyat ishi ochilganini tasdiqladi.​

Mahalliy qurilish shirkati rahbari va viloyat hokimligining kapital qurilish bo‘yicha mulozimiga ko‘ra¸ viloyat hokimi va o‘rinbosari Samarqandning YUNESKO himoyasidagi hududida 7 va 9 qavatli uylar qurish uchun qurilish kompaniyalaridan pora olganlikda gumonlanmoqda.

Ozodlik suhbatlashgan mahalliy qurilish shirkati rahbariga ko‘ra¸ “Samarqand qadimiy qismida ko‘p qavatli uy qurgani uchun ustidan jinoiy ish ochilgan tadbirkorlar viloyat hokim va hokimlikning boshqa amaldorlariga qarshi ko‘rsatma bergani ortidan mulozimlar va qurilish shirkati rahbarlari qo‘lga olingan”.

YUNESKO himoyasidagi hududda noqonuniy qurilgan uylar masalasi Umumjahon madaniy merosi qo‘mitasining iyun oyi oxirida o‘tgan yig‘ilishida tilga olingani ortidan O‘zbekiston rahbariyati bu masalaga e’tibor qaratgan edi.

Bosh vazir Abdulla Aripov 23 iyun kungi Samarqandga borib¸ “pora evaziga izn olib shaharning qadimiy qismida qurilgan 7 va 9 qavatli uylarni buzishni buyurgan edi. Bosh vazir buyrug‘idan keyin YUNESKO himoyasidagi Mironshoh ko‘chasida «Afrosiyob Xosiyat Begim makoni» shirkati tarafidan qurilgan 7 qavatli bino buzila boshlandi.

Bino demontajini amalga oshirgan «Umar» shirkati vakili Ozodlik bilan suhbatda Samarqandning YUNESKO himoyasidagi Bo‘stonsaroy, Shohruh, Orzu Mahmudova ko‘chalarida iznsiz qurilgan ko‘p qavatli binolar haqida ma’lumot bergan edi.

Viloyat hokimligining kapital qurilish bo‘yicha mulozimiga ko‘ra¸ ayni binolar masalasi ham 23 iyun kuni Bosh vazir tarafidan ko‘rib chiqilgan va ularni qurgan shirkat rahbarlari ustidan jinoiy ish ochilgan.

Mahalliy qurilish shirkati rahbarining Ozodlikka aytishicha¸ viloyat hokimligida ko‘p-qavatli uylar uchun ruxsat olishning korrupsion sxemasi mavjud.

Ozodlik Samarqanddagi kadr o‘zgarishlari va korrupsiya tekshiruvlari jarayonini kuzatishda davom etadi.

(Bu jarayonga bevosita aloqador bo‘lsangiz¸ bilganlaringizni Ozodlikning Telegram kanaliga yuboring.)

XS
SM
MD
LG