Линклар

Шошилинч хабар
10 май 2024, Тошкент вақти: 16:09

Tramp Britaniya bosh vazirini tanqid qildi, birozdan so‘ng u bilan yaxshi aloqada ekanini aytdi


AQSh prezidenti Donald Tramp Britaniya bosh vaziri Tereza Mey bilan. 2018, 13 iyul.
AQSh prezidenti Donald Tramp Britaniya bosh vaziri Tereza Mey bilan. 2018, 13 iyul.

13 iyul kuni AQSh prezidenti Donald Tramp Britaniya bosh vaziri bilan juda yaxshi aloqada ekanligi to‘g‘risida bayonot berdi. Bungacha AQSh prezidenti Tereza Meyning Breksit rejasini qoralab, bu reja AQSh va Britaniya o‘rtasidagi savdo kelishuviga nuqta qo‘yganini aytib kelayotgan edi.

Bosh vazir Mey bilan rejalashtirilgan tushlikdan bir necha soat avval Tramp Meyning Britaniyani Yevropa Ittifoqidan chiqarish strategiyasini keskin tanqid qilgan edi.

- Agar bunaqa kelishuvga erishadigan bo‘lishsa, Britaniya emas, Yevropa Ittifoqi bilan ish olib boramiz. Shunday ekan, bu savdo kelishuvini chippakka chiqargan bo‘lamiz, - dedi.

Prezident The Sun gazetasiga bergan intervyusida:

- Men umuman boshqacha yo‘l tutgan bo‘lardim. Men Tereza Meyga qanday qilish kerakligini aytdim, ammo u menga quloq solmadi, - dedi.

Tramp, shuningdek, joriy haftada iste’fo bergan tashqi ishlar vaziri Boris Jonsonni olqishladi. Jonson 9 iyul kuni Britaniyaning Evropa Ittifoqidan chiqish jarayonidagi bosh muzokarachisi Devid Devis bilan Breksit bo‘yicha hukumat rejasiga norozilik sifatida iste’foga ketdi.

Hech bir AQSh prezidenti Britaniyaga tashrifi davomida amaldagi bosh vazirni bunday keksin tanqid qilmagan edi.

Ammo ikki yetakchi bosh vazir Meyning shahar tashqarisidagi rasmiy rezidensiyasi bo‘lmish Chekerzda uchrashar ekan, har ikkisi Trampning Breksit munozarasiga aralashuviga katta ahamiyat bermaslikka urindi.

- Biz juda yaxshi aloqadamiz. Bugun savdo va harbiy [hamkorlik] haqida gaplashamiz, - dedi Tramp.

Amerikalik jurnalist Trampdan The Sun gazetasiga bergan intervьyusi davomida aytgan gaplaridan afsuslanishi yoki yo‘qligi haqida so‘raganida, prezident boshqa tarafga qarab, boshini chayqadi.

- Muhokama qilishimiz kerak bo‘lgan masala ko‘p, - dedi

Bosh vazir Mey Tramp bilan AQSh va Britaniya o‘rtasidagi o‘zgacha aloqa hamda savdo hamkorligi bo‘yicha kelishuvni muhokama qilishini aytdi.

Trampning Mey haqidagi keskin sharhlari ortidan Britaniya funt sterlingi yarim foizga arzonlandi.

Britaniya 2019 yilning 29 martida Yevropa Ittifoqidan chiqib ketishni rejalashtirmoqda. Breksit tarafdorlari buning ortidan Britaniya AQSh bilan tig‘iz savdo aloqalarini o‘rnatishiga umid qilib keladi.

Trampning Britaniyaga tashrifi davomida uning siyosatiga qarshi norozilik namoyishlari o‘tkazish rejalashtirilgan. London shahridagi namoyishda 64 mingdan ko‘p kishi ishtirok etish istagini bildirgan.

Britaniyaga safaridan oldin Tramp Bryusselda to‘xtab, NATO sammitida qatnashdi. 16 iyul kuni esa Xelsinkida Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan ko‘rishadi.

XS
SM
MD
LG