Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on shahar ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i lavozimiga podpolkovnik Farhod Jo‘raev tayinlangani to‘g‘risida Ichki ishlar vazirligi rasmiy sayti xabar qildi.
Xabarda bo‘limning endilikda sobiq boshlig‘i Ilyos Abduqahhorov to‘g‘risida hech narsa deyilmagan.
Ozodlikning 4 iyul kuni e’lon qilgan "Kattaqo‘rg‘on militsiya bo‘limiga olib kelingan ayollar qip-yalang‘och qilib tahqirlandi" maqolasidan so‘ng, 5 iyul kuni O‘zbekiston Bosh prokuraturasi o‘z saytida Kattaqo‘rg‘on shahar IIB tezkor vakili San’at Umarov ushlangani va uning ustidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani haqida rasmiy bayonot e’lon qilgan edi.
4 iyul kuni Ozodlikka maxsus yuborilgan videotasvirda o‘zi ko‘rinmayotgan erkak kishi kamera qaratilgan ayolni keskin haqorat bilan kiyimlarini yechib¸ qip-yalang‘och bo‘lishga majburlaydi.
Kadr ortida tasvirga tushmagan yana bir ayolning ayni-do‘q po‘pisa ostida yechinishga majburlanayotgani ovozi eshitiladi.
Ozodlik o‘tkazgan surishtiruv davomida¸ bu voqeaning 3 iyun kuni Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on shahar Ichki ishlar bo‘limining binosida bo‘lgani¸ ayolni qo‘rqituv va bosim bilan yechinishga majburlagan shaxsning esa¸ IIB Jinoyat qidiruv bo‘limi tergovchisi San’at Umarov ekanini aniqlangan.
Samarqand shahar sudi 6 iyulda Kattaqo‘rg‘on shahar IIB jinoyat qidiruv bo‘limi tezkor vakili San’at Umarovga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llanilishi haqida ajrim chiqardi.
Ajrimga ko‘ra, San’at Umarov O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 206-moddasi (hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish) 1-qismi va 235-moddasi (qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llash) 2-qismi "a" bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblangan.
San’at Umarov 1988 yilda Samarqand viloyatining Samarqand tumanida tug‘ilgan, millati o‘zbek, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi, ma’lumoti – oliy, oilali, muqaddam sudlanmagan.
Ozodlikda e’lon qilingan videotasvirdan o‘g‘rilikda gumonlanib, yana bir ayolning militsiya bo‘linmasiga olib kelingani va tasvirga tushmagan ikkinchi ayolning ham kadr ortida tahqirlangani tushuniladi.
Ammo, shu paytgacha O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi va Bosh prokuraturasi ikkinchi ayolning kimligi va uni tahqirlagan militsiya xodimlari haqida hech qanday izoh bergani yo‘q.