Линклар

Шошилинч хабар
20 август 2018, Тошкент вақти: 02:52

Tramp: AQSh-Rossiya munosabatlari “hech qachon bu qadar yomon bo‘lmagan”


AQSh prezidenti Donald Tramp Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashuvi oldidan Moskva bilan aloqalar yomonlashib ketgani uchun aybni tergovga to‘nkadi. Ma’lumki, 2016 yili Tramp g‘olib chiqqan prezident sayloviga Rossiya aralashganiga oid gumonlar ortidan tergov ishlari hamon davom etmoqda.

Tramp 16 iyul kuni Finlyandiya poytaxti Helsinki shahrida Putin bilan yakkama-yakka uchrashuv o‘tkazmoqda. 2010 yil aprelidan beri ikkala mamlakat rahbarlari bunday formatda uchrashmagan edi.

Tramp bilan Putin Helsinkidagi Prezident saroyida biri kunlik sammit o‘tkazadi. Dastlab prezidentlar yakkama-yakka uchrashadi, so‘ngra ularga rasmiy delegatsiya a’zolari ham qo‘shiladi. AQSh davlat kotibi Mayk Pompeo bilan Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov ham muzokara qiladi.

− AQShning ko‘pyillik ahmoqona siyosati va ayni paytdagi ajina ovi sababli Rossiya bilan munosabatlarimiz HECh QAChON bu qadar yomonlashmagan edi, − deb yozdi Tramp Tvitterda 16 iyulda AQSh maxsus prokurori Robert Myuller tergovini nazar tutib.

Rossiya Tashqi ishlar vazirligi Trampning ichki muxoliflarini va AQSh siyosat namoyandalarini munosabatlarni yaxshilashga to‘sqinlik qilishda ayblab chiqdi, shu bilan birga Trampning Tvitterdagi xabarini maqtadi.

Finlyandiya prezidenti Sauli Niinisto bilan nonushta vaqtida Trampning kayfiyati chog‘ edi. Putinga nima demoqchisiz, degan savolga u, “Biz albatta til topishamiz”, deb javob berdi.

“Sammitning aniq kun tartibi yo‘q”

Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov sammit oldidan Rossiyaning RT telekanaliga, Moskva uchrashuv oson bo‘lishini kutmayotganini bildirdi.

‒ Ikki prezidenti albatta Suriya masalasini muhokama qiladi, ‒ dedi Peskov. ‒ Barchamiz Vashington Eron haqida qanday fikrda ekanini bilamiz. Biroq ayni damda Eron bizning savdo-sotiq, iqtisodiy hamkorlik va siyosiy muloqot sohalarida ishonchli sherigimiz hamdir. Binobarin, bu oson fikr almashish bo‘lmaydi”.

Uning fikricha, Rossiya sammit munosabatlardagi tanglikni bartaraf etishdagi “ilk qadam” bo‘lishidan umid qilmoqda. AQShning Rossiyadagi sobiq elchisi Maykl Makfol ham mana shu ehtiyotkorlik bilan aytilayotgan fikrlarni tasdiqlaydi:

‒ To‘g‘risini aytsam, uchrashuv chog‘ida biror masala hal etilishiga ishonmayman. Putin bunga tayyor emas, Tramp esa bunga qanday erishishni bilmaydi. Ikkala prezidentga ham yaxshi bir uchrashuvning o‘zi etarli, deb hisoblayman.

Helsinki sammitiga Qo‘shma Shtatlar siyosiy muhitidagi bo‘linish soya solib turibdi. Myuller Rossiya agentlari bilan 2016 yilgi prezident saylovida qatnashgan Tramp yordamchilarining noqonuniy uchrashuvlariga oid gumonlar tergoviga boshchilik qilmoqda.

13 iyul kuni, ya’ni sammit oldidan AQSh Adliya vazirligi 12 nafar rus razvedka zobitiga AQSh Demokratiya partiyasi elektron tizimlarini buzib kirgan degan ayblovni e’lon qildi. Ular prezident saylovi kampaniyasi vaqtida o‘g‘irlangan elektron pochta xabarlari va boshqa ma’lumotlarni matbuotga sizdirgani aytilmoqda.

Oq Uy 14 iyulda Kongress yetakchi a’zolarining Putin bilan uchrashuvni bekor qilish to‘g‘risidagi da’vatini rad etdi.

Tramp 12 iyul kuni Bryusselda NATO sammitidan so‘ng jurnalistlar bilan uchrashuvida Helsinkidagi muzokaralar o‘zaro aloqalarni yaxshilashiga umid qilayotganini, ammo bu “erkin uchrashuv” bo‘lishini aytdi hamda Putinni do‘st yoki dushman emas, “raqib” deb bilishini ma’lum qildi.

XS
SM
MD
LG