Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 10:51

Tramp Putin bilan uchrashuvidan so‘ng tanqid zarbalari ostida qolib ketdi


Tramp va Putin matbuot anjumani boshlanishi arafasida. Xelsinki, 2018, 16 iyul.
Tramp va Putin matbuot anjumani boshlanishi arafasida. Xelsinki, 2018, 16 iyul.

AQSh prezidenti Donald Tramp Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashgandan so‘ng do‘stlariyu tanqidchilarining birday keskin tanqidiga duchor bo‘ldi. Aksariyat kishilar uning Putinni bag‘riga bosishi AQSh davlat idoralari bilan ittifoqchilarining obro‘sini tushirgani va Qo‘shma Shtatlar qadriyatlariga nisbatan sotqinlik ekanini aytmoqda.

AQSh Vakillar palatasi spikeri, Respublikachilar partiyasining Kongressdagi yetakchisi Pol Rayan 16 iyul kuni Trampning AQSh Adliya vazirligi va razvedka xizmatlari Rossiyaning 2016 yilgi saylovga aralashgani xususidagi xulosalariga shubha bildirishi noto‘g‘ri ish bo‘lganini bildirdi.

‒ Prezident Rossiya bizning ittifoqchimiz emasligini tushunishi kerak. Rossiya Qo‘shma Shtatlarga axloqiy jihatdan teng emas, u bizning eng asosiy qadriyat va ideallarimizga dushmanligicha qolmoqda, ‒ dedi Rayan.

Respublikachilar partiyasidan prezidentlikka nomzod bo‘lgan ikki kishi Trampning Putin bilan uchrashganini qoraladi. Rossiya prezidenti AQSh saylovlariga aralashganini inkor qilib keladi. Tramp Rossiyaning saylovlarga aralashgani tergov qilinayotganini “ajina ovi” deb atadi.

2012 yili Respublikachilar partiyasidan prezidentlikka nomzod bo‘lgan Mitt Romni Trampning xatti-harakatlarini “demokratik printsiplarimiz oldidagi sharmandalik va zararkunandalik” deb atadi. Trampning ishi, dedi u, “milliy yaxlitligimizga putur yetkazadi va global miqyosdagi obro‘mizni to‘kadi”.

2008 yili Respublikachilar partiyasidan prezidentlikka nomzod bo‘lgan Jon MakKeyn Trampning Putin bilan sammitidan so‘nggi matbuot konferensiyasini “men bilgan prezidentlardan birining eng sharmandali nutqi bo‘ldi” deb aytdi va uni “fojeiy xato” deb atadi.

Hatto Trampning eng qalin ittifoqchilari ham uning sammit chog‘ida tutgan pozitsiyasidan hayron bo‘lganini yashirmadi. Ehtimol, uning mana bu gaplari ularga ma’qul kelmagandir:

– Bu – uyat, biz yadro quroli tarqalishi haqida gapiryapmiz, biz Suriya va gumanitar yordam haqida gapiryapmiz, biz har xil narsalar haqida gapiryapmiz, bizga esa “ajina ovi” haqida savol berib o‘tirishibdi. Men mamlakat aholisi bunga ishonadi, deb o‘ylamayman. Lekin jurnalistlar shu ishni qilmasa, tura olmadi. Men Putinni juda kuchli shaxs deb hisoblayman.

Respublikachilar partiyasining Vakillar palatasidagi spikeri Nyut Gingrich sammitni Trampning prezident sifatidagi “eng jiddiy xatosi” deb baholadi. Uning fikricha, ayni xato “zudlik bilan tuzatilishi zarur”.

Tramp a’zosi bo‘lgan Respublikachlar partiyasi uni shu qadar keskin tanqid qilib chiqdiki, Oq Uy 16 iyulda Tramp bir kun keyin qonun chiqaruvchilar bilan uchrashishi e’lon berishga majbur bo‘ldi. Oq Uy matbuot kotibi uchrashuvda kimlar qatnashishini oshkor qilmadi.

Demokratlar Trampni tanqid qilish borasida Respublikachilardan ham oshib tushdi. Ular prezidentni AQShning tarixiy roliga nisbatan sotqinlik qilganlikda aybladi. Tramp Putin bilan o‘zini “xoinlarcha” tutdi va bu impichmentga tortadigan jinoyat bo‘lishi ham mumkin, deb hisoblaydi demokratlar.

Milliy razvedka xizmatining sobiq direktori Jeyms Klepper Trampning Putinga yon berganini “misli ko‘rilmagan tiz cho‘kish” deb aytdi. Ayni damda MRB rahbari Jon Brennan bu holni “xoinlikdan boshqa narsa emas” dedi.

“Putin uni cho‘ntagiga joylab oldi”, deb yozdi Brennan Tvitterda. Unga ko‘ra, Trampning xatti-harakatlarida “og‘ir jinoyatlar va nojo‘ya ishlar alomatlari ko‘zga tashlanadi”. Bu bilan u Trampga qarshi Kongressda impichment boshlanishiga asos borligiga shama qildi.

Sobiq vitse-prezident Jo Bayden Trampning matbuot konferensiyasini prezidentlik “obro‘sini to‘kish” deb atadi.

Trampni faqat bir kishi, senator Rend Pol himoya qilib chiqdi.

‒ Bu kishilar xato qilmoqda, ‒ dedi u “Assoshieyted Press” agentligiga. ‒ Biz muloqotni yaxshilash yo‘llarini qidirishimiz lozim.

XS
SM
MD
LG